Cotton Campaign O‘zbekistondagi 2020 yilgi paxta terimi monitoringi natijalarini e'lon qildi
Cotton Campaign O‘zbekiston paxta dalalarida 2020 yilgi hosilni yig‘ib olishda majburiy mehnatga barham berishda kuzatilgan sezilarli olg‘a siljishni olqishladi. Shu bilan birga, muammolar hamon saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi O‘zbekiston paxta dalalarida yetishtirilgan 2020 yilgi hosilni terib olishda majburiy mehnatga barham berish borasida olg‘a siljishni olqishlamoqda.
«Cotton Campaign koalitsiyasining ilg‘or hamkori hisoblanuvchi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi so‘nggi 10 yilda ilk bora, O‘zbekistondagi paxta terimi mavsumidagi majburiy mehnat holatlari monitoringida ayrim paxta yetishtiruvchi tumanlarda majburiy mehnat bilan bog‘liq birorta holatni hujjatlashtirmagani e'tirofga sazovordir», deyiladi koalitsiya bayonotida.
O‘zbek forumi tarmog‘idagi tajribali mustaqil kuzatuvchilar joylarda ko‘ngilli terimchilar ko‘pligi, o‘zlari istamagan holda terimga jalb qilingan ishchilarga juda kam duch kelganliklarini xabar qilishgan. Biroq, kuzatuvchilar mulozimlar tomonidan tashkil etilgan holda majburiy mehnat holatlarini, shuningdek, davlat korxonalari xizmatchilari maoshlarining bir qismini paxta terimchilarini yollash uchun sarflashga majburlanganini qayd qilishgan.
Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasiga ko‘ra, 2020 yilga paxta hosilini yig‘ib olishdagi ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekiston hukumatining iqtisodiyotni o‘zgartirish hamda majburiy mehnatga barham berishga yo‘naltirilgan islohotlar bo‘yicha ko‘p yillik choralari natijasidir.
Paxta terimi uchun birmuncha yuqori to‘lovlar, mehnat inspeksiyalari tomonidan qat'iy nazorat va ayrim paxta klasterlari tomonidan tajribali xodimlarni tanlash kabi choralar terimchilar orasida majburiy mehnat bilan bog‘liq salbiy holatlar, ayniqsa, ayrim tumanlarda qisqarishiga olib kelgan. COVID-19 pandemiyasi ham ko‘ngilli terimchilar soni ortishiga sabab bo‘lgan.
Shunga qaramay, ayrim ilgaridan qolgan omillar 2020 yilda ham majburiy mehnatga olib kelgan va kelgusida ham bu holat davom etish ehtimolini paydo qilgan.
«Mahalliy hokimliklar paxta terimini tashkil etish va nazorat qilishni o‘zida saqlab qoldi. Garchi 2020 yil martida paxta hosiliga davlat buyurtmasi bekor qilinib, markaziy hukumatning rasmiy shaxslari majburiy mehnat taqiqlanganiga doir bir necha marotaba aniq bayonotlar e'lon qilgan bo‘lsa-da, mahalliy mulozimlarga tumanlar o‘zlarining ishlab chiqarish maqsadlarini bajarishini nazorat qilish vazifasi topshirilgan.
Ayrim tumanlardagi mulozimlar esa, topshiriqlarni bajarish uchun majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan. Xususan, favqulodda holatlar, bank va davlat korxonalari xizmatchilari paxta terishga majburlangan yoki terimchi xizmatini to‘lagan, aks holda salbiy oqibatlarga duch kelgan. Kuzatuvchilar mahalliy hokimlik idoralarining minglab paxta terimchilarini majburan safarbar etganliklari bilan bog‘liq o‘nlab holatlarni qayd etishgan», deyiladi Cotton Campaign e'lon qilgan bayonotda.
Birgina misol: Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2890 o‘t o‘chiruvchini Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanida paxta terimiga safarbar qilish bo‘yicha buyruq chiqargan. Yomon sharoitlarda yashagan o‘t o‘chiruvchilar esa, o‘z navbatida, mahalliy aholi vakillaridan bir kunlik rejaga yetmagan paxtani sotib olishga majbur bo‘lgan. Bu majburiy mehnat kuzatilmagan boshqa tumanlardan farqli ravishda sodir bo‘lgan.
Mavzuga oid
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
10:15 / 10.10.2024
“Mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho beriladi” – Senat paxta terimiga majburlash holatlariga munosabat bildirdi
19:45 / 09.10.2024