Jahon | 23:39 / 19.01.2021
8843
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi emlashdan keyin yuz nervi falaji kuzatilishi mumkin - mutaxassis

Koronavirusga qarshi emlanganlarda yuz nervining falajlanishi yuz berishi ehtimoli mavjud, biroq bunday ikkilamchi ta'sir vaqtincha davom etadi. Bu haqda amerikalik olima, biologiya fanlari doktori Ancha Baranova ma'lum qildi. 

Foto: RIA Novosti

Avvalroq Isroilda koronavirusga qarshi Pfizer kompaniyasining vaksinasi bilan emlangan 13 kishida yuz nervi falajlanishi kuzatilgani ma'lum qilingandi. Umumiy holda esa koronavirusga qarshi emlangan 2 mln isroillikdan 1127 kishida ikkilamchi ta'sirlar kuzatilgan. 

“Yuz nervi parezi (yuz nervi mushaklari kuchsizlanishi) nafaqat Isroilda, balki Kanada va AQShda ham qayd qilingan. Ha, ular emlash bilan bog‘langan. Bu yoqimsiz ta'sir bo‘lib, ma'lum vaqtdan keyin o‘tib ketadi. Albatta, tez o‘tmasligi mumkin. Hozircha biz u kimda bo‘lishi, kimda bo‘lmasligini oldindan ayta olmaymiz. Biroq emlashdan keyin uning yuz berishining kichik ehtimoli bor”, deb aytgan olima Isroilda qayd qilingan holatlarga izoh berib.

Baranovaning ta'kidlashicha, bunday ta'sir boshqa tibbiy muolajalardan keyin ham kuzatilishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, Isroilda Pfizer vaksinasiga nisbatan kuzatilgan eng jiddiy ikkilamchi ta'sir yuz nervining bir tomondan falajlanishi (Bell falaji) bo‘ldi. Ushbu ta'sir 13 kishida kuzatilgan. Yana 3 kishi og‘zida metall ta'mi paydo bo‘lganini ma'lum qilgan, 2 nafar kishi nafas olishdagi muammolardan shikoyat qilgan, bir kishi hushini yo‘qotgan. Vaksinaning ikkinchi dozasini olgan 600ga yaqin odamda ukol qilingan joyda mahalliy diskomfort va og‘riq qayd qilingan.

Avvalroq O‘zbekistonga Pfizer/BioNTech kompaniyalarining vaksinasidan 100 ming doza keltirilishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid