Jahon | 23:45 / 26.01.2021
12754
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada Putinning suratini 5 ming rubllik banknotada joylashtirish taklif qilindi

Rossiyada prezident Vladimir Putinning suratini 5 ming rubllik banknotada joylashtirish taklif qilindi. Ushbu taklifni Davlat dumasining siyosiy iqtisodiyot bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, deputat Sergey Kalashnikov bildirdi.

Foto: Pinterest

“Vladimir Vladimirovich Putinni 5 ming rubllik banknotada joylashtirish bo‘yicha qonunni muhokama uchun kiritish lozim. O‘ylaymanki, bu mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi”, deb aytgan deputat “Govorit Moskva” radiosi efirida.

Ta'kidlanishicha, deputat ushbu taklifni AQShda 20 dollarlik kupyurada quldorlikka qarshi kurashgan afroamerikalik ayol Garriyet Tabmenning suratini joylashtirish tashabbusi muhokama qilingan vaqtda aytgan. 

Keyinroq Kalashnikov ushbu tashabbusni muhokama uchun olib chiqmoqchi emasligini ma'lum qilgan.

“Men kupyuralarda muayyan zamon, muayyan davr ramzlari joylashtirilishi kerakligi haqidagi fikrni aytdim. Mendan hozirda bizda kupyurada nima tasvirlanishi mumkinligi haqida so‘rashdi. Men Putindan boshqa ramzni ko‘rmayotganimni aytdim”, deb izoh bergan deputat. 

Finanz.ru portali ma'lumotlariga ko‘ra, Kalashnikov Putin tasvirlangan rubllarni bosishni birinchi bo‘lib taklif qilmayapti. 2017 yilda “Avanti” uyushmasi ham shunday tashabbusni bildirgan. O‘shanda Putinni 10 minglik kupyurada tasvirlash taklif qilingan. Biroq bu taklif Rossiya Markaziy banki tomonidan rad etilgan, chunki an'anaga ko‘ra banknotalarda amaldagi siyosiy va jamoat arboblari suratlari qo‘llanmaydi.  

Ayni vaqtda Rossiyada 5 minglik kupyura eng katta qiymatdagisi hisoblanadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid