O‘zbekiston | 21:42 / 18.01.2021
18387
9 daqiqa o‘qiladi

Nega ayrim davlat xaridlari xalq e’tiroziga sabab bo‘lyapti? Deputat G‘aniyev tizimdagi muammolar va yechimlar haqida gapirdi

2020 yilda jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan muammolardan biri – davlat xaridlari masalasi. Shu bois, yangi tahrirdagi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi parlament tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Hujjatda joriy yilgi tenderlar onlayn va shaffof tarzda o‘tkazilishi belgilanyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida davlat xaridlari tizimidagi muammo va kamchiliklar, ularning yechimi yuzasidan qilinayotgan ishlar haqida fikr va mulohazalarini bildirdi.

Deputat Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, endilikda xarid qoidalarini buzgan shaxslarga javobgarlik choralari qo‘llaniladi. Tizimda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha bir qator mexanizmlar yo‘lga qo‘yiladi. Quyida u tomondan bildirilgan fikrlar ixchamlashtirilgan holda taqdim etiladi.

Davlat xaridlari aholi e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda

2020 yilda jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan muammolardan biri, bu bevosita davlat xaridlari masalasi bo‘ldi. Nafaqat davlat korxonalari, balki davlat ulushi bo‘lgan yirik korporativ korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan davlat xaridlari ustidan ochiq – shaffof jamoatchilik nazoratini o‘rnatish davr talabiga aylanyapti.

Bu bir tomondan amaldagi tizimda – qonunchilikda kamchiliklar borligini anglatsa, ikkinchidan tomondan, bizning jamoatchilik ham rivojlanayotgan demokratik davlatlar kabi o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirayotganini ko‘rsatadi. Bu, albatta, quvonarli.

Endi to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat xaridlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, davlatimiz rahbari murojaatnomada bundan buyon davlat xaridlari jamoatchilik va parlament nazoratida bo‘lishiga e’tibor qaratdi. Bu yerda ikki narsaga: jamoatchilik va parlamentga urg‘u berilyapti.

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri nima uchun kerak?

Shu kunlarda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrir loyihasi Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Biz bunda davlat rahbari tomonidan alohida belgilangan vazifalarni aks ettirishga harakat qilmoqdamiz. Jamoatchilik nazorati nuqtayi nazaridan qonun loyihasida Moliya vazirligi huzurida maxsus veb-portal ochish ko‘zda tutilyapti.

Barcha davlat xaridlari, jumladan, korporativ xaridlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar ushbu veb-portalda jamlanadi, tahlil qilinadi va to‘liq, ochiq shaklda jamoatchilikka taqdim etiladi.

Biz yangi qonun loyihasi bilan tizimga shunday talab qo‘ymoqdamizki, endi bu portalda hamma ma’lumot avtomatik tarzda tahlil qilinib, jamoatchilikka oshkora ko‘rsatiladi.

Ikkinchi masala – parlament nazorati. Qonunda bundan buyon barcha davlat xaridlari va korporativ xaridlar ustidan hisob palatasi tomonidan yillik audit o‘tkazishni aks ettirishga harakat qilyapmiz. O‘tkazilgan auditning natijalari belgilangan tartibda Oliy Majlis palatalari, asosan, Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Endi jamoatchilik davlat xaridlari tizimidagi katta «o‘yinchilar»ni nazorat qiladi

24ta strategik korxona bor. Ular davlat ulushi bo‘lgan «Havo yo‘llari», «O‘zavtomotors», «Temir yo‘llar» va boshqalar. Bularni davlat xaridlari tizimidagi eng katta «o‘yinchilar» desak bo‘ladi. Chunki o‘sha 24ta strategik korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar jami davlat xaridlarining deyarli yarmini tashkil etadi. Bu juda katta summa. Taxminan 50 trillion so‘m atrofidagi mablag‘ degani.

Mazkur 24ta korxona xaridlarining qonunchilik asosida amalga oshirilishi tadbirkorlarimizga juda katta imkoniyat beradi. Chunki bu yirik bozor. Mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash nuqtayi nazaridan, ularning biznesini rivojlantirish borasida katta imkoniyat taqdim etadi.

Ikkinchidan, hozir taxminan 5-6 foizga yaqin tadbirkorlik sub’yektlari davlat xaridlarida ishtirok etayotgani amaldagi achinarli holatlardan biri. Buning sabablari ular ochiq emasligi, strategik korxonalar o‘zining xaridlarini davlat xaridlari to‘g‘risidagi tartib asosida amalga oshirmasligi va tender jarayonlarini elektron tarzda emas, balki o‘sha eski an’anaviy usulda tanish-bilish orqali amalga oshirishi tadbirkorlarimizga erkin raqobat imkoniyatini yaratmayotgan edi.

Barcha davlat xaridlarini elektron amalga oshirish majburiy bo‘ladi

Barcha davlat xaridlarini elektron tarzda amalga oshirishni belgilayapmiz. Shu yil 1 sentyabrdan bu majburiy tarzda bo‘ladi, ungacha ixtiyoriy.

Eng muhimi, 2021 yilda biz barcha davlat xaridlarini elektron tarzda amalga oshirishni majburiy tarzda belgilaymiz. Ya’ni bundan buyon an’anaviy tarzda kelishib, keyin tenderni o‘tkazishlar bo‘lmaydi. Barcha tenderlar, barcha tanlovlar, har qanday xarid turi portal orqali jamoatchilikka elektron tarzda e’lon qilinadi.

Bunda barcha tadbirkorlarga jarayonda ishtirok etish va xabardor bo‘lish imkoniyati paydo bo‘ladi. Hammasi shaffof kechadi.

Ikkinchi yo‘nalishdagi davlat xaridlari, asosan, O‘zbekiston tovar-xomashyo birjaci nazorati ostida boshqariladigan platformada amalga oshiriladi.

Bunda faqatgina mazkur platformaga a’zo bo‘lgan, shundan foydalanadigan tadbirkorlargina o‘zining mahsulotlarini taqdim eta olyapti, xolos. Bu raqobatni cheklayapti. Biz yangi qonunda shuning ham oldini olishga harakat qilyapmiz.

Bundan buyon elektron tizim operatorlari soni cheklanmagan bo‘ladi. Har qanaqa elektron tizim operatori «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunda qo‘yilgan talablarga javob bersa, o‘sha markazlashgan maxsus portalga ulanishi, o‘zining platformasida tadbirkorlarni jalb qilgan holda mahsulotlarini davlat va korporativ buyurtmachilarga taqdim etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Tizimda korrupsion holatlar qanday bartaraf etiladi?

Korrupsion holatlarni bartaraf etishda eng muhim choralardan biri davlat xaridlarining elektron tarzda amalga oshirilishidir. Bu juda ham katta ahamiyatga ega.

Endi tanish-bilish orqali an’anaviy tarzda emas, balki hamma xaridlar portal orqali e’lon qilinadi. Istalgan jamoatchilik – fuqaro yoki OAV vakillari bo‘ladimi bu jarayon ustidan nazorat o‘rnatishlari mumkin. Hamma xarid jarayonlari maxsus portalda jamoatchilikka ko‘rsatiladi.

Maxsus portal Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlaydi. Ya’ni bunda rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqilyapti.

Yana bir yo‘nalish, qonunda ko‘plab xaridlarda kelib chiqayotgan manfaatlar to‘qnashuvi masalasiga yechim kiritishga harakat qilyapmiz. Afsuski, bunga hozirgi qonunchiligimizda javobgarlik belgilanmagan. Ya’ni bu katta bir «minus» bo‘lyapti.

Biz yangi qonunda tegishli tartibda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartirish kirityapmiz. Xarid tartiblarini buzgan mansabdor shaxslarga belgilangan tartibda BHMning 10 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qonunga benefitsiar mulkdor tushunchasini kirityapmiz. Bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi yoki affillangan shaxs manfaatlarining oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida ishtirok etayotgan tadbirkorlik sub’yektidan benefitsiar mulkdorni ya’ni bevosita tadbirkorlik sub’yektining haqiqiy egasini yoki uning qarorlariga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan affillangan shaxsni oshkor qilish tizimini majburiy tartibda belgilayapmiz.

An’anaviy tartibda deylik 3ta korxona tenderda ishtirok etadi. Holbuki, uchala korxonaning ham haqiqiy egasi bitta inson bo‘lishi mumkin. Belgilangan qonunda buni taqiqlaydigan hech qanday bir norma yo‘q edi.

Endilikda yangi qonun bilan har qanday tadbirkorlik sub’yekti o‘zining benefitsiar mulkdorini ma’lum qiladi. Natijada, jamoatchilik portal orqali haqiqiy tadbirkorlik sub’yektlarining haqiqiy egasi kimligini va ularga tegishli yana qanday korxonalar tender jarayonlarida, davlat xaridlarida ishtirok etayotganini bevosita onlayn tarzda kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avvalroq moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov O‘zbekistonda qog‘ozdagi tenderlar erasi tugaganini, 2021 yilgi tenderlar onlayn bo‘lishini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangani xabar berilgan.

Mavzuga oid