O‘zbekistonda koronavirusning yangi shtammlarini tezkor aniqlash imkoni bormi? Innovatsiya vaziri bilan suhbat
30 yanvar kuni O‘zbekistonda koronavirusning britancha shtammi ilk marta qayd etildi. Infeksiyaning yangi varianti Dubaydan Toshkentga kelgan 10 yashar qizda aniqlandi.
Yangi shtammni aniqlash va testlar ishlab chiqarish bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi shug‘ullanmoqda. Kun.uz shu mavzudagi savollar bilan innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovga murojaat qildi.
Britaniya variantining xavfliligi – uning tez yuquvchanligida
— Avvalo, bu yangi shtamm emas. COVID-19'ni keltirib chiqaradigan SARS-CoV-2 virusining 4000dan ortiq yangi variantlari bor. Har hafta bitta liniyada ikkita mutatsiya ro‘y beryapti. Evolyutsion biologiya nuqtayi nazaridan aytadigan bo‘lsak, bu – sekin mutatsiyaga uchraydigan virus hisoblanadi. Masalan, grippga nisbatan ancha sekinroq mutatsiyaga uchraydi.
Yangi variantlar orasida eng tanilgani – Britaniya varianti. Bu variant boshqalaridan 17 ta mutatsiyasi va tez tarqashi bilan farq qiladi. B117 variantning xavfliligi – tez yuquvchanligida. U oldingi virusga qaraganda 50 foiz tez yuqyapti va shuning hisobiga o‘limlar soni ham ko‘p.
Bundan tashqari, Janubiy Afrika va Braziliya variantlari ham bor.
Yangi shtammni aniqlashga 5 kun vaqt ketdi. Bu juda uzoq emasmi?
— Dubay–Toshkent reysida kelganlardan 33 kishida test musbat natija ko‘rsatgan va biz ularning qon namunalarini Ilg‘or texnologiyalar markazida tekshirganimizda, orasidan bittasi shubha uyg‘otdi.
Chuqurroq tahlil qilinganda, haqiqatdan ham Britaniya varianti ekani aniqlandi.
Albatta, bu – yangi shtamm. Test to‘plamlarimizda 17ta mutatsiyalarning hammasini aniqlaydigan reagentlar mavjud bo‘lmagan. S oqsilining simptomi bo‘la turib, ammo tahlilda bu oqsil ko‘rinmagani shubha uyg‘otgan. Ya'ni o‘sha kuniyoq, natijasi 2 soatda chiqadigan testdan keyinoq biz bu Britaniya shtammi bo‘lishi mumkinligini tushundik. Lekin aniq shundaymi-yo‘qmi, ayta olmasdik, chunki 17ta mutatsiyani ko‘rganimiz yo‘q.
Keyingi jarayon – o‘sha fragmentni qondan ajratib olish, uni klonlashtirish, hujayrada ko‘paytirish, har bir harfini o‘qib chiqish kabilarga bir necha kun ketdi. Bular o‘zi qiyin jarayonlar emas, lekin qo‘lingizda hali zontlaringiz bo‘lmasa, ushlab oladigan ilmoqchalaringiz tayyor bo‘lmasa, uni ushlab olish qiyin.
Men fragment harflarini qayta-qayta o‘qishga topshiriq berdim. Undan keyin, bioinformatik tahlillarga vaqt ketdi: haqiqatan ham Britaniyada aniqlangan variantga to‘g‘ri kelyaptimi yoki mutatsiya (o‘zgarish) boshqacharoqmi?
Hozir ma'lumotlarimiz bor, endi reagentlar, test to‘plarini optimizatsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Hozir qo‘limizdagi testlar ham albatta boshqa shtammlarni ham ko‘radi, genning boshqa uchastkalari uchun ham mo‘ljallangan test namunalarimiz bor. Lekin aniq shu Britaniya shtammi ekanini tasdiqlash uchun test metodikasini ham, reagentlarni ham, to‘plamlarni ham o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keladi.
Hozir bu bo‘yicha ishlanmalar qilinyapti. Tez kunlarda masalani hal qilib, yangi test to‘plamlarini ham yetkazib beramiz.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan test to‘plamlari yangi shtammni tanishga moslashtiriladi
— Endi asbob-uskunalarning boshqasini olishimiz kerakmi, shuncha narsani olib qo‘yib, endi ular ishlamaydimi, deb so‘rashyapti. Yo‘q, uskunalar ichidagi reagentlar, test to‘plamlari o‘zgaradi xolos. O‘sha asboblar, o‘sha ko‘nikma, o‘sha texnika qoladi.
Yangi shtammlarni tezkor aniqlaydigan testlarga kelsak, ular jahonda tijoratlashgan holda tayyor turibdi, sotib olishimiz mumkin. Masalan, Britaniyada yangi shtamm PZR testida 2 soatda aniqlanyapti. Yoki o‘zimiz ishlab chiqarishimiz ham mumkin. Hozir Ilg‘or texnologiyalar markazida biz ham yangi shtammni 2 soatda aniqlay olamiz, ya'ni odatiy PZR testida oqsillardan biri ko‘rinmayotgani – bitta signal, ammo bu bilan haqiqatan ham koronavirusning yangi varianti ekanini to‘la tasdiqlab bo‘lmaydi.
Bu virus yangi keldi. 5 kunda aniqlangani ham yomon ko‘rsatkich emas. Biz shoshmadik. Noto‘g‘ri ma'lumot ketib qolmasligiga ishonch hosil qildik. Olim sifatida ham, Innovatsion rivojlanish vazirligi sifatida ham jiddiy yondashib, noto‘g‘ri informatsiya berishga haqqimiz yo‘q.
Bemalol ayta olamanki, tezkor test to‘plamlarini chiqarib beramiz. Ilg‘or texnologiyalar markazimiz bir millionga yaqin PZR-kitlarni chiqarib, sotuvga qo‘ygan. O‘zbekistondagi ehtiyojni ta'minlab beryapmiz. Bu masalada muammo bo‘lmaydi.
Test to‘plarimiz yangi shtammni aniqlay olishi uchun ularni biroz modifikatsiya qilamiz. Buning uchun kerakli «ilmoq»lariga buyurtma berib qo‘ydik. Hozir buni chet eldan olib kelish muammo emas, ko‘plab kompaniyalarga buyurtma berish mumkin.
Qo‘limizda testlar bo‘ladi, bundan hech qanday shubhaga tushish kerak emas. Yangi shtamm tarqab ketar ekan, O‘zbekistondagi testlarda ular ko‘rinmay qolarkan, degan xavotirlardan yiroqmiz.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Doniyor Yakubov.
Mavzuga oid
20:03 / 06.09.2024
“Suvdan ham jiddiyroq muammo – yerning sho‘rlanishi bo‘lyapti” - qishloq xo‘jaligi vaziri
19:57 / 20.01.2024
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri xalqaro forumda ishtirok etdi
13:37 / 25.10.2023
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yangi rahbar tayinlandi
12:15 / 09.06.2023