Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qizlarga ish topilishi muammo - Sardobadagi mahallada bir kun
Kun.uz «Qishloqda bir kun» loyihasining navbatdagi sonida Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani, Bo‘ston mahallasidagi oilalardan birining turmushi haqida hikoya qiladi.
Bo‘ston mahallasi Sardoba tumani markazidan 30 km va viloyat markazidan 70 km masofada joylashgan. Aksariyat qishloqlar singari, mahalla tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan, odamlar ro‘zg‘orda suyultirilgan gazdan foydalanishmoqda. Uyni isitish uchun esa ko‘mir, o‘tin va tappi yoqilyapti. Ko‘plab oilalarda asosan bir xona isitilib, oilaning barcha a'zolari shu xonada uxlashadi. Mahalla aholisining asosiy daromadi dehqonchilikdan iborat.

Foto: Loyihamiz qahramonlari — G‘ofurjon va Alimovlar oilasi 32 yildan beri shu mahallada istiqomat qiladi. Ularning 4 farzandi bor. Ikki o‘g‘il, ikki qiz. Bir o‘g‘li Toshkent shahridan, yana biri Guliston tumanidan ish izlab topgan — tibbiy niqob ishlab chiqaradigan sexda ishlaydi. Oylik maoshi ro‘zg‘ordan ortmaydi.

Qizlariga esa ish topilishi muammo bo‘lib qolmoqda. Topilgan ish esa uzoq hududda, har kuni qatnab ishlashga sharoiti yo‘l qo‘ymaydi.
Gulchehra Alimovaning aytishicha, suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballon bir oyda bir marta beriladi, lekin yetmaydi. Gaz tugagach, o‘choqda ovqat qilinadi. Lekin unga ham o‘tin topib bo‘lmaydi. Daraxtlarni kesay desa ekologiya ruxsat bermaydi. Bahordan boshlab moli bor qo‘ni-qo‘shnilardan go‘ng olib, tappi qilinadi.

O‘zlarida esa chorva, parranda yo‘q. Xarid qilish uchun ortiqcha mablag‘i ham yo‘q. Oilaning daromadi juda kam, faqat ularning nafaqasidan iborat.
Ijaraga yer olib foydalanish uchun ularning sharoiti yo‘l bermaydi. Fermerlar ekkan supurgining har bir bog‘ini o‘rab, tayyor holga keltirgani uchun 1500 so‘mdan ishlab topishadi. Bir kunda 20 bog‘ o‘rash uchun kuchi yetadi. 2020 yilning bahorida yer olib supurgi ekishgan. Lekin Sardoba suv omboridagi texnogen ofat ularning yerini yuvib ketgan.

Mahallada ichimlik suvi tarmog‘i ham yo‘q. Suv chiqarib beramiz deb va'da berishganiga ham ikki yil bo‘lgan, lekin qolib ketgan. Ichimlik suvini (200 litrini 6000–10000 so‘mdan) sotib olishadi. U ham har doim emas, ba'zan shunga ham pul topilmay qoladi. Keyin majburlikdan ariq suvidan, iste'molga yaroqsiz, sifatsiz yer osti suvidan foydalanishga majbur bo‘lishadi.

Bir kun davomida qishloq odamlarining dunyosida yashab, ularning dunyoqarashi, mashaqqatli turmush tarzi va orzu-umidlari bilan tanishdik. Muxtasar qilib aytganda, ular to‘kin-sochin hayotni orzu qilishmaydi, baxtni farzandlarining sog‘ligi, ayni yashab turgan hayot tarzida ko‘radi.

Bu insonlar qanchalik mashaqqat chekmasin, hech ham hayotdan nolimaydi. Shunday paytda o‘ylab qolasan kishi, ularning doim baxtni his qilib yashashlariga sabab — turmushi qanchalik mashaqqatli bo‘lsa-da, qishloq insonlariga xos bo‘lgan mehr-oqibat, samimiylik, birovning dardini o‘ziniki sifatida his qila olish, odamgarchilik kabi tushunchalar emasmikan?
Shuhrat Yunusov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
08:13 / 27.05.2025
Haj ziyoratiga yuborishga uringan shaxslar ushlandi
17:59 / 18.04.2025
«Esingiz borida etagingizni yopib oling» - Turdimov xususiy korxonalar rahbarlarini soliqdan qochmaslikka chaqirdi
17:39 / 28.02.2025
Sirdaryo va Oqoltin tumanlariga yangi hokim tayinlandi
13:45 / 26.02.2025