Iqtisodiyot | 17:35 / 08.02.2021
8381
5 daqiqa o‘qiladi

2021 yilgi davlat dasturida iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash uchun 6ta muhim vazifa belgilandi

2021 yilda respublika iqtisodiyotida inflatsiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik, narx-navo barqarorligini ta'minlash, budjet qoidalarini joriy etish, tashqi qarz hajmini maqbul darajada saqlab turish, suveren xalqaro obligatsiyalarda milliy valuta ulushini oshirish rejalashtirilgan.

2021 yilga mo‘ljallangan «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturida iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Xususan, dasturning makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va narx-navo barqarorligi va inflatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmasligini ta'minlash bobida 6ta muhim vazifa nazarda tutiladi.

1. Inflatsiyaviy targetlash doirasida 2021 yilda inflatsiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik hamda narx-navo barqarorligini ta'minlash

Bunda iqtisodiyotga ajratilgan kreditning o‘sish sur'atlarining yalpi ichki mahsulot nominal hajmi o‘sishi sur'atlari bilan muvofiqligini ta'minlash ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga:

  • inflatsiyani pasaytirish hamda pul resurslari bozorida ijobiy real foiz stavkalari shakllanishi uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • pul-kredit instrumentlaridan samarali foydalanish;
  • iqtisodiyotning real sektorida tarkibiy iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta'minlash va ichki bozorni iste'mol tovarlari bilan to‘ldirish;
  • asosiy iste'mol tovarlarining narxlari mavsumiy tebranishlari darajasidan kelib chiqib «xatar darajasi tahlili» tizimini joriy qilish nazarda tutiladi.

2. Inflatsiyaga nomonetar omillar ta'sirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar

2021 yil 1 aprelga qadar narxlar barqarorligini ta'minlashga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada:

  • oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • import bozorida monopoliyaga yo‘l qo‘ymaslik, import tovarlarini olib kirishda raqobat sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, tashqi bozorlarni diversifikatsiya qilish;
  • oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, kafolatlangan zaxirani yaratish, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirishda kvota asosida sotib olish va ularni bozorga uzluksiz yetkazib berish;
  • asosiy iste'mol tovarlarining transport xarajatlarini subsidiyalash;
  • tegishli hududlarning asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari (shakar, yog‘, o‘simlik yog‘i, un va boshqalar) talabidan kelib chiqib, ularni kvota asosida bozor sharoitlarida sotib olish va ichki bozorga intervensiya qilish choralari nazarda tutiladi.

3. Budjet barqarorligini ta'minlashga qaratilgan budjet qoidalarini joriy etish

2021 yil 1 noyabrga qadar budjet qoidalari bo‘yicha alohida qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilandi.

Bunda umumiy fiskal balansini hisoblashda hukumat nomidan jalb qilingan va qayta kreditlangan tashqi qarz mablag‘larini inobatga olishni ta'minlashga qaratilgan budjet qoidalarni belgilash rejalashtirilgan.

4. Tashqi qarz hajmini maqbul darajada saqlab turish.

Bunda davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 60 foizidan oshmasligini ta'minlash ko‘zda tutiladi.

5. Suveren xalqaro obligatsiyalarda milliy valuta ulushini hozirgi 25 foizdan kamida 40 foizga oshirish

Davlat dasturida mazkur jarayon 2021–2023 yillarga mo‘ljallangani belgilangan. Bunda, xususan:

  • xalqaro moliyaviy konsultantlar va yuridik konsultantlarni yollash;
  • emissiya risolasini ishlab chiqish hamda suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish dasturini belgilash;
  • marketing tadbirlarini amalga oshirish, xususan, xalqaro investorlar bilan uchrashuvlar tashkil etish;
  • shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultantlarning tahlillaridan kelib chiqib, xalqaro moliya bozorlarida xorijiy yoki milliy valutadagi suveren obligatsiyalarni joylashtirish nazarda tutiladi.

6. Davlat qarzi bo‘yicha ma'lumotlarning yanada ochiqligini ta'minlash

Dasturda belgilanishicha, O‘zbekistonning davlat qarzi bo‘yicha ma'lumotlar shakllantiriladi.

Ijro agentliklari va loyiha tashabbuskorlari davlat tashqi qarz hisobidan amalga oshirilgan loyihalar bo‘yicha o‘zlashtirilgan mablag‘lar hamda erishilgan natijalar to‘g‘risida ma'lumotlarni o‘z veb-saytlarida joylashtiradi. Ushbu ma'lumotlarni har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 25-sanasiga qadar Oliy Majlis palatalariga kiritib borish hamda Moliya vazirligi rasmiy veb-saytida e'lon qilib borish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, har bir hududda tashqi qarz hisobiga amalga oshirilayotgan inftrastrukturaviy loyihalar bo‘yicha kengashlarga axborot kiritish va OAVda hisobot berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid