O‘zbekiston | 08:41 / 28.01.2021
10124
2 daqiqa o‘qiladi

«Bolacini ixtisoslashgan maktabga berayotgan ko‘plab ota-onalar uning qiziqishini inobatga olmayapti» - Hilola Umarova

Farzandi Prezident, ijod yoki ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qishini xohlagan ota-onalar ularni qiziqishiga qarab yo‘naltirishi lozim, deya maslahat berdi ushbu maktablar bo‘yicha agentlik direktori Hilola Umarova.

«Hozir biz eng ko‘p duch kelayotgan holat – bola ixtisoslashtirilgan fanlarga qiziqmasa ham, ota-ona farzandi o‘sha maktabda o‘qishini istayapti.

Hurmatli ota-onalar, farzandlar bilan chuqurroq suhbat qilib, ularning qaysi yo‘nalishga qiziqayotgani, qaysi yo‘nalishlarda iste'dodi borligiga qarab, shunga berish kerak», – dedi Hilola Umarova 27 yanvar kungi matbuot anjumanida.

Anjumanda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyati yuzasidan ma'lumotlar berildi.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan yili pandemiya tufayli onlayn imtihonlar faqatgina Al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan maktabida sinov tariqasida onlayn o‘tkazilgan. Hozirda Prezident maktablari imtihoni uchun xalqaro va mahalliy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilyapti.

Shuningdek, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ham imtihonlar bu yil rejaga qo‘yilgan. Imtihonlar qachon va qay tartibda o‘tishi tez kunlarda e'lon qilinadi.

Qayd etilishicha, agentlik tasarrufida 4ta Prezident, 9ta ijod va 3ta ixtisoslashtirilgan maktablar mavjud. Prezident maktablarida darsliklar xalqaro hamkor — Cambridge assessment bilan birgalikda tuzilyapti.

Ijod maktablarida nutq madaniyati, notiqlik san'ati kabi yangi darsliklar, maxsus adabiyot fani, ijod maktablarida esa dizayn, IT yo‘nalishi joriy etilyapti.

Ixtisoslashtirilgan maktablarda birinchi qismda dars jarayonlari bo‘lsa, ikkinchi qismda amaliyot, ya'ni o‘quvchilarga loyihalar berib, ularni ish bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid