O‘zbekiston | 11:57 / 10.02.2021
10363
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya kompaniyasi o‘zbek charm mahsulotlarini Yevropaga eksport qilish huquqini qo‘lga kiritdi

«Antonio Cuture» kompaniyasiga «Angren charm Invest» tomonidan ishlab chiqarilgan charm mahsulotlarini Yevropaning barcha davlat bozorlariga eksport qilish huquqi taqdim etildi. Shuningdek, Italiya kompaniyasi O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozorlarida reklama qiladi.

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston va Italiyaning terini qayta ishlash va charm poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan qator kompaniyalari o‘rtasida videokonferensiya shaklidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Dunyo AA axborotiga ko‘ra, muzokaralar natijasida, joriy yilning 8 fevral kuni Italiyaning «Antonio Cuture» va «Angren charm Invest» kompaniyalari o‘rtasida shartnoma imzolangan.

Ushbu shartnomaga muvofiq, Italiya kompaniyasi «Angren charm Invest» tomonidan ishlab chiqarilgan charm mahsulotlarini Yevropaning barcha bozorlariga eksport qilish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, ushbu kompaniya O‘zbekiston charm mahsulotlarini Yevropa bozorlarida reklama qilishi va «Angren charm Invest» manfaatlarini himoya qilishi ko‘zda tutilgan.

Shartnomaga ko‘ra, o‘zbek mahsulotlarining Italiya va Yevropa bozorlariga eksporti 2021 yilning mart-aprel oylaridan boshlanadi.

Avvalroq «O‘zcharmsanoat» uyushmasi tomonidan respublika hududlarida va xorijiy davlatlarda mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlari savdosiga ixtisoslashtirilgan «Multibrand» do‘konlarini tashkil etish va uning elektron savdo platformasini yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mavzuga oid