Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Avvalgilarga o‘xshamas». Manchestercha paradokslar haqida
Qariyb uch yildan keyin birinchi marta APL turnir jadvali karvonboshiligi Manchesterning ikki jamoasiga nasib qilib turibdi. Bunday holat oxirgi marta Joze Mourinoning «Old Trafford»dagi ikkinchi mavsumida kuzatilgandi. Ammo o‘shanda «shaharliklar» katta farq bilan oldinda yurgan, «Yunayted» faqat 2-o‘rin uchun boshqalar bilan kurashgan bo‘lsa, hozir vaziyat biroz boshqacha.
Aftidan Angliyada chempionlik poygasi ikki emas, ko‘proq jamoa o‘rtasida va mavsum oxirigacha davom etadigan ko‘rinadi.
Pandemiya bilan bog‘liq o‘zgarishlar, tomoshabinlarsiz stadionlar, taqvim zichligi, futbolchilarning virusga chalinishlari va hokazo omillar shundoq ham turnirda yanada tushunarsiz, kutilmagan natijalarga boy qilib qo‘yishi shubhasiz. Ammo bundan tashqari ham bir qator paradoksal holatlar borki, jamoalarning o‘zi ham biz odatda ko‘rishga o‘rganmagan holatda namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, mana shu ikki Manchester klubi ham avvalgi musobaqalardan biroz farqli uslublar, qadriyatlar va yechimlarga murojaat qilayotgani chindan ham qiziq. Farqlar futbolchilarning sport formasi yoki kutilmaganda paydo bo‘lgan yulduzlar bilan emas, aynan murabbiylarning ishlarida ko‘rinadi.
Sulsher va pozitsion hujumlar
Biz doim o‘qib, eshitib kelganimiz bir stereotip bor – Sulsher quyi blokda himoyalanadigan jamoalarga qarshi o‘ynay olmaydi. Uning jamoasi ko‘proq qarshi hujumlarga tayanib, kengroq zonalarda samarali harakat qiladi. Reshford, Marsiyal kabi hujumchilar aynan qarshi hujumlarda o‘zlarini yaxshi ko‘rsatadilar, shuning uchun ham «Yunayted» top-o‘yinlarda muvaffaqiyatliroq.
To‘g‘ri, buni inkor qilish qiyin, jamoaning hujum qilish uslubi va Sulsher davridagi top-o‘yinlar (bu borada «Yunayted» eng yaxshi natija qayd etgandi) yuqoridagi farazlarni asoslagan.
Ammo ushbu mavsumda yuzaga chiqqan yana bir faktni o‘rtaga tashlaylik – «Yunayted» «kuchli oltilik» jamoalariga qarshi 5 o‘yinda uch durang va ikki mag‘lubiyatga uchradi. «Chelsi», «Siti» va «Liverpul»ga qarshi o‘yinlar golsiz durang bilan, «Arsenal» bilan o‘yinda minimal mag‘lubiyat (0:1) va «Tottenhem»dan o‘sha 1:6. Besh o‘yinda atigi 1 gol urilgan – u ham penaltidan. Ushbu mavsumda «Yunayted»ning o‘sha biz bilgan katta o‘yinlar jamoasi sifatida yana eslatgan yagona uchrashuv – YeChL guruh bosqichida Parijdagi o‘yin. O‘shanda rostan ham biz o‘tgan yilgi, reja bo‘yicha ishlangan jamoani va g‘alabani ko‘rdik, xolos.
Davomi ham bor: «Manchester Yunayted» «kuchli oltilik»dan tashqari boshqa jamoalarga qarshi 13 o‘yinning 11tasida g‘alaba qozongan. «Lester» bilan durang (qaysidir ma'noda top raqib) va «Kristal Pelas»dan 1-turdagi mag‘lubiyatdan tashqari hamma o‘yinlarda «Yunayted» g‘alaba qozongan. Agar londonliklar bilan o‘yinda «MYu» uchun mavsumning ilk rasmiy bahsi ekanidan, yaxshi formada bo‘lmaganini e'tiborga olsak, jamoa pastki jamoalarga qarshi o‘yinlarda deyarli yuz foizlik natija ko‘rsata olgan. Aynan shu tufayli manchesterliklar hozirda turnir jadvalida yetakchi bo‘lib turishibdi. Kutilmagan holat, to‘g‘rimi?
Aslida, Sulsher shogirdlarining pozitsion o‘yinlardagi kamchiligi yoki quyi blokka qarshi hech narsa qila olmasligi haqidagi fikrlarni quvvatlovchi natijalarning boshqa obektiv sabablari ham bor. Masalan, esingizda bo‘lsa, Sulsher ilk bor boshqaruvga kelganida, «Yunayted» 11 uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyani amalga oshirgandi. O‘shanda ham asosan kuchsiz raqiblar bo‘lgan, Sulsherda bunday jamoalarga qarshi muammo bo‘lmagandi.
Keyinchalik, o‘sha seriyada eng samarali o‘ynagan Pogba jarohat oldi va «MYu»ning natijalari yomonlashdi. Pogbaning tarkibdan chetda qolishi o‘tgan mavsumda ham davom etdi. To Bruno Fernandesh kelib, o‘yindagi kreativlikni o‘z qo‘liga olmaguncha, «Yunayted» muammoli jamoa bo‘lib qolaverdi. Top-raqiblarga qarshi o‘yinlarda esa, rostan ham jamoa qarshi hujumga, Reshford yoki Jyeymsning tezligiga ishonishga majbur qolardi.
Bu Sulsherning aqli yetgan yagona qurol bo‘lganidan emas, boshqa iloj ham yo‘qligidan. Murabbiy Bruno timsolida kreativ futbolchiga ega bo‘ldi, Pogba qaytdi, natijada «Manchester Yunayted» aynan kuchsizroq jamoalarga qarshi o‘zini qulay his qilishda davom etmoqda. Yuqorida tilga olingan «Kristal Pelas» Fernandesh kelganidan buyon, «Yunayted»ni mag‘lub etgan yagona o‘rtamiyona jamoadir.
Demak, endi «Manchester Yunayted»dan faqat top-o‘yinlarda yaxshi o‘ynab, ko‘pincha autsayder bilan qiynaladigan jamoa statusini olib qo‘yaverish kerak. Aksincha.
Himoyada ishonchli Gvardiola
Odatda, Pep Gvardiola haddan tashqari ko‘p e'tiborini hujumga qaratadi. Bu uning jamoalari o‘yinini juda tomoshabop va hujumkor qilsa-da, ko‘p marta pand yeyilganini ham ko‘rganmiz. Manchesterda murabbiy har yili ikki mahal qimmatbaho himoyachilarni sotib olishda davom etgan bo‘lsa-da, baribir urg‘u yuqori pressing va hujumlarga qaratilar, ayniqsa, Vensan Kompanining ketishi, himoya markazida doimiy tandemning yo‘qligi «Siti»ning juda ko‘p kerakmas gollarni o‘tkazib yuborishiga olib kelardi. Hujumdagi yuqori samaradorlik bu muammoni imkon qadar yopar va «Siti» «qo‘ldan kelgancha uring, biz xohlaganimizcha uramiz» iborasini shior qilib olgandek edi.
Insayderlarning aytishicha, aslida Pep bundan ham «tentakroq», hujum borasida radikalroq bo‘lgan. Faqat ingliz futboliga begona bo‘lmagan Artetaning ta'siri Pepni ko‘p keskin qarorlardan qaytarib turgan. Artetaning «Arsenal»ga ketishi va endi Pepga yordamchi sifatida uning sobiq ustozi, yanada «tentakroq» bo‘lgan Xuanma Liloning kelishi yangi mavsumda butunlay boshqacha «Manchester Siti»ni namoyish qilishi kerakdek edi. Hozir esa...
«Manchester Siti» APLda 17 o‘yinda atigi 29 gol urdi. Bu ligada 8-ko‘rsatkich, shunaqasini ko‘rganmisiz ilgari? Bir o‘yinda o‘rtacha 1.70 goldan to‘g‘ri keladi. Bu ham oxirgi turda «Kristal Pelas»ga urilgan 4 gol tufayli, oldinroq bu ko‘rsatkich 1.56ga teng edi.
Pepning oldingi to‘rt mavsumida bu ko‘rsatkich 2dan pastga tushmagan. O‘tgan mavsumda 2.68, undan oldin 2.50, oldingisida 2.78 bo‘lgandi. Hatto Pepning eng omadsiz hisoblangan ilk mavsumida ham «Siti» o‘rtacha 2.10 ko‘rsatkichni qayd etgan.
Joriy mavsumda «Manchester Siti»ning ligada eng ko‘p gol urgan futbolchisi Rahim Sterling, uning hisobida 5 gol bor. Autsayder va mavsumda faqat bir g‘alabaga erishgan «Sheffild» to‘purari Devid Makgoldrik hisobida ham shuncha. Tasavvur qiling, hatto «Aston Villa», «Sauthempton», «Nyukasl», «Brayton» kabi jamoalarning to‘purarlari hisobida ko‘proq gol bor.
Gap faqat «Siti» kam gol urayotganida emas, bu muammoga Pep Gvardiolaning yechimi qanday bo‘layotganida. Aytaylik, samaradorlik pasayishining ko‘rinib turgan sabablari bor – Aguero anchadan beri yo jarohatda, yo formada emas, Jyezus eng tig‘iz so‘nggi oylarda virusdan davolandi. Tarkibda birorta ham hujumchi qolmagach, albatta, gollar kamayishi turgan gap. Ammo Gvardiola hozir ochiq transferlar oynasida turgan bo‘lsa-da, Agueroga o‘rinbosar yoki Jyezusga raqobatchi qidirishni o‘ylamayapti ham. Endi yechimga boshqa yo‘ldan borilmoqda – himoyada ishonchli o‘ynash.
Mavzuning ikkinchi qismiga kelamiz. Mavsum boshida «Manchester Siti» «Lester»dan 2:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘sha besh goldan so‘ng, keyingi 15 o‘yinda jamoa atigi 7 marta gol o‘tkazib yubordi, 9 o‘yinda o‘z darvozasini daxlsiz saqladi. Barcha musobaqalarda oxirgi 8 o‘yinda atigi 2 gol qo‘yib yuborildi. Biri «Arsenal»dan 4:1 hisobida yutilgan kubok o‘yinida, ikkinchisi «Chelsi»ni 3:0 yutayotib, so‘nggi daqiqalarda. Ya'ni bugungi «Manchester Siti»ga gol urish juda qiyin bo‘lib ketdi, ayniqsa, Stounz – Diash juftligi haqiqiy qo‘rg‘onga aylandi. Gap faqat alohida nomlarning individual harakatlarida emas, umuman, «Manchester Siti» pressing zonasini biroz orqaga surdi, ayniqsa, top-o‘yinlarda ancha ehtiyotkor o‘ynay boshladi. Qaysidir ma'noda «Lester» va «Tottenhem»ga qarshi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizliklar Gvardiolani konspektlarini qayta ko‘rib chiqishga undagandir.
Ishonchli himoya albatta, «Manchester Siti»ni jiddiy kuchga va APL peshqadamiga aylantirdi. Ayniqsa, masofaviy turnirlarda bu muhim. Himoyadagi ishonchli o‘yin raqibning imkoniyatini ikki barobar pasaytiradi. Avvallari o‘tkazib yuboriladigan keraksiz gollar raqib jamoaga ishonch va umid berib, oqibatda «Siti» ochkolar yo‘qotgan bo‘lsa, hozir unday emas. Himoya yaxshi ushlansa, albatta, De Bryuyne va sheriklari oldinda kerakli gollarni urish imkoniyatini topishlariga shubha yo‘q.
Lekin masalaning boshqa tomoni shundaki, alohida o‘yinlarda, aytaylik Chempionlar Ligasidagi kuchli raqiblar bilan muhim bahslarda ishonchli to‘p sura olish uchun doimiy to‘purar futbolchi zarur. Bu masala hali yechilmayotgani yakunda «Manchester Siti»ga pand berishi ham mumkin. Balkim YeChLdagi mag‘lubiyatlarida («Monako», «Tottenhem», «Liverpul», «Lion») aynan himoyadagi xatolardan aziyat chekkan Pep Gvardiola bu safar boshqa yo‘ldan bormoqchidir?
Q.Aslanov
Mavzuga oid
12:05 / 22.05.2025
«Tottenhem» finalda «MYu»dan ustun keldi va mavsumni qutqarib qoldi
15:13 / 21.05.2025
«MYu» yoki «Tottenhem»: ikkinchi darajali yevrokubok kimga ko‘proq kerak?
18:52 / 01.05.2025
«To‘rt og‘ayni botirlar». Yevropa ligasi yarimfinallari oldidan
11:41 / 18.04.2025