Sport | 07:50 / 30.01.2021
16839
10 daqiqa o‘qiladi

Cheran va Sergeyev uchun yangi xaridor, Arveladze o‘rniga ko‘rilgan nomzodlar, «Nasaf» yetakchisi bilan muzokara. Ja'far Irismetov bilan intervyu

 Superliga va Osiyo Chempionlar ligasi yangi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rayotgan «Paxtakor» klubi Birlashgan Arab Amirliklarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etgan. Amaldagi chempionning yangi mavsumga hozirligi, klubdagi o‘zgarishlar va bir qator transferlar masalasida Tribuna.uz sayti muxbirlari Dubayda «Paxtakor» klubi sport direktori Ja'far Irismetov bilan intervyu uyushtirishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Cheran va Sergeyevga «Buriram Yunayted» xaridor bo‘lmoqda»

- Jamoadan 5 kishi ketdi. Asosiy yo‘qotishlarimiz Jaloliddin Masharipov va Dostonbek Hamdamov. Igor Sergeyev yig‘inga qo‘shilmagani sababi – biz u bilan muzokaralar olib boryapmiz va imkon qadar klubda olib qolmoqchimiz. Har bir futbolchi faoliyati davomida sharoitini yaxshilab olgisi keladi. Bilasiz, futbolchining faoliyati qisqa. Ayni paytda nafaqat Sergeyev bilan, umuman olganda bizga biroz qiyin bo‘layotgan jihat shuki, futbolchilarimizga takliflar ko‘p va xorij jamoalari asosan katta maosh evaziga futbolchilarimizni chorlayapti. Biz esa bunday maoshlar to‘lashimiz qiyinroq va aynan shu sababli o‘yinchilarimizni ushlab qolishimiz qiyin bo‘lyapti.

 O‘zbekiston miqyosida maoshlarni ko‘tarib yubormaslikka harakat qilyapmiz, chunki boshqa klublarimiz ham qiynalib qolishi mumkin bu darajaga yetkaza olmay. Deyarli 90 foiz futbolchilarimizni saqlab qola oldik. O‘tgan mavsum ham, bunisida ham Tailandning «Buriram Yunayted» klubi Sergeyev va Cheranga xaridor bo‘lmoqda. Igorga rahmat, o‘tgan mavsum o‘ynab berdi, chunki o‘zaro og‘zaki, erkakcha kelishuvimiz bor edi va u bunga amal qildi. U «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi va bizga kerak bo‘lgan paytda yo‘q demadi. Aks holda o‘tgan mavsumdayoq ancha katta maosh beradigan jamoaga ketishi mumkin edi. U 2 yildan beri yuqori darajada o‘ynayapti, ko‘plab gollar uryapti. Fikrimcha, Shomurodovni hisobga olmasak, u O‘zbekistondagi eng kuchli hujumchi – O‘zbekistonda to‘p tepayotgan hujumchilar orasida eng kuchlisi. Boshqa hujumchilar ham yaxshi, lekin Igorning natijalari raqamlarda ham ko‘rinib turibdi. Muzokaralar davom etyapti, uning o‘zi ham bizning taklifimizni kutyapti. Oson bo‘lmaydi. Amirliklar jamoalaridan ham katta qiymatli takliflar bor. Raqamlar va jamoalarni oshkor qilolmayman, hammasi yakuniga yetsa, bilib olasiz. Ha mayli, olti raqamli summalar ekanini ayta qolay.

 Futbolchilarimiz bizga kerak. Iloji boricha ushlab qolishga urinamiz, ammo yuqorida aytganimdek, katta pulli takliflar oldida biroz qiynalib qolyapmiz. Masalan, Islom Kenjaboyev «Nasaf»dan Koreyaga ketdi. Adashmasam, uning maoshi bu yerdagidan 5 barobar ko‘p bo‘lgan. Qarang, aynan moliyaviy afzalliklar rol o‘ynayapti, bo‘lmasa O‘zbekistonda ham o‘ynab yuraversa bo‘lardi-ku.

 «Narxi 700.000 dollar bo‘lgan Doston Hamdamov erkin agent sifatida ketdi»

- Men o‘zim futbolchi bo‘lganman va futbolchilarni juda yaxshi tushunaman. Hammamiz vatanparvarmiz, lekin kimdir sizga «kel, falon yil futbol o‘ynaganding, manavini olib qo‘y», demaydi. Faoliyatimiz qisqa. Futbolni tugatgandan keyingi hayotimizni ham o‘ylashimiz kerak. Boring ana, 35 yoshgacha o‘ynaymiz. Keyin-chi? Hamma ham funksioner bo‘la olmaydi. 3-4 kishi murabbiy bo‘lar, yana kimlardir sport direktori bo‘lar, yana kimdir administrator, ammo barcha futbolchilar ham shu yo‘nalishda ketmaydi-da. Sobiq futbolchilarning 70 foizi ishsiz qoladi. O‘sha faoliyatimizda orttirgan pullarni keyin biznesga tikamiz yo boshqa ishlar qilamiz...

 

Doston Hamdamov shartnomasi tugagani uchun ketdi. Biz uni shartnomasi bor vaqtda sotganimizda uning narxi 700 ming edi. U o‘zini xorijda sinab ko‘rgisi keldi, shartnomani uzaytirishni istamadi. Mana hozir u «An Nasr» klubida. Biz bu klub yaratib berayotgan sharoitlarni berolmaymiz. Hali bor bunga. Dostonni ham tushunaman – yuqorida bu mavzu haqida aytib o‘tdim. Jamoada moliyaviy muammolar yo‘q, hammasi joyida.

 «Shota Arveladze boshqa kattaroq klubda ishlamoqchi»

- Shota Arveladze o‘zini boshqa kattaroq klubda sinab ko‘rmoqchi ekanini aytib, jamoa bilan xayrlashdi. U jamoani yaxshi ko‘radi, biz u bilan doimiy aloqadamiz – ahvolimiz, ishlarimiz qanday ketayotgani bilan qiziqib turadi. Ketishining yana bir sababi – oilasidan uzoqda ekani bo‘ldi. 3 yarim yil davomida u oilasidan deyarli ayro yashadi. 1 yilda 2-3 marta oilasi kelib-ketishi kam, albatta. O‘zim ham oiladan uzoqda yashash nimaligini bilaman va uni tushunaman. Pandemiya vaqtida ayniqsa qiyin bo‘ldi – oilasi u yoqda, o‘zi bu yoqda.

 Abduraimov, Tsxaxadze va Xyuistra: rahbariyat Piterni tanladi

- Bosh murabbiylikka Piter Xyuistra variantidan tashqari, o‘zimizning Jasur Abduraimov va gruziyalik Kaxaber Tsxaxadze varianti ham bor edi. Rahbariyat nima uchun aynan Piterga ishondi? Chunki u mana shu 3 yarim yil davomida o‘rgangan o‘yinimiz, uslubimizni saqlab qolishni istadi. Tarkib yig‘ayotganda o‘yin falsafasiga mos keladigan futbolchilarni tanlaymiz. Har bir futbolchini xarid qilishdan oldin 1-1,5 yil kuzatamiz – bizga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi. Behuda transferlar bo‘lib qolmasligini istaymiz.

 Omadli va omadsiz transferlar: legionerlar

- Oldingi yillar to‘p surgan Gonsalvesh, Kanyuk, Bezerra, Griffits – ularning barchasi ketdi. Ochig‘ini aytganda, bu mening emas, Arveladzening tanlovi edi. Ular yig‘in va ko‘riklarga kelmaydigan, darhol tayyor shartnoma tuzib keladigan futbolchilar edi. Hammasini ham omadsiz deb bo‘lmaydi. Shaxsan o‘zim Dragan Cheranni klubga olib keldim. Bu transfer mening tashabbusim deya olaman. U bilan muzokaralarga o‘zim kirishganman, 7-8 oy u bilan gaplashganman. Hozir «Nasaf»ning yana bir futbolchisi Marko Stanoyevich mo‘ljalimizda. Hamrobekov ham boshqa klubga transfer qilinishi mumkin keyinchalik. Takliflar bo‘ldi. Ketishi mumkin edi. Uning shartnomasi 1 yil qolgan. Yaxshiroq taklif chiqsa, sotishimiz mumkin.

 Boshqa tomondan jamoadagi yoshlarga imkon tug‘iladi o‘zini ko‘rsatishga. Yo‘ldoshev, Iminov, Roziyev, Erkinov, Hoshimov, Chobanov o‘zini ko‘rsatadi. Chobanovni «Lokomotiv»ga Fyodorov olib kelgandi. Fyodorov ishdan ketgach, u bizga o‘tishni ma'qul ko‘rdi. Xyuistra bilan maslahatlashib, uni jamoada qoldirishga qaror qildik. Hozir chertib-chertib tanlayapmiz futbolchilarni. Endi ikki qanotga vingerlar xarid qilishimiz kerak. Yo‘q emas, bor bizda qanot vingerlari Sobirjonov, Erkinov. Ular kuchsiz emas, ammo bizga ularning yoniga bir tajribali futbolchi kerak.

Ja'far Irismetov

Eren Derdiyo‘q jarohatlari tufayli mavsumni bir tekis o‘tkaza olmadi. Ilk jarohatidan tiklanib, yaxshi o‘ynab ketdi, afsuski keyin yana jarohat oldi. Uning yana bir foydali tomoni, u Sergeyevga raqobat qila oldi va bu Igorning o‘ziga ham foyda bo‘ldi.

 O‘ng qanot himoyasi muammomi?

- Qanot himoyasi haqida gapirsak, o‘ng qanotda Hojiakbar Alijonovga Mirsaidov o‘rinbosar. Yoki Sayfiyev va Kozakni ham o‘ngda o‘ynata olamiz. Mirsaidovda biroz jarohat borligi uchun yig‘inga kela olmadi. U Temur Kapadze boshqaruvidagi O‘zbekiston yoshlar jamoasida o‘ynaydi.

 Markaziy himoya va optimal formaga kirmaganlar haqida

- Markaziy himoyadagi Krimets va Ismoilov borasida shubhamiz yo‘q. Birgina o‘yindan xulosa qilish kerak emas. Biz endi boshlayapmiz yuklamalarni, ular hali optimal holatga chiqib olishadi. Krimets og‘irroq bo‘lsa ham, pozitsiyani yaxshi tanlay oladi. Chobanov hali jamoaga to‘liq kirishib ketsa, O‘zbekistondagi kelajagi yaxshi markaziy himoyachiga aylanadi.

 Albatta, hujumkor futbolchilarni taklif qilsak, baribir hamma Jaloliddin Masharipov bilan solishtira boshlaydi. Shuning uchun biz bu nuqtaga tanlab-tanlab, eng yaxshi futbolchilarni olishimiz kerak.

 «Maqsad doim bitta – barcha turnirlarda g‘oliblik»

- Maqsadimiz doimgidek jiddiy – har bir turnirda chempionlik! «Paxtakor» o‘z oldiga boshqa maqsad qo‘ya olmaydi. «Paxtakor»ning eng yomon vaqtlarida ham, pul bormi, yo‘qmi, men bormanmi, boshqa odam ishlaydimi bu o‘rnimda, farqi yo‘q – «Paxtakor» doim eng yuqori marralarni ko‘zlagan va ko‘zlaydi.

 Bobur Akmalov suhbatlashdi,
Dubaydan Tribuna.uz uchun maxsus.

Mavzuga oid