O‘zbekiston | 08:47 / 11.02.2021
21143
5 daqiqa o‘qiladi
Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi e'lon qilindi
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi loyihasi e'lon qilindi.
Kodeks loyihasi 2 qism, 72ta bob va 1 190ta moddadan iborat. U quyidagi mazmundagi o‘zgarishlarni nazarda tutadi:
- alohida qonunlar bilan batafsil tartibga solingan munosabatlar (intellektual mulkka oid maxsus qoidalar, yuridik shaxslarning huquqiy maqomi va boshqa) va bir-birini takrorlovchi normalarni chiqarib tashlash, yangi tushunchalarni kiritish hamda mavjudlarini takomillashtirish, huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish;
- shaxsiy huquqlarning fuqarolik-huquqiy himoyasini ta'minlash maqsadida fuqaroning tasvirini oshkor qilish va undan foydalanish (fotosurat, videoyozuv va boshqalar) faqat fuqaroning roziligi bilan amalga oshirish mumkinligi, fuqaroning shaxsiy hayoti, shu jumladan uning kelib chiqishi, yashash joyi, shaxsiy va oilaviy hayoti to‘g‘risidagi har qanday axborotni yig‘ish, saqlash, tarqatish va foydalanishga uning roziligisiz yo‘l qo‘yilmasligini belgilash;
- mulk huquqining teng himoya qilinishiga erishish maqsadida mulkni xususiy va davlat mulkiga ajratuvchi normalarni (ommaviy mulk, respublika mulki, munitsipal mulk) bekor qilish, ko‘chmas mulk davlat reyestriga ishonib bitim tuzgan insofli egallovchidan mulkning qaytarib olinmasligini nazarda tutish, yangi turdagi ashyoviy huquq turlari, ya'ni qurilish qilish huquqi (superfitsiy), uzufrukt (shaxsiy foydalanish va egalik qilish huquqi) kabilarni kiritish.
Tadbirkorlar, shu jumladan xorijiy investorlar faoliyati uchun qulayliklar yaratish va ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida:
- tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan ham amalga oshirish qonun hujjatlari bilan nazarda tutilishi mumkinligi haqidagi qoidani kiritish;
- chet el yuridik shaxslariga O‘zbekistonda o‘z filialini ro‘yxatdan o‘tkazib, filial orqali qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday tadbirkorlik (xo‘jalik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini berish;
- tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxslar tashkiliy-huquqiy shakllarining aniq ro‘yxatini belgilab qo‘yish, xo‘jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korxona, operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korxonasi kabi bozor iqtisodiyoti qoidalariga mos bo‘lmagan tashkiliy-huquqiy shakllardan voz kechish;
- yuridik shaxslarni ommaviy huquq va xususiy huquq yuridik shaxslariga ajratish, xususiy huquq yuridik shaxslari barcha turdagi fuqarolik huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkinligi, ularning fuqarolik huquq layoqati faqat sudning qarori bilan cheklanishi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun asoslar esa faqat qonun bilan belgilanishini mustahkamlab qo‘yish;
- fuqarolik-huquqiy munosabatlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratish maqsadida fuqarolik qonun hujjatlarining virtual makon (internet)da vujudga keladigan munosabatlarga ham tatbiq etish, elektron yoki boshqa texnik vositalar yordamida tuzilgan bitimlarni yozma shaklga tenglashtirish, elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda tovarlarni sotishning, raqamli pul (kriptovaluta) muomalasining asosiy qoidalarini belgilash;
- shartnomaviy-huquqiy munosabatlarni rivojlantirish, jumladan shartnoma tuzish erkinligini kengaytirish, ularning barqarorligini kuchaytirish, shartnoma tuzishga majburlash tartibini tugatish, yangi shartnoma turlarini (opsion, qaytib sotib olish sharti bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi, turistik xizmatlar ko‘rsatish, distribyutorlik shartnomasi, agentlash, eskrou) muomalaga kiritish;
- fuqarolik huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, jumladan fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilariga yetkazilgan zarar (haqiqiy zarar va boy berilgan foyda) va ma'naviy ziyonni qoplash mexanizmlarini aniqlashtirish, bunda halollik va adolatlilik tamoyillarini kuchaytirish;
- O‘zbekistonning fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida nazarda tutilgan boshqa o‘zgartirishlar.
Bildirilishicha, Fuqarolik kodeksining yangi tahrirda qabul qilinishi quyidagi natijalarga olib kelishi kutilmoqda:
- iqtisodiyotni yanada liberallashtirishning huquqiy asoslarini yaratish;
- iqtisodiyotda davlatning ishtirokini qisqartirish;
- mulkdorlar huquqlari himoyasining kuchaytirilishi va iqtisodiyotda xususiy mulkning ustuvor rolini ta'minlash;
- ishbilarmonlik muhitini va investitsion iqlimni yaxshilash;
- mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshirish;
- 2017–2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan boshqa vazifalarni bajarish.
Mavzuga oid
12:02 / 02.08.2022
Fuqarolik kodeksiga mulk huquqiga oid o‘zgartishlar kiritiladi
01:05 / 12.09.2020
«Sotsialistik tuzumda o‘ylab topilgan huquqiy konstruksiya» - kontraktatsiya shartnomasi FKdan chiqarilmoqda
20:25 / 11.09.2020
Mansabdor shaxslarning qonuniy harakatidan yetgan zararlarni ham qoplash belgilanishi mumkin
11:21 / 11.09.2020