Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Surxondaryolik bloger ishi: Deputat va advokat boshqacha fikrda, IIV ogohlantirish bilan chiqdi
Mahalliy amaldorlarni tanqid qilib kelgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa olindi. Deputat va advokat voqea aslida boshqacha bo‘lganini aytmoqda.
Blogerning hibsga olinishi sahnasi internetda tarqaldi va ijtimoiy tarmoqlarda munozaralarni keltirib chiqardi.
Videolardan birida, Termiz shahrida IIB xodimlari Otabek Sattoriy ismli blogerning yashash xonadonida tintuv o‘tkazish yuzasidan ruxsat berilgani, unga nisbatan xodimlar «rezultat» uchun bironta tuhmatni qo‘yish maqsadida o‘z uyidan kuch ishlatilib bosib olib ketilgani bayon qilingan.
Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti rasmiy munosabat e'lon qildi.
Unda aytilishicha, 29 yanvar kuni Sherobod tumani «Qo‘rg‘on» MFYda yashovchi fuqaro Lochin T., ariza bilan murojaat qilib, 2020 yilning dekabr oyida u rahbarlik qiladigan «Chinora Gul baraka» dehqon bozorida oziq-ovqat yarmarkasida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish jarayonida o‘zini «bloger Sattoriy Otabek» deb tanishtirgan shaxs kelib, bozordagi kamchiliklarni qo‘l telefoniga tasvirga olgan.
Bozorqo‘mning arziga ko‘ra, 28 yanvar kuni bloger unga qo‘ng‘iroq qilib, bozorni videotasvirga olish jarayonida o‘zi foydalanib yurgan «RedMi 5» telefoni sinib qolgani, agarda unga bitta yangi «Vivo-X50» rusumli telefon sotib olib bermasa, bozordagi salbiy holatlar tushirilgan videolarni internetda tarqatib yuborishi bilan tahdid qilgan.
U blogerga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, u bilan bo‘lgan so‘zlashuvlarni taqdim qilgan.
«Olib borilgan tezkor-tadbir davomida, fuqaro Otabek S. Lochin T.dan uyining oldida tovlamachilik yo‘li bilan maxsus kimyoviy ishlov berilgan bir dona narxi 5.040.000 so‘m bo‘lgan «Vivo-X50» rusumli uyali telefon apparatini olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlangan», – deyiladi departament axborotida.
E'tiborlisi, jinoyat ishini Termiz shahar IIB emas, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi qo‘zg‘atgan.
Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, voqea aslida boshqacha bo‘lgan.
«Otabek bir necha oy oldin jamoatchilik nazorati uchun Sherobod tumanidagi bozorda narx-navolarni telefoniga tushirayotganida bozorning bir nechta zo‘ravon xodimlari kelib, urib, ust-boshini yirtib, telefonini sindirib tashlashgan.
Keyin u IIBga ariza berib, o‘sha zahoti bozordagi «zo‘ravonlik» bo‘yicha tuman hokimiga uchrashgan. Tuman hokimi Otabekka bu voqealarni internetga chiqarmaslikni iltimos qilib, unga sindirilgan telefon o‘rniga tovon tariqasida yangi telefon olib berishlarini va shu yo‘l bilan yetkazilgan zarar qoplanishini va'da bergan ekan.
Qonunlarimizning adolatli va insonparvar ekaniga ishongan men sodda deputat esa Otabekka:
— Mayli, siz sindirilgan telefoningizni oling, lekin bozordagi zo‘ravonlik uchun bozor boshlig‘i javob berishi kerak. Arizangiz natijasiz qolsa, menga murojaat yuboring. O‘zbekistonda prezident siyosati sabab ochiqlik bo‘lmoqda, Surxondaryoda amaldorlar qonunlarga qaramasa ham prezident siyosatiga qarshi chiqmasa kerak, – deb, ko‘nglini ko‘tarib jo‘natib yuboribman.
Bugun esa xuddi o‘sha bloger sindirilgan telefoni o‘rniga, tovon tariqasida olgan telefonini deya tovlamachilikda ayblanmoqda», – deb yozdi deputat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Kusherbayev mazkur voqeani «surxondaryolik amaldorlarning bitta blogerga emas, butun boshli so‘z erkinligiga, prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi isyoni» deb baholadi.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov fond nomidan qat'iy bayonot bilan chiqib, ko‘plab savollarni o‘rtaga tashladi.
«Nima uchun eng xavfli jinoyatchidek uning uyida tintuv o‘tkazildi, nima uchun u ko‘plab odamlar bilan olib ketildi, nima uchun sud yopiq bo‘lyapti?
Barcha tovlamachilikda gumon qilingan fuqarolarga shunaqa munosabat qilinadimi? Yoki bloger bo‘lgani uchun shunday alohida «hurmat-ehtirommi»? Bu normal holatmi?
Ichki ishlar vazirligi bu masala yuzasidan izoh berishi shart. Metodlar qachon o‘zgaradi? Bosib olib ketmay, idoraga qonuniy chaqiruv qog‘ozi bilan chaqirilsa, kelmas edimi?
Ehtiyot chorasi sifatida nima uchun eng og‘iri, qamoq tanlandi? Qonun hamma uchun barobar ekan, organ xodimlari ham oshirib yuborishmasin.
Bizning jamoat fondimiz bunday xatti-harakatni keskin qoralaydi. Bosh prokuraturadan ushbu holatga huquqiy baho berishlarini so‘raymiz», deyiladi Allamjonovning bayonotida.
Bu orada bosh qarorgohi AQShning Nyu-York shahrida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi — CPJ (Commitee to Protect Journaliss) O‘zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi.
Tashkilotning ishonishicha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa tashlangan.
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot ham voqeadan xavotir bildirdi.
«Agar tovlamachilikni isbotlaydigan dalillar bo‘lmasa, mazkur hibs voqeasi nafaqat xavotirli, balki so‘z erkinligiga raxna soluvchi yana bir harakatdir. Ichki ishlar organlarining o‘z vazifasini bajarishi va jamoatchilikni himoya qilishi muhim, biroq bu shunchaki tanqid uchun qamoqqa olish emasligini ko‘rsatuvchi dalillarni taqdim etishlari ham ahamiyatlidir», – deb yozdi ingliz elchisi Twitter sahifasida.
Blogerning advokati Shavkat Shokirov Gazeta.uz'ga bergan ma'lumotga ko‘ra, 1 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlagan.
Himoyachi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan, ammo jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi 5 fevral kuni qarorni o‘z kuchida qoldirgan.
Boz ustiga, Otabek Sattoriyga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi shu moddaning 2-qismiga qayta malakalangan.
165-moddaning 1-qismiga 3–5 yilga ozodlikni cheklash yoxud shuncha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lsa, gumondor 2-qism bilan aybli deb topilgan taqdirda 5–10 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Advokat Sh.Shokirovga ko‘ra, ayblovni qayta malakalashga hech qanday asos bo‘lmagan.
«Biz bu haqda sud majlisida ma'lum qildik, ammo e'tirozlarimiz inobatga olinmadi. Agar ushbu moddaning birinchi qismi bo‘lganida edi, hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash qiyinroq kechardi. Shuning uchun hibsga olish uchun sun'iy ravishda 2-qism tanlandi», — degan u.
Advokatning qayd etishicha, Otabek Sattoriy o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni mutlaqo tan olmasligini bildirgan.
«Bu yerda zararni qoplash to‘g‘risida gap ketmoqda. Agar Otabek bloger emas, oddiy fuqaro bo‘lganida edi, amaliyotda ko‘ramizki, jinoiy ish qo‘zg‘atilmas edi. Bu fuqarolik-huquqiy masala deb hisoblanardi.
Telefonga kelsak, bozorni suratga olayotganda, telefon undan tortib olingan, keyin buzilgan. Otabek Sherobod tumani hokimiga telefonining shikastlangani to‘g‘risida murojaat qilgan. Unga muammoni hal qilishga va'da berishgan.
Shantaj haqida gapirilyapti, lekin aslida shantaj haqida hech qanday material yo‘q. U tasvirga olgan videoni o‘chirib tashlashgan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarga nimani joylashtirishi mumkin?» – deya ma'lum qildi u.
Shavkat Shokirov ushbu voqeadan bir oy o‘tgandan keyin ular Sattoriyni ma'muriy ish doirasida 15 sutka qamoqqa olishga harakat qilishganini ta'kidladi.
«Bu o‘xshamaganidan keyin, ular bir kunning ichida bir oy avval bo‘lgan voqea asosidagi arizani olishadi. Otabekka telefonni qaytarib berishni xohlashlarini aytishadi. Berilayotgan paytida u hibsga olinadi va tovlamachilikda ayblanadi», – deydi advokat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov organi haligacha uning aybini tasdiqlaydigan hech qanday dalilni taqdim etmagan.
10 fevral oqshomga yaqin Ichki ishlar vazirligi rasmiy murojaat bilan chiqish qildi.
Vazirlik murojaatida ijtimoiy tarmoq faollaridan «davlat idoralarining harakatlarini shubha ostiga qo‘yish, ularni obro‘sizlantirishga qaratilgan xabarlarni ko‘paytirish, masalaning mohiyatini tushunmasdan turib ommani chalg‘itish»dan tiyilishga chaqirdi.
«Ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan jinoyat ishi bilan bog‘liq tekshirilmagan axborotni jamoatchilikka tarqatish orqali biror-bir maqsadga erishishga harakat qilish, tergov va sud organlarining faoliyatiga nisbatan sun'iy ravishda salbiy munosabat shakllantirish – tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, deb baholanadi va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi», – deya ogohlantirdi IIV.
Mavzuga oid
12:02 / 24.05.2025
«Sizga achinaman, janoblar!» – Abdurahmon Tashanovning shu nomli posti kamsitish deb topildi
15:28 / 19.05.2025
Surxondaryoda 11 nafar o‘qituvchi 2 ming dollardan ko‘p maosh olayotgani aytildi. Prezident buni Britaniya bilan taqqosladi
20:32 / 18.05.2025
Bir oyda 590 mingdan ortiq yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlandi - IIV
09:00 / 18.05.2025