Urgut tumani hokimligi xodimi 15 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
Urgut tuman hokimligi xodimi fuqarolarning biridan Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududidan yer ajratib berish evaziga 30 ming dollar so‘rab, undan 15 ming dollarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmatining xabar berishicha, fuqaro I.S. DXX Samarqand viloyat boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, Urgut tumani hokimligi Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati xodimi N.Sh. va uning sherigi N.I. Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududida mavjud zaxira yer maydonidan 1 gektar yer ajratib berishi evaziga undan 30 ming AQSh dollari miqdorida pul berishini talab qilayotganini bildirib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan DXX viloyat boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda 20 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda N.Sh. Urgut tumani hokimligi ma'muriy binosi yonida o‘ziga tegishli «Lacetti» avtomashinasida sherigi N.I. bilan I.S.dan oldindan kelishilgan 30 ming AQSh dollaridan 15 mingini olgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida avtomashina «bardachogi»da 10 ming AQSh dollari, N.I.ning cho‘ntagida 5 ming AQSh dollari miqdorida pullar mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xabarda ta'kidlanishicha, departament Samarqand shahar bo‘limi tomonidan fuqaro N.Sh. va N.I.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasining uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma'lumot uchun, 2020 yil dekabr oyining o‘rtalarida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand viloyati Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Urgut tuman filialining mutaxassisi tuman hokimining tumandagi «Sariqtepa» massivi hududida joylashgan 15 sotix tashlandiq yer maydoniga egalik huquqini beruvchi qarorini chiqartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 2000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.
Mavzuga oid
08:50 / 19.11.2024
Uch hududda 671 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
11:38 / 17.11.2024
Samarqandda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi
22:39 / 13.11.2024
Samarqandda maktab o‘quvchisini zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlangan – Bosh prokuratura
12:03 / 13.11.2024