O‘zbekiston | 20:04 / 27.01.2021
10085
4 daqiqa o‘qiladi

XMT O‘zbekistonda 2020 yilgi paxta terimi bo‘yicha monitoring natijalarini e'lon qildi

O‘zbekistondagi 2020 yilgi paxta yig‘im-terimida bolalar va majburiy mehnat holatlari tizimli ravishda kuzatilmadi, 2019 yilga nisbatan paxta terimiga majburlash hollari 33 foizga kamaygan. Xalqaro mehnat tashkiloti shunday xulosaga keldi.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Xalqaro mehnat tashkiloti rasmiylari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda O‘zbekistonda 2020 yilgi paxta mavsumidagi XMT monitoringi xulosalari ma'lum qilindi.

Foto: Kun.uz

«O‘zbekiston 2020 yilgi paxta hosilini yig‘ib-terib olishda bolalar va majburiy mehnatga barham berishda sezilarli ijobiy natijalarni namoyish etishda davom etdi. Avvalgi yillarda bo‘lgani singari, ishga joylashish uchun qonunchilikda belgilangan minimal yoshga yotmagan bolalarning paxta terimiga jalb qilinishi bilan bog‘liq ayrim holatlar qayd etildi, xolos.

Paxta hosilini terib olishda majburiy mehnatga jalb qilingan fuqarolar ulushi 2019 yilga nisbatan 33 foizga kamaydi», – dedi XMT «Uchinchi tomon monitoringi» loyihasi bosh texnik maslahatchisi Yonas Astrup.

Yonas Astrup / Arxiv foto: Kun.uz

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekistonda paxta hosilini yig‘ib olishda bolalar mehnatidan tizimli ravishda ortiq foydalanilmayapti, degan fikrda.

Maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga jalb etilmayapti, ammo bolalar mehnatidan foydalanish bilan bog‘liq ayrim hollar kuzatilgan.

Bundan tashqari, 2020 yilgi paxta hosilini yig‘ib olishda tizimli majburiy mehnatdan ham foydalanilmagan. Shu bilan birga, ba'zi viloyatlar va tumanlarda majburiy mehnatga barham berishga doir islohotlarni joriy qilish bilan bog‘liq ayrim qiyinchiliklar ko‘zga tashlanmoqda.

«Umuman, paxta terimchilarining aksar ko‘pchiligi paxta terimida ko‘ngilli ravishda qatnashgan, ularning 4 foizga yaqini bevosita yoki his qilinadigan majburlashga duchor bo‘lgan.

Ayrim viloyatlar yoki tumanlarda 2020 yilda majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar juda kam kuzatilgan yoki umuman qayd qilinmagan», – dedi XMT bosh texnik maslahatchisi.

Hisobotda qayd etilishicha, majburiy mehnatga jalb qilingan kishilarning sezilarli qismi mahalliy mansabdor yoki rahbarlardan bevosita tahdidni his qilishmagan, balki paxta terimiga chiqishni rad etgan taqdirda o‘z huquqlari yoki imtiyozlaridan mahrum bo‘lish singari ehtimoliy salbiy oqibatlardan xavotirlanishgan.

XMT monitoringini olib borgan kuzatuvchilar, paxta terimi uchun haq to‘lashga o‘tgan yillarga nisbatan o‘sganini qayd etishgan. Terimchilar ish haqlarini o‘z vaqtida olgan, 2020 yilda bir terimchi o‘rtacha 1,54 mln so‘m ishlab topgan.

Terimchilarning 60 foizi 2020 yilgi paxta terimi ushbu yildagi yagona daromad manbayi bo‘lganini ta'kidlashgan. Ularning aksariyati, mehnat sharoitlari 2019 yil bilan qiyoslaganda yaxshilanganini e'tirof etgani holda, 3 foiz respondent sharoitlar 2019 yilga nisbatan yomonroq bo‘lganini aytishgan.

«Terimchilarning 64,6 foizini ayollar, 35,4 foizini erkaklar tashkil etdi. Ularning 81 foizi qishloq aholisi, 19 foizi shaharliklardan iborat edi.

Terimchilarning 52,6 foizi oilasining boshqa katta yoshli a'zolari bilan birga paxta terishga kelgan. 18–50 yoshdagi umumiy aholining 15 foizi paxta terimida ishtirok etish taklifini olgan. Ularning 7,9 foizi taklifni qabul qilgan, 7 foizi rad etgan.

Bundan tashqari 5 foiz terimchi ishga yollanish uchun bevosita fermerga murojaat qilgan. Terimchilarning har biri o‘rtacha 21 kun mavsumda ishtirok etgan», – dedi Yonas Astrup.

XMT hisobotida yozilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda harbiylar va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha xizmatlar xodimlarining paxta terimiga jalb qilinganiga doir ayrim xabarlar paydo bo‘lgan. Bu xabarlar rasman surishtirilgan, biroq to‘liq axborot va dalillar bo‘lmagani uchun tasdiqlash imkoni bo‘lmagan.

Ma'lumot uchun, paxta terimi kabilarda harbiy xizmatchilar xizmatidan foydalanish – XMT Konvensiyasiga zid.

Mavzuga oid