O‘zbekiston | 13:43 / 17.01.2021
45225
7 daqiqa o‘qiladi

Professor Baxtiyor Mengliyev oliy ta'limga oid 10ta taklif bilan chiqdi

Hukumat ko‘rayotgan choralarga qaramay, O‘zbekistonda oliy ta'lim hanuz depsinishdan chiqib keta olmayapti, deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Baxtiyor Mengliyev.

Professor Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida sohadagi muammolar yechimi yuzasidan o‘z takliflarini ilgari suradi.

1. Talabalarga erkinlik berish kerak. Ulardan davomat va forma talab qilish amaliyotini bekor qilish zarur

Bugungi kunda ta'lim sifati emas, darsda qatnashish majburiyati birinchi o‘ringa chiqarib qo‘yilgan.

Bu – salohiyatsiz o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlamasliklariga, talabalarning vaqtlarini besamar o‘tkazishlariga sabab bo‘lmoqda. Bir xil forma talabalar zehniyati o‘sishiga ham salbiy ta'sir qiladi va kiyinish masalasi, arzimasa-da, ma'naviyatning bosh muammosiga aylanib qolmoqda.

2. OTM professor-o‘qituvchilariga erkinlik berish kerak

Ayonki, aksariyat OTMlarda professor-o‘qituvchilar, hatto doktorantlar uchun ham, soat 8–9dan 17gacha ishxonada bo‘lishdek noqonuniy talab hanuz saqlanib qolmoqda.

Vaholanki, OTM professor-o‘qituvchilari qonunan vaqtbay emas, ishbay shaklida faoliyat ko‘rsatishadi. Bu ularning o‘z ustida ishlashlariga salbiy ta'sir qilmoqda.

Doktorantlarning ishxonada kun o‘tkazishi ularning ilmiy rejalarini bajarishlariga monelik qiladi. Erkinlik darsni tashkil etish masalalarini ham qamrab olishi kerak.

3. Oliy ta'limda ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechib, raqamli boshqaruv tizimini takomillashtirish kerak

Ortiqcha qog‘ozbozlik ishning ko‘lami va sifatini «xaspo‘shlab», xodimlarni va muassasalarni ishlayotgandek ko‘rsatishgagina xizmat qilmoqda.

Rahbarlar va professor-o‘qituvchilar qog‘ozbozlikka o‘ralashib qolib, o‘zlarini ham, jamiyatni ham aldashmoqda.

O‘qituvchilar bir belgini 4–5 turdagi qog‘ozda aks ettirishga majbur bo‘lishmoqda. Masalan, dars mavzusi elektron jurnalda, moodle platformasida, guruh jurnalida, kalendar rejada aks ettiriladi. Ba'zan kafedra jurnalida ham qayd etish talab qilinadi. Aynan dars jarayonida talabalarni baholashda elektron jurnal bilan ishlash uchun sharoit yaratilishi lozim.

4. OTM professor-o‘qituvchilarini davlat mukofotlariga tavsiya etish tizimini yaratish zarur

Oliy ta'lim professor-o‘qituvchilari davlat mukofotlariga negadir maktab o‘qituvchilariga qaraganda kamroq tavsiya etiladi. Holbuki, ular orasida fidoyi ustozlar juda ko‘p.

Bugungi kunda tavsiyalar faqat «rahbariyatga ma'qullik» mezoni asosida olib borilmoqda. Professor-o‘qituvchining ilmiy, pedagogik salohiyati, ustozlik martabasi kamdan-kam hollarda inobatga olinadi.

Masalan, bugungi kunda har ikki xonandadan biri «xizmat ko‘rsatgan artist» unvoniga ega, biroq «xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi» unvoni sanoqli OTM o‘qituvchilarga berilgan. Boz ustiga, yoshlarga umuman saboq bermagan kishilar ham bu unvonga sazovor.

«O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» unvonini joriy qilish zarur. Shuningdek, OTM professor-o‘qituvchilarini davlat mukofotlariga tavsiya etishning mukammal mezonlari va mexanizmi yaratilishi lozim.

5. OTMlarda majburiy mehnatni bekor qilish zarur

OTM professor-o‘qituvchilari yuklamalariga kiritilmagan juda ko‘p ishlarni bajarishga majbur bo‘lishmoqda. Xususan, o‘qituvchi zimmasiga yuklatilgan, lekin maosh to‘lanmaydigan katta ko‘lamdagi mustaqil ta'lim soatlari shular jumlasidan.

6. Mamlakat miqyosida OTMlar o‘qituvchilari va talabalarining almashinuvini ta'minlash lozim

O‘qituvchilar va talabalar o‘z OTMlari qobig‘iga o‘ralib qolgan. Turli oliy o‘quv yurtlarida fanning har xil sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassislar bor. Ular – mamlakatning umumiy intellektual «mulki». Bu salohiyatdan barcha universitetlarning istagan talabasi bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishi, uning qonuniy mexanizmi ishlab chiqilishi, qulay shart-sharoit yaratilishi lozim.

7. OTM professor-o‘qituvchilarining jahon oliy ta'limi tajribalarini o‘rganishlari uchun qulay sharoit yaratish va bu tizimni byurokratik to‘siqlardan xalos qilish lozim

Ilg‘or xorijiy tajribalarni tizimli va maqsadli o‘rganish uchun muhit va sharoit zarur. Hozir ko‘plab OTMlarda bu holatda ham «rahbariyatga ma'qullik» mezoni amal qilmoqda.

Salohiyatli kadrlar qolib, o‘z fanini tuzuk-quruq egallamagan o‘qituvchilar xorij o‘quv yurtlariga yuborilishi tez-tez kuzatilmoqda.

8. OTMlarda barcha rahbarlik lavozimlariga tayinlovning erkin saylov tizimini joriy qilish kerak

Ta'lim tizimidagi rahbarlar – o‘quv jarayonining lokomotivi. Ular jamoaning boshini qovushtirib, ta'lim sifatini ta'minlashi – muhim omil. Ta'lim ham jamoaviy jarayon va tizim. Bugungi kunda OTMlarda rahbarlarning tayinlovida jamoaning fikri inobatga olinmaydi.

Kafedra mudirini kafedra a'zolari, fakultet dekanini fakultet jamoasi (professor-o‘qituvchilar va talabalar), rektorni universitet jamoasi saylashi kerak. OTMlarning tanish-bilishchilikka asoslangan amaldagi kengashlari bu vazifani adolatli bajara olmayapti va u bir qadar eskirdi.

9. Xususiy OTMlarga tezroq keng yo‘l berish kerak

Bozorning harakatlantiruvchi kuchi – raqobatga asoslangan talab va taklif omilidir. Biroq hozirgi oliy ta'lim raqobatsiz, eskirgan sotsialistik talablar asosida – «mahsuloti»ning sifatiga javobgarlik his etilmaydigan tutumlar asosida ishlamoqda.

Bu muammo oliy ta'lim berishdagi raqobatni ta'minlaydigan nodavlat ta'lim muassasalarini yo‘lga qo‘yish asosida hal etiladi. Chunki davlat ta'lim muassasalari tayyorlanayotgan kadrlarning sifatidan manfaatdor emasligi – oliy ta'limdagi eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lib qolmoqda.

10. Birinchi kurs talabalarini oliy ta'lim o‘quv jarayoniga ma'lum muddat (kamida bir necha hafta) tizimli moslashtirish zarur.

Ma'lum bo‘lyaptiki, birinchi kurs talabalari oliy ta'lim sistemasini stixiyali o‘zlashtirmoqda. Ular institut, universitet, akademiya, kafedra, kredit-modul, ma'ruza, seminar, amaliy mashg‘ulot kabi zarur tushunchalarning mohiyati va mazmunini bilishmaydi.

Baxtiyor Mengliyev,
Tosh
kent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori

Mavzuga oid