O‘zbekiston | 23:38 / 25.01.2021
7398
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorolik dasturchi migrantlar uchun mo‘ljallangan «Migrant 365» dasturini ishlab chiqmoqda

Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida IT-Park'da ham bo‘lib, u yerda dasturchilar va robototexniklar bilan suhbatda bo‘ldi, ularning takliflarini eshitdi.

IT-Park'da bolalar maktab davridan turli o‘yinlar orqali axborot texnologiyalariga qiziqtirilib, keyinchalik real loyihalar ishlab chiqishga jalb qilinadi.

Prezident muloqot davomida «Mandey LABS» korxonasiga asos solgan 25 yoshli Saidravshan Shokirov, xalqaro IT kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlayotgan dasturchi Shahrullo Toxsanov va boshqa yoshlar bilan suhbatlashdi.

Davlat rahbari Shahrullo Tuxsanov yaratayotan «Migrant 365» dasturi haqida yosh dasturchining fikrlarini tingladi.

«Mehnat migranti sifatida Rossiya Federatsiyasida bo‘lganimda IT sohasiga qiziqib qolganman va frilanserlik faoliyati bilan shug‘ullanishni boshlaganman. Hozir men ishlayotgan dastur bo‘yicha xorijda mehnat migranti bo‘lib yurgan barcha fuqarolarimizning ma'lumotlar bazasini yagona platformada jamlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Keyinchalik bu ma'lumotlar bazasi orqali xorijiy ish beruvchilar ham o‘zlariga kerakli mutaxassislarni topishlari oson bo‘ladi», – deya o‘zi yaratayotgan platforma haqida ma'lumot berdi dasturchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Davlat rahbari Buxoro davlat universiteti qoshida tashkil etilgan «Robots and me» robototexnika maktabining yosh tarbiyalanuvchilari tomonidan yaratilgan robotlar bilan ham tanishdi.

«Robots and me» robototexnika maktabi asoschisi Navro‘z Ergashev prezident bilan suhbatda O‘zbekistonda IT va robototexnika sohalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Muloqot so‘ngida Shavkat Mirziyoyev dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha yosh dasturchilarga buyurtma berish, mablag‘, energiya resurslari va vaqtni tejovchi dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Saidbek Shamsiyev va Umidjon Raximov tayyorladi.
Tasvirchi – Nodir Vohidov.

Mavzuga oid