Xalqaro moliyaviy tashkilotlar «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘l loyihasini chuqur tahlil qilishga chaqirmoqda
Xalqaro moliya institutlari «Mozori Sharif-Kobul-Peshovar» temir yo‘l qurilishi loyihasini chuqur iqtisodiy-ilmiy tahlil qilish kerakligini ta'kidlamoqda. Bu temir yo‘l yo‘nalishining aksariyat qismi tog‘li hududlardan o‘tganligi bilan izohlangan.
Joriy yilning 2 fevral kuni Toshkentda «Mozori Sharif-Kobul-Peshovar» temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati.
Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlari vakillari ham so‘zga chiqib, loyihaning strategik ahamiyatini ta'kidlab, uni amalga oshirish jarayonida hamkorlikda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.
Shu bilan birga, loyihaoldi hujjatlarini yuqori sifatli qilib tayyorlashni ta'minlash va puxta ilmiy-iqtisodiy tahlil o‘tkazish zarurligi qayd etilgan. Bu temir yo‘l yo‘nalishining aksariyat qismi tog‘li hududlardan o‘tgani sababli loyiha murakkabligi bilan izohlangan.
Yig‘ilishda xalqaro moliyaviy tashkilotlardan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vitse-prezidenti Alan Pillou, Islom taraqqiyot banki vitse-prezidenti Mansur Muxtor, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk, Osiyo taraqqiyot banki departamenti Bosh direktori Yevgeniy Jukov va Yevropa investitsiya banki prezidentining maslahatchisi Flaviya Palanzalor ishtirok etgan.
Avvalroq, Pokiston bosh vaziri Imron Xon Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi Trans-afg‘on temir yo‘l qurilishi loyihasini tasdiqlagani, bu loyihaga xalqaro moliya tashkilotlaridan tashqi qarz so‘ragani ma'lum qilingandi.
Pokiston bosh vazirining savdo va investitsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Razzoq Dovudning ma'lumotlariga ko‘ra, Imron Xon 2020 yil 29 dekabrda loyihani ishga tushirish maqsadida xalqaro tashkilotlardan qarz so‘rab, xat yo‘llagan.
Avvalroq, Investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘l loyihasini amalga oshirish XXI asrda uch mamlakat uchun «yangi davr va eng muhim voqea» bo‘lishini ta'kidlagandi.
Mavzuga oid
20:59 / 26.11.2024
Prezidentga transport sohasidagi transformatsiya jarayonlari taqdim etildi
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
10:10 / 23.10.2024
O‘zbekiston va Afg‘oniston Mozori Sharifda Imom al-Buxoriy nomidagi madrasani qurish masalasini muhokama qildi
21:05 / 30.09.2024