Sport | 21:14 / 08.02.2021
24796
10 daqiqa o‘qiladi

Jaloliddin Masharipov bilan eksklyuziv intervyu: nega ketgani, nega qaytmagani va ideallikka yaqinlashgan «Paxtakor» haqida

Kun.uz'ning Dubayga ijodiy safari samarali bo‘ldi. Bu shaharda futbolimiz bilan bog‘liq ko‘p voqealar sodir bo‘lgani bois ayniqsa futbol haqida ko‘p material tayyorlashga ulgurdik. Bu gal Kun.uz muxlislari uchun yana bir qiziqarli suhbat tayyorladik. Suhbatdoshimiz O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov bo‘ldi.

Oxirgi vaqtlarda Masharipov atrofida ko‘plab mish-mishlar aylanmoqda. U mavsum yakunlanishi bilan BAAga jo‘nab ketdi va hatto o‘zi O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi mukofotini qo‘lga kiritgan marosimda ham qatnashmadi. Avvaliga u Saudiya Arabistonining «An Nasr» klubiga o‘tdi. Jamoadagi transfer taqiqi sabab (bu haqda futbolchidan suhbat davomida bildik) BAAning «Shabob Al Ahli» jamoasiga ijaraga berildi.

Bu bizning uchinchi tomon sifatida bilganlarimiz. Xo‘sh, Masharipovning o‘zi bu voqealar haqida nima deydi? Suhbat davomida futbolchidan shu va yana ko‘plab masalalar haqida so‘radik.

«Trabzon»ning taklifi qanday paydo bo‘lgandi?

Esingizda bo‘lsa, bir necha oy avval suhbatlashganimizda Masharipov o‘ziga Turkiya klubidan qiziqish bo‘layotgani haqida gapirgandi. Jaloliddin o‘sha damlarni esladi: «Trabzon»da Shotani hamma biladi, undan intervyu olishganda, ishlayotgan chempionatidagi yaxshi futbolchilar haqida so‘rashgan. Shota [Arveladze] esa meni maqtab, dunyoning kuchli chempionatlarida ham o‘ynay olishimni aytgan. Keyin ular men haqimda ma'lumot to‘plab, klub bilan aloqaga chiqishgan, o‘rtada qanaqadir summalar aytilgan.

Bularni o‘sha paytda klubning o‘zi gaplashgan va ular menga shaxsan aloqaga chiqmagan. Ja'far aka doim senga qiziqish ko‘p derdi, lekin men qaysi klub deb so‘ramasdim. Jalol bilmasin, eshitib xayoli chalg‘imasin, deb menga bildirishmasdi. Chunki har bir taklifdan keyin meni qo‘yib yuborishlarini so‘rardim».

Qizil kartochkalar...

Masharipovdan OChL doirasidagi «Persepolis»ga qarshi o‘yinda olgan qizil kartochkasi haqida so‘ramasak, bo‘lmasdi. Shuningdek, u chempionatda ham bir marta chetlashtirish olib ulgurdi: «Chempionlar Ligasida «Persepolis» bilan o‘yindan oldin yechinish xonasida yigitlarga «Paxtakor» bu yergacha 10 yildan beri kelmagani, tarix yaratishimiz mumkinligi haqida gapirib, murabbiyning ishini qildim, desa ham bo‘ladi. O‘lsak ham shu maydonda o‘laylik dedim. O‘shanda uchta jamoa ham ishqilib «Paxtakor»ga tushmaylik deb turgandi, bizga esa kim bilan tushishning qizig‘i yo‘q edi.

«Persepolis»ning o‘yinlarini tahlil qilganda, ular asosan qarshi hujum orqali bitta gol urib keyin himoyaga «yotib olishini» payqadik va bizga maydon markazida to‘p yo‘qotilsa, mayda fol ishlatish yoki to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuborish kerakligi aytilgandi. O‘sha vaziyatda ham to‘pni chiqarib yubormoqchi edim, lekin ulgurmadim, eronlik futbolchi oyog‘ini qo‘yishga ulgurgan edi. G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kuchliligidan biroz qizishib ketdim desam ham bo‘ladi.

Ikkinchi o‘yinda esa avvalo derbi edi va o‘sha paytlarda menga bo‘layotgan qiziqishlar, klub meni qo‘yib yubormayotgani sabab xayolim joyida bo‘lmagan. Asabiylashib yurgan vaqtlarim edi. O‘sha o‘yinda 80-daqiqada hisobni 2:2 qildik va oradan 10 soniya o‘tib-o‘tmay yana gol o‘tkazib yubordik. Jahlim chiqib ketgandi, Krimetsga «10 gol ursak, 11 ta gol o‘tkazib yuborasizlarmi», deb baqirdim. O‘sha vaziyatda to‘p menda edi va aldab o‘tsam ham futbolchi meni qo‘yib yubormadi. Ko‘p narsalar yig‘ilib, o‘sha paytda portladim...».

Nega Yevropaga emas, Saudiyaga ketgani haqida

Masharipovni ko‘pchilik O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb biladi. Shu sabab muxlislar uning Yevropaga ketishini kutgandi. Futbolchi nega Saudiyaga ketganini tushuntirdi: «An Nasr» Osiyoning top klublaridan biri. Menda ketsam hech bo‘lmasa Osiyoning top klubiga boraman degan fikr bor edi. «Ash Shabob», «Al Ayn» va boshqa klublardan ham takliflar bor edi. Men klubning darajasiga qaradim va «An Nasr» bilan OChLni yutish mumkin deb o‘yladim. Bundan tashqari, Saudiya chempionati Osiyoda eng yaxshilardan biri, u yerda hech qaysi jamoani osonlikcha yengib bo‘lmaydi. Oddiy klublarida ham 5-6 nafar yaxshi legionerlar bor. Shu sabab «An Nasr»ni tanladim.

Mening transferim uchun qancha to‘lashgan? Taxminan 1,5 million dollar, balki ko‘proq ham. Lekin aniq 1 million dollardan kam emas.

Nega «Shabob»ga o‘tgani haqida

Futbolchi klubning ichki muammolari sabab BAA chempionati vakili «Shabob Al Ahli»ga o‘tdi. Bu klubda yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Aziz G‘aniyev ham o‘ynaydi. Masharipov bu jamoaga qanday o‘tgani haqida gapirdi: «Amirliklarga kelishimga «An Nasr»dagi ichki muammolar sabab bo‘ldi. Klubga FIFA tomonidan o‘tgan transfer oynasi vaqtida yangi futbolchilarni «zayavka» qilolmasligi haqida cheklov qo‘yilgan. Ular oxirgi kungacha kutib tur, biz muammoni hal qilamiz, deyishdi. Lekin kutolmasdim, chunki kutsam, BAAdagi transfer oynasi ham yopilib qolishi mumkin edi. Ota-onam nima qilsang ham, bu yerga qaytib kelma, kelsang yana har xil gap-so‘z bo‘ladi, deyishdi. Shu sabab «Shabob»ga ijaraga o‘tdim. Hozirda huquqiy jihatdan «An Nasr» futbolchisiman va ular bilan 3 yillik shartnomam bor. «Shabob»ga 5 oyga ijaraga berishgan».

Saudiyaga qarshi o‘yinda milliy jamoaning imkoniyati qanday?

Jaloliddin Masharipov milliy jamoa yetakchisi va undan JCh-2022 saralashi doirasidagi muhim o‘yinlar haqida so‘radik. Masharipovning aytishicha, Saudiyani mehmonda yutish eplash mumkin bo‘lgan ish: «Saudiyagacha ham bizni ikkita muhim o‘yin kutib turibdi. Biz mana shu ikki o‘yinda 6 ochko olishimiz kerak. Bizga har doim ozgina narsa yetishmay qoladi. Balki buning sababi ichki chempionatimizning yetarlicha kuchli emasligidir. Birinchi o‘yinda Saudiyadan yomon o‘ynamadik, oxirgi 5 daqiqada hamma narsa o‘zgarib ketdi. 87-daqiqada ikkinchi golni urishdi. Ularni mag‘lub etish uddalab bo‘lmaydigan ish emas».

Masharipov milliy jamoadagi eng yaxshi futbolchilardan iborat jamoa tuzishni xohlamadi. Bu bilan murabbiy ishiga aralashib qo‘yaman, dedi futbolchi hazillashib. Lekin u maydonda birga o‘ynash uchun eng yaxshi sheriklarini aytishga qarshilik qilmadi. Masharipovning aytishicha, maydonda u uchun ideal hujumchi – Eldor Shomurodov. Shuningdek, futbolchi maydonda Jamshid Iskandarov va Farrux Sayfiyev bilan bir-birini juda yaxshi tushunib o‘ynashini aytdi.

«Men pulga qiziqmayman»

Masharipov futbolchi va inson sifatida hech qachon pulga qiziqmaganini aytdi. Futbolchi biz bilan suhbatda bir vaqtlar tomidan chakki o‘tadigan uyda yashaganini ham esladi: «Biz ilgari qiynalib yashaganmiz, o‘shanda nima bo‘lsa ham ota-onamga, akamga bo‘lsin deganman. Ikki xonali hovlida turardik, uni hovli deb ham bo‘lmasdi. Agar yomg‘ir yog‘sa, tomidan chakki o‘tardi. O‘sha vaqtlar hali ham esimda va bu menga har doim oddiy inson ekanligimni eslatib turadi».

«Sovrin yutishni xohlayman»

Suhbatdoshimiz futbolchi sifatida sovrinlar yutishni xohlashini aytdi: «Futbolchi sifatida shaxsiy va jamoaviy yutuqlarim bo‘lishini xohlayman. Chempionlar Ligasini yutmaganman yoki Jahon chempioni bo‘lmaganman. Faoliyatimni tugatgach, sovrin sifatida nima ko‘rsataman, yoshlar musobaqasida eng yaxshi futbolchi bo‘lganim uchun olgan choy qaynatadigan choyniknimi?», dedi futbolchi hazil bilan.

Asosiy maqsadi va «Paxtakor»ga minnatdorchilik

Masharipov futbolchi sifatida asosiy maqsadi va yuragidagi so‘zlarini aytdi: «Men uchun futbolchi sifatida eng muhimi – Jahon Chempionatiga chiqish, chunki hali bu ishni amalga oshirmaganmiz. Agar JChga chiqsak, xalqimiz buni g‘alabadek qabul qiladi. Bizda JChga chiqa oladigan tarkib shakllangan deb o‘ylayman, shunchaki futbolchilarni to‘g‘ri joylashtirish kerak.

So‘nggi so‘z o‘rnida «Paxtakor»dagi murabbiyim Shota Alveradzega rahmat aytmoqchiman. Aynan uning murabbiylik davrida kuchli tomonlarimni ko‘rsata oldim. U menga maydonda va undan tashqarida ham juda ko‘p yordam berdi. Shuningdek, Paxtakor klubi rahbariyatiga ham rahmat aytmoqchiman. «Paxtakor» – mening uyim va doim shunday bo‘lib qoladi», dedi futbolchi.

Mavzuga oid