O‘zbekiston | 15:23 / 16.01.2021
8796
9 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda xususiylashtirish, yangilanayotgan infratuzilma va iqtisodiy o‘sish drayverlari. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari bilan suhbat

Joriy yil 11 yanvardan boshlab viloyat, shahar-tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari Toshkentda tashkil etilgan seminar-treningga jalb etilgan. Ulardan biri – Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Farhod Umarov Kun.uz’ga intervyu berib, viloyatdagi iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlar, 2021 yildagi reja va maqsadlar haqida gapirib berdi.

– Iqtisodchilar, xususan, sizning sohangiz uchun 2020 yil og‘ir kelgani ta'kidlandi. Siz uchun 2020 yil qanday boshlandi va pandemiya davrida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?

– 2020 yil boshidan ulkan rejalar qilib olgandik, xususan, hududda iqtisodiy o‘sish 105 foizgacha bo‘lishini kutayotgan edik. Afsuski, pandemiya boshlangach, ko‘p rejalarni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Mart oyi oxirida ko‘pgina korxonalar karantin tufayli to‘xtab qoldi. Prezident rahbarligida iqtisodiyot «qo‘l boshqaruvi» rejimiga o‘tdi, taxminan 3-4 oy davomida iqtisodiyotni qayta yuritishga harakat qilindi. Bunga hududlardagi butun iqtisodiy blok hammasi jalb etildi, taxminan avgust oylariga kelib iqtisodiyotni barqaror yuritishni boshladik. Buxoro viloyati misolida aytadigan bo‘lsak, oktyabr oyiga kelib fevral oyidagi bank aylanmasiga chiqishga erishdik. Yil oxirida to‘g‘ri olib borilgan siyosat natijasida iqtisodiyot qayta tiklandi.

– Ko‘rsatkich yil boshida 105 foizga yetishi ko‘zlangan bo‘lsa, yil yakunida qanchani tashkil etgandi?

– Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, hududiy yalpi mahsulotning 101,2 foiz o‘sishi kutilmoqda.

– Bilamiz, Buxoroda ko‘pchilik savdo, hunarmandlik bilan shug‘ullanadi va yirik korxonalar tashkil etadi. Lekin hamma hududlarning o‘ziga xos bo‘lgan muammolari bor. Tadbirkorlarni, pandemiyani hisobga olmaganda ham, nima masalalar qiynab kelmoqda?

– 4 yil oldin tadbirkorlardan so‘rasak, asosiy yetmayotgan narsa pul, mablag‘ va kommunikatsiya masalasi deyishardi. Xabaringiz bor, oxirgi 3-4 yilda kredit, resurs ajratish ko‘lami kengaydi. Yer masalasi auksion orqali hamda kichik va erkin sanoat zonalari tashkil etilib, hal bo‘lmoqda. Xususan, Buxoroning ikkita tumanida ham erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda va deyarli hamma tumanda kamida 2-3 ta kichik sanoat zonasi bor. Joriy yilda ham 70ga yaqin kichik sanoat zonalarini tashkil qilishni reja qilganmiz, ya'ni yer masalasi yechilmoqda. Biroq boshqa tadbirkorlikni rivojlantirishda fuqarolarning bilim va ko‘nikmalari yetishmasligi muammosi ko‘zga tashlanyapti. Tadbirkorlikni rejalashtirib, daromad olishga, hisob-kitob qilishga ko‘nikma yetishmasligi.

– Biroq aksar tadbirkorlar bilan gaplashganimizda aytadiki, birinchi navbatda ularni qonun ustuvorligi, ya'ni mulk daxlsizligi, huquqlar kafolati masalalari ko‘p qiynaydi va infratuzilma joylarga yetkazib kelinmaganligi, joylarda buzilishlar borligi muammo, deydi.

– Haqiqatan, kommunikatsiya yetishmovchiligi bor, lekin bu yerda qaysi nuqtadan qarashga bog‘liq. Masalan, bizning viloyatda Romitan tumanini olsak, kommunikatsiya qilingan hududdan yer taklif qila olamiz. Ayrim kishilarda shunday tushuncha bor: uydan chiqib birdan tadbirkorlik qilmoqchi, ya'ni ishxonasi uyiga yaqin bo‘lishini xohlaydi. Bunday sharoitni yaratish imkoni yo‘q. Sanoat yoki xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun davlat tomonidan auksionga qo‘yib ajratilgan bo‘sh yerlar bor. Aytganimdek, kichik sanoat zonalari orqali shu yerlarni taklif qilyapmiz.

Mulk daxlsizligi bo‘yicha muammolar bor. Oxirgi ikki yilda «snos»lar viloyatda ancha tartibga tushdi. Bugungi kunda «snos»lar prezident qaroriga asosan, viloyatda tashkil etilgan jamg‘armalar orqali moliyalashtirilib, qurilma buzilishidan oldin mulk egasiga uning qiymati to‘lab beriladi. Viloyat jamg‘armasida mablag‘imiz bor, lekin ayni paytda «snos»ga ehtiyojimiz yo‘q.

– Yaqin kunlarda «Sotsial reyester» yalpi ishga tushishi kutilyapti. Buxoroda ushbu reyester ishga tushgach, ikkinchi – kambag‘allikka qarshi kurashish bosqichi boshlanadi. Bu borada rejangiz qanday?

– Tan olish kerak, kambag‘allik bo‘yicha aniq bir mexanizm yo‘q va o‘tgan yil vizual holda kambag‘al aholi qatlamini aniqlab olgan edik, joriy yilda prezident aniq mexanizm ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Birinchidan, kambag‘al qatlamni aniqlab olamiz, ikkinchidan, o‘sha fuqarolarga daromadga ega bo‘lish uchun kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqamiz. Har bir hudud bo‘yicha alohida ishlab chiqiladi, shu yo‘nalishda ishlaymiz. Har bir hudud o‘z imkoniyatlariga ega, masalan, viloyatda ziyoratgohlar joylashgan hududlar, turistlar oqimi ko‘p bo‘lgan hududlarda kambag‘allikni qisqartirishda drayver tarzida turizmdan foydalanish yoki A-«380», M-«37» magistral yo‘llari o‘tgan, bu yo‘llardan juda katta chet el mashinalarining o‘tishini hisobga olib, u yerda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish yoki Shofirkon, Peshku kabi chetda joylashgan tumanlardagi o‘ziga xos xususiyatni hisobga olamiz, masalan, Shofirkon tumani 100 yildan oshiq uzumchilikka ixtisoslashgan bo‘lgan. Lekin oxirgi 10 yillarda uzum ekilgan yerlar foydalanishdan chiqqani bois, ko‘nikmalar unutilgan. Bularni qayta tiklashimiz lozim. Peshku tumanida esa chorvachilik imkoniyati bor, xuddi shunday har bir hududning o‘ziga xos xususiyati bor. Ya'ni drayverlarni aniqlab olganmiz. Ikkinchi masala, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish ya'ni chekka qishloqda misol uchun yangi sanoat korxonasini yaratish imkoniyati yo‘q. Xonadonning o‘zidan tadbirkorlik qilish uchun imkoniyat yaratish mexanizmini qilishimiz kerak. Bu parrandachilik, asalarichilik, issiqxona barpo etish kabi bo‘lishi mumkin.

– Aholi daromadga ega bo‘lishi va ish, mehnat bilan band bo‘lishi yaxshi, biroq ularning farovon mehnatga erishishi uchun ijtimoiy xizmatlar sifati ham kerak. Ya'ni ta'lim, sog‘liqni saqlash, toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojlar qondirilishi kerak. Bu masalaga ham Buxoroda e'tibor qaratiladimi, mablag‘lar ajratilganmi?

– Bugungi kunda viloyatda maktabgacha ta'lim qamrovi 63 foizni tashkil etadi. Biz yuz foiz qamrashga intilishimiz kerak, lekin 2016 yilda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 46 foizni tashkil etgandi. Oxirgi uch yilda mana shu yo‘nalishda davlat tomonidan qilingan ishlar, davlat-xususiy sherikchilik asosida mablag‘ ajratish, oilaviy maktablarni rivojlantirish kabi harakatlar natijasida qamrov 63 foizga yetdi. Asosiy resursimiz bo‘lgan farzandlarimiznig kamolga yetishida maktabgacha ta'limning roli juda katta. 2021 yilda bu ko‘rsatkichni 71 foizga oshirish bo‘yicha ishlar qilyapmiz.

Buxoro viloyati ichimlik suvi bilan ta'minlanish darajasi bo‘yicha eng yomon viloyatlardan biri hisoblanadi. Ichimlik suvi bilan bor-yo‘g‘i 55 foiz aholi ta'minlangan. 15 ming kilometrdan ortiq yo‘llarimiz bo‘lsa, yarmidan ko‘pi yomon ahvolda. Shularni hisobga olib, 2019 yilda prezidentning viloyatga tashrifi davomida shu ikki sohaga xorijiy bank tomonidan 1,3 milliard dollar miqdorida mablag‘ jalb qilinib, shu ishlar tashkil etilishi belgilangan.

O‘tgan yili yo‘nalishlarda ITA (iqtisodiy-texnik asoslar) ishlab chiqilib, 2021 yilda moliyalashtirish ishlari boshlab yuboriladi. Teng ulushda 640 million dollar ichimlik suvi va kanalizatsiya uchun ajratilsa, 670 million dollar yo‘llar uchun ajratiladi. 2025 yilga borib, viloyat 99 foiz ichimlik suvi bilan ta'minlanadi. Barcha shahar, tuman markazlari kanalizatsiya bilan ta'minlanadi va qolgan 8 ming km yo‘ldan, taxminan 5 ming kilometri to‘liq ta'mirlanadi.

– 2021 yilda  juda ko‘p maqsadlar qo‘yildi, eng ahamiyatlisi, xususiylashtirish masalasidir. Buxoroda bu yil xususiylashtirish masalasida qanday yangiliklar kutilmoqda?

– 2020 yil 27 oktyabrda prezidentning tegishli farmoni e'lon qilindi. Bu hujjatning maqsad-mohiyati iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va xususiylashtirishga bag‘ishlangan. Shunga ko‘ra, 2021 yil davomida viloyatda 51ta davlat ishtiroki mavjud bo‘lgan korxonalar aktivlari xususiylashtirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, viloyatdagi 22ta bozor va savdo komplekslari xususiylashtirishga tayyorlanadi. Bularning ichida binolar, davlat ulushlari, tadbirkorlarga, investorlarga tegishli bo‘lgan binolar ham bor.

Misol uchun faoliyatini 2000 yillarda to‘xtatgan yirik poyabzal ishlab chiqarish fabrikasi bor, hududi 3 gektar bo‘lgan sanoat yeri bilan savdoga chiqarilmoqda. Iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish juda muhim, investorlarga doimiy ravishda takliflarimiz mavjud.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid