O‘zbekiston | 20:17 / 21.01.2021
11985
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi tizimdagi korxonalarga havo sovishiga tayyorlanish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

21–23 yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga g‘arbiy Qozog‘iston orqali Rossiyadan sovuq va nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov shu munosabat bilan tizimdagi kompaniyalarga faksogramma yubordi.

O‘zgidromet ma'lumotiga ko‘ra, 21–22 yanvar kunlari shamol tezligi 25–28 m/s.gacha kuchayishi, havo harorati 8–10 darajagacha pasayishi mumkin.

«Shu munosabat bilan tizimdagi barcha korxonalarda sanoat xavfsizligi ishlari kuchaytirilsin, texnologik rejimlarga rioya qilinishi va iste'molchilarga barqaror energiya yetkazib berish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilsin», – deyiladi vazir o‘rinbosarining 20 yanvar kungi xatida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yo‘llarda yaxmalak bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilingandi. Sinoptiklarga ko‘ra, 22–23 yanvarda o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati me'yordan 8–10 darajaga past bo‘ladi.

O‘zbekistonda bu yilgi qish nisbatan ertaroq boshlandi, noyabr oyining ikkinchi yarmidayoq havo keskin sovib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lmagani ayon bo‘ldi.

Dekabr oyi oxiri – yanvar oyi boshlarida O‘zbekistonda havo harorati ko‘p yillik me'yorlardan sezilarli darajada past bo‘ldi. Qahraton sovuq kunlari qator energotizimlarda avariyalar kuzatildi, oqibatda ko‘plab tumanlar yoppasiga elektrdan uzildi, aksar hududlarda iste'molchilar odatdagidan ko‘proq vaqt elektr energiyasisiz qoldi, bu orada aholi xonadonlarida bir necha marta gaz portlashlari ro‘y berdi.

Kuni kecha energetika vaziri Alisher Sultonov ob-havo yana sovuqlashishi bo‘yicha prognozdan xabardor ekani va tegishli choralar ko‘rilayotganini ma'lum qilib, iste'molchilardan energotejamkorlikka e'tibor qaratishni so‘radi.

Mavzuga oid