Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Metodlar qachon o‘zgaradi?» - Allamjonov surxondaryolik blogerning qamab qo‘yilganiga IIVdan izoh talab qildi
Termiz shahar IIB 29 yanvar kuni bloger Otabek Sattoriyni qo‘lga oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda organ xodimlari uni majburan mashinaga o‘tirg‘izib, olib ketganini ko‘rish mumkin.
Otabek Sattoriy Surxondaryoda mahalliy amaldorlarning tanqidchisi sifatida tanilgan. IIV Tergov departamenti bloger 5 mln so‘mlik telefonni go‘yoki tovlamachilik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlanganini bayon qilib chiqdi.
Holat yuzasidan JKning 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi ochilgan. Ehtiyot chorasiga oid sud yopiq tarzda o‘tgan. Oliy sud axborotiga ko‘ra, yopiq sud majlisida Sattoriyga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash bo‘yicha prokuratura kiritgan iltimosnomani Termiz shahar sudi qanoatlantirgan.
Mass-media fondi blogerning bu taxlit qamoqqa olinishini keskin qoralab, voqea bo‘yicha qator savollarni o‘rtaga tashladi.
Fond raisi Komil Allamjonov bloger «bosib olib ketilgani», eng og‘ir ehtiyot chorasi tanlangani va ish yopiq sudda ko‘rilayotganiga e'tibor qaratdi.
«Nima uchun eng xavfli jinoyatchidek uning uyida tintuv o‘tkazildi, nima uchun u ko‘plab odamlar bilan olib ketildi, nima uchun sud yopiq bo‘lyapti?
Barcha tovlamachilikda gumon qilingan fuqarolarga shunaqa munosabat qilinadimi? Yoki bloger bo‘lgani uchun shunday alohida «hurmat-ehtirommi»? Bu normal holatmi?
Ichki ishlar vazirligi bu masala yuzasidan izoh berishi shart. Metodlar qachon o‘zgaradi? Bosib olib ketmay, idoraga qonuniy chaqiruv qog‘ozi bilan chaqirilsa, kelmas edimi?
Ehtiyot chorasi sifatida nima uchun eng og‘iri, qamoq tanlandi?
Qonun hamma uchun barobar ekan, organ xodimlari ham oshirib yuborishmasin. Bizning jamoat fondimiz bunday xatti-harakatni keskin qoralaydi», – deya bayonot berdi Komil Allamjonov.

Mass-media fondi raisi Bosh prokuraturadan holatga huquqiy baho berishni so‘ragan.
«Albatta, bizning hamkasblarimiz orasida ham boshqa sohalar kabi qonunbuzarlari bor. Viloyat, shaharlarda o‘zini blogerman deb, turli tovlamachilik yo‘llari bilan kun ko‘rayotganlar yo‘q emas. Lekin aksariyat xalq dardi bilan yashaydigan jurnalist va blogerlar bilan bog‘liq huquqiy masalalar maksimum ochiq-oshkora, shaffof bo‘lishi kerak.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi O‘zbekistonda bu masala ham yangicha bo‘lishi kerak», – deya qo‘shimcha qilgan Allamjonov.
Ayni paytda, Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevning ishonishicha, bloger aynan kasbiy faoliyati ortidan qamoqqa olingan.
U mazkur voqeani «surxondaryolik amaldorlarning bitta blogerga emas, butun boshli so‘z erkinligiga, prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi isyoni» deb baholadi.
Sattoriyning advokati ayblovni butunlay inkor etgan. U ishni uyushtirilgan deb hisoblamoqda.
Mavzuga oid
12:02 / 24.05.2025
«Sizga achinaman, janoblar!» – Abdurahmon Tashanovning shu nomli posti kamsitish deb topildi
11:58 / 24.05.2025
Surxondaryoda giyohvandlik vositasini 20 ming dollarga sotishga uringan shaxslar ushlandi
09:12 / 22.05.2025
Surxondaryoda qovun yegan fuqarolar zaharlangani rad etildi
16:37 / 20.05.2025