O‘zbekiston | 09:03 / 11.02.2021
4642
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish tizimi joriy qilinadi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish tizimini joriy qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”ga qaror loyihasi e'lon qilindi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasining quyidagilarni nazarda tutuvchi «Davlat funksiyalari – biznes uchun imkoniyat» loyihasini amalga oshirish taklifi ma'qullanishi mumkin:

  • davlat funksiyalarini autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish va boshqa usullar orqali bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish hamda davlat boshqaruvi sohasida amalda mavjud imkoniyatlarni kengaytirish;
  • tegishli hududlarda davlat funksiyalari o‘tkazilayotgan sohalarda yetarli miqdorda xususiy sektor sub'yektlari tashkil etilguniga qadar mazkur funksiyalarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi;
  • xususiy sektorga o‘tkazilishi taklif etilayotgan davlat funksiyalari, shuningdek, xususiy sektorning tegishli takliflarini e'lon qilish va muhokamadan o‘tkazish uchun elektron maydoncha faoliyatining ishga tushirilishi;
  • vazirlik va idoralar kesimida xususiy sektorga o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan davlat funksiyalarini tahlil etish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan davlat funksiyalarining yagona reyestri shakllantirilishi.

Davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi mexanizmlar yaratiladi:

  • davlat funksiyalarini tanlab olish;
  • bozor tayyorligini tahlil qilish;
  • davlat funksiyalarini (autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish va boshqalar) xususiy sektorga o‘tkazish usullari va mexanizmlari;
  • xususiy sektorga o‘tkazilgan davlat funksiyalari amalga oshirilishini monitoring qilish;
  • davlat funksiyalari o‘tkazilishi munosabati bilan tegishli davlat organlarining shtat birliklarini maqbullashtirish nazarda tutilmoqda.

Vazirlik va idoralar kesimida xususiy sektorga o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan davlat funksiyalarini tahlil etish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan davlat funksiyalarining yagona reyestrini yuritish tartibi ishlab chiqiladi.

Xususiy sektorga o‘tkazish taklif etilayotgan davlat funksiyalari, shuningdek, xususiy sektorning tegishli takliflarini e'lon qilish va muhokama qilish uchun elektron maydoncha yaratiladi.

Davlat funksiyalari o‘tkazilishi munosabati bilan davlat organlari tegishli bo‘linmalarining bo‘shagan shtat birliklarini maqbullashtirish bo‘yicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Hujjat loyihasi qabul qilinishi bilan davlat tomonidan amalga oshirilayotgan funksiyalarni xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha huquqiy asos yaratiladi, yangidan tizim va mexanizmlar ishlab chiqiladi.

Davlat tomonidan alohida sohalarni ortiqcha tartibga solish holatlari qisqartiriladi va xususiy sektorning davlat funksiyalarini amalga oshirishdagi ishtiroki darajasi oshiriladi.

Tadbirkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi, fuqarolarning ishchanlik faolligi oshiriladi, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid