O‘zbekiston | 22:26 / 26.01.2021
9425
2 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: 14 foiz respondent 2020 yilgi imtihonlarda korrupsiyaga shaxsan duch kelgan

U-Report Davlat test markazi bilan hamkorlikda yoshlarning bakalavriatga kirish imtihonlari jarayoniga munosabatini o‘rgandi.

So‘rovda respublika bo‘yicha 13 mingdan ortiq respondent ishtirok etgan. Respondentlarning 34 foizi 2020 yilda milliy OTMlarga kirish imtihonlarida qatnashgan: ularning 18 foizi universitetga qabul qilingan, qolgan 16 foizi imtihonlardan o‘ta olmagan.

So‘rovnomada qatnashganlarning 92 foizi kirish imtihonini test formatida topshirgan.

Respondentlarning yarmidan ko‘pi, 54 foizi kirish imtihonlari paytida biror bir noqonuniy ishni ko‘rmagan. Biroq ishtirokchilarning 14 foizi korrupsiyaga shaxsan duch kelgan.

Korrupsiyaga duch kelganlarning aksariyati Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan (20 foizdan ko‘prog‘i).

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatidagi U-Reportyorlarning aksariyati (44 foiz) kirish imtihonlari davomida abituriyentlar tomonidan qonunbuzarliklarga guvoh bo‘lishganini bildirgan.

23 foiz respondent fikricha, o‘tgan yilgi kirish imtihonlari shaffof o‘tmagan. 29 foiz ishtirokchi esa imtihonni shaffof, 38 foiz ishtirokchi o‘rtacha shaffof deya baholagan.

So‘rovnomada qatnashganlarning 45 foizi stadion va parklardagi imtihonlarni ijobiy, 17 foizi a'lo baholagan. 30 foizdan ortiq ishtirokchilarga imtihonlarni ochiq joylarda o‘tkazish noqulaylik tug‘dirgan.

Respondentlarning 26 foizi kirish imtihonlarini yanada adolatli o‘tkazish uchun kuzatuvchilar sonini ko‘paytirish zarur deb hisoblaydi, yana 24 foizi bunga kirish fanlarini sertifikatlash orqali erishish mumkin degan fikrda.

Bundan tashqari, 10 foiz respondent maktabda imtihon topshirish tarafdori.

Mavzuga oid