O‘zbekiston | 18:50 / 12.02.2021
67833
2 daqiqa o‘qiladi

«Ularning ishidan xalqimiz norozi» - Ichki ishlar organlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hay'atining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta'minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishidagi ishlari tanqidiy muhokama qilindi.

«Huquq-tartibot idoralariga hamma sharoitlarni yaratib, eng zamonaviy texnikalarni olib berdik. Katta vakolat, kuch va vositalar bor. Lekin natija kutilganidek emas. Organlar yakdil bo‘lib, vertikal boshqaruvni to‘g‘ri tashkil eta olmayapti. Ularning ishidan xalqimiz norozi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tartib-intizom, qonunlarga hurmat, aholining osoyishtaligi, eng avvalo, mahallada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi zarurligi ta'kidlandi. Bu borada ko‘rilgan dastlabki choralar natijasida o‘tgan yili 4 ming 500dan ziyod mahallada bironta ham jinoyat bo‘lmagan. Lekin, ko‘p rahbarlar mahallaga tushib ishlamagani, muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, hal qilmagani oqibatida ayrim mahallalarda jinoyatlar oshgani ko‘rsatib o‘tildi.

Jinoyatchilikni mahallalarda jilovlash, profilaktika inspektorining ish yuklamasini yengillashtirib, natijadorligini oshirish masalalariga alohida ahamiyat qaratildi.

«Qaysi hokim profilaktika inspektorini qabul qilib, gaplashdi? Uning bir kunlik ishini, oilaviy sharoitlarini o‘rgandi? Hamma "kattakon" uchastka noziriga buyruq beradi. U hamma narsa bilan shug‘ullanyapti, ko‘p vaqt yo‘qotyapti, asosiy ishi qolib ketyapti. O‘zi eng katta mehnatkash - profilaktika inspektori. Agar unga sharoit yaratsak, u davlatdan rozi bo‘lib ishlasa, ko‘p masalalar hal bo‘ladi», - dedi prezident.

Mavzuga oid