O‘zbekiston | 20:06 / 21.01.2021
4902
3 daqiqa o‘qiladi

Mirzacho‘ldagi kimyoviy o‘g‘it sexi uchun ekoekspertiza xulosasi olinmagan - Ekologiya boshqarmasi

Kun.uz Mirzacho‘l tumani Ipak yo‘li mahallasi hududida kimyo korxonasining qurilishi va uning ta'sirida yon-atrofda yashayotgan fuqarolarning bezovta bo‘layotgani haqida maqola e'lon qilgan edi. 

Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, bu korxona davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lmasa-da, ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, «Ipak yo‘li» QFY hududida «Zilol buloq» MChJ tomonidan kimyoviy o‘g‘itlarni ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish uchun, «Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda mazkur obektni ro‘yobga chiqarish mumkinligini aniqlash yuzasidan davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinmagan.

Shunga qaramay, korxona ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Bundan tashqari, davlat sanitariya epidemiologiya nazoratining hududiy boshqarmasiga murojaat qilinganida, korxona 0350-17-son «O‘zbekiston Respublikasi aholi yashash joylari atmosfera havosini muhofaza qilish sanitariya me'yor va qoidalari»ga zid ravishda faoliyat yuritayotgani yuzasidan xulosa berilgan.

«O‘tkazilgan o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, Jizzax viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan aniqlangan holat yuzasidan «Zilol buloq» MChJ rahbariga O‘zbekiston Respublikasi «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning 24 va 25-moddalariga asosan rasmiy ogohlantirish xati va ko‘rsatmalari taqdim etildi», – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Jizzaxda qulagan bino mas'ullar ham u barpo etilishidan avval tegishli tashkilotlar tomonidan ogohlantirilgan. Xususan, Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mazkur obektda bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining loyihaga mosligi, bajarilgan ishlarning sifati ustidan 6 marta nazorat tadbirlari o‘tkazib, aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishi yuzasidan buyurtmachi va pudratchi tashkilot «Barakali Qorako‘l Chorvador» fermer xo‘jaligiga tegishli tavsiyalar bergan. Shunga qaramay, bino qurilishi to‘xtatilmagan.

Mavzuga oid