O‘zbekiston | 11:19 / 29.01.2021
5662
4 daqiqa o‘qiladi

«Farzandim ovozini eshitgim keladi» - baxsiz hodisa tufayli kar bo‘lib qolgan farg‘onalik yigit hikoyasi

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashovchi Zuhriddin Turdiboyev bir necha yil avval baxsiz hodisa tufayli devor bosib quloqlari eshitmaydigan holga kelib qolgan. Bugun u siz-u bizdan yigit boshini eggan holda yordam kutmoqda.

Farg‘onalik bemor yigit Zuhriddin quloqlari eshitishi uchun yordam so‘rab murojaat qilmoqda. Bir vaqtlar tog‘ni urib tolqon qiladigan bu yigit endilikda yaxshi insonlar ko‘magiga muhtoj.

Uning opasi Mohira Qodirova oilada bosh bo‘lgan otasi yo‘qligi, yana bir nogiron singlisi va ukasi ro‘zg‘origa qarash katta ukasi bo‘ynida qolayotgani, bu orada esa Hindistonga borib operatsiya qildirish ularga og‘irlik qilayotganini, saxovatli xalqimizdan yordam so‘rab murojaat qilishayotganini so‘zlab berdi.

Mohira Qodirova

«Ukam 2018 yili qurilishda ishlayotganda baxsiz hodisa tufayli devor ostida qolib ketdi. Natijada o‘shandan buyon ishga yaramaydigan nogiron. Eng yomoni qulog‘i eshitmaydigan bo‘lgani. Bir oyog‘i cho‘loqligi, ko‘zi yaxshi ko‘rmasligi biz uchun ikkinchi daraja bo‘lib qoldi.

Xotini doim yonida bo‘lgani uchun imo-ishora qilib gapini tushuntiradi yoki yozib beramiz.

Oilada dadamiz vafot etgani uchun kichik ukam ham o‘zi, ham akasi ro‘zg‘origa qarashib mablag‘ orttirishi qiyin bo‘lyapti.

Operatsiyasiga sharoit va imkoniyatimiz kam, ustiga-ustak bu Hindistonda operatsiya qilinar ekan, shu uchun yurtdoshlarimizdan yordam so‘ramoqchimiz», deydi ko‘zda mung bilan bemorning opasi.

Oilasiga halol rizq topaman deb, peshona ter to‘kib mehnat qilib yurgan Zuhriddin baxsiz hodisa sabab bir umrga quloqlar eshitmay qolgan bo‘lsa-da, bugun u har holda gapira oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tug‘ilganidan beri hali qizalog‘ining ovozlarini eshitgani yo‘q.

Oilamni boqish, onamni hajga yuborish maqsadida ishlab yurardim. Oxirgi ishimizda to‘satdan baxsiz hodisa ro‘y berib devor bosib qoldi. 5 kun komada yotganman, o‘zimga kelganimda quloqlarim eshitmasdi, shifokorlar Hindistonda operatsiya qilinishi kerakligini aytishdi.

Zuhriddin Turdiboyev

Saxovatli xalqimizdan iltimos qilamanki, kimdir pul bilan, kimdir duo qilib yordam qo‘lini cho‘zing. Farzandimning dada deyishlarini eshitgim keladi. O‘sha mudhish voqeadan keyin qiz farzandli bo‘lgan edim, lekin qizimning ovozini eshitolmayman. Qizimning ovozini eshitarmikanman», deya saxovatpesha xalqimizga ko‘z tikmoqda bemor Zuhriddin Turdiboyev.

Bemor Zuhriddin Turdiboyevga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600042398005669 Zuhriddin Turdiboyev nomida

Humo: 9860120178474595 Zuhriddin Turdiboyev nomida

Sberbank: 4276 6000 42104113 Zuhriddin Turdiboyevning qarindoshi Sarvarjon Qodirov nomida

VISA: 4187800000354019 Zuhriddin Turdiboyev nomida

Telefon: 998916585889, 998909933940

Saxovati daryo aziz yurtdoshlar, Zuhriddin birodarimiz boshiga tushgan og‘ir kunlarda saxovatingizni ayamasligingizni so‘raymiz. Zero, Alloh va'da qilganidek, ehsonning mukofoti faqat ehsondir.

Yigitali Mahmudov tayyorladi
Tasvirchi: Doniyor Yakubov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid