Jamiyat | 13:39 / 10.02.2021
14374
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalar milliy tibbiyot markaziga yangi rahbar tayinlandi

Cog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Alisher Mirhamidovich Sharipov Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Alisher Sharipov tibbiyot institutini O‘zbekistonda tamomlab, aspiranturani I.M.Sechenov nomli 1-Moskva tibbiyot institutida o‘qigan. Bir necha yil davomida Sog‘liqni saqlash vazirligida Fanlar boshqarmasi bosh mutaxassisi, so‘ng vazirlikning bosh pediatri bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Vazirlar Mahkamasining Muruvvat yordami bo‘yicha komissiyasining muvofiqlashtiruvchi guruhi rahbari bo‘lgan. 

O‘z ish faoliyati bilan parallel ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligining Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi bilan aloqalar bo‘yicha guruh koordinatori sifatida ham ishlagan.

Tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipov tayinlovgacha ko‘p yillar davomida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shoshilinch pediatriya kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

  • Ma'lumot uchun: Bolalar milliy tibbiyot markazi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik namunasi sifatida, tibbiyot va ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida qurilgan bo‘lib, o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan. Qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan mazkur tibbiyot markazi Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etilgan. Bu yerda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya, gemodializ va reanimatsiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markazda faoliyat yuritish uchun 100 nafardan ortiq shifokor va hamshiralar, medtexnik va axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar Koreya Respublikasining yetakchi klinikalarida malaka oshirib qaytishgan.

 

Mavzuga oid