Jamiyat | 18:05 / 13.02.2021
16055
10 daqiqa o‘qiladi

«Amir Temurning eng yaxshi xususiyatlari Boburda aks etgan» - boburshunoslar davrasida

Zahiriddin Muhammad Bobur – umr bo‘yi vatan sog‘inchi bilan yashab o‘tgan shoh, iste'dodli shoir, ziyrak olim. U nodir shaxsiyati, 47 yillik umri davomida bosib o‘tgan hayot yo‘li va qoldirgan merosi bilan Sharq xalqlari tarixida katta o‘rin tutadi.

Kun.uz 14 fevral – Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan boburshunoslar bilan suhbat tashkil etdi.

«Bobur – adolatli shoh edi, u davlat mulki va shaxsiy mulkni aralashtirib yubormagan»

Abdumajid Madraimov, tarix fanlari doktori, professor

— Javoharlal Neru Zahiriddin Muhammad Bobur to‘g‘risida gapirar ekan: «Bobur – dilbar shaxs», degan edi. Bu bejiz emas. Ibrohim alayhissalom Allohga iltijo qilib: «Meni to‘g‘riso‘z va odamlarga yoqimli qilgin», degan. Musulmonchilikda inson to‘g‘riso‘z va xushtabiat bo‘lishi kerak. Shu jihatdan olganda Neru gapi to‘g‘ri bo‘ladi.

Abdumajid Madraimov

Barcha bilan muomala qila olish – aksar davlat arboblariga xos xususiyatlardan. Chunki davlat arboblarini gapirganda ularning rabti, zabti va tuzuki degan xususiyatlariga qaraladi. Zabti – biror yerni egallash, rabti – muomala qilish, tuzuk esa boshqarish.

Bobur odamlar bilan muomala qilishda juda e'tiborli bo‘lgan va farzandlariga ham shunday nasihatlar qilgan. Masalan, Komronga yozgan nasihat xatida ham: «Davlatni boshqarmoqchimisan, odamlarni doim yoningga chaqirib tur, ular bilan yaxshi muomalada bo‘l», deydi.

U insonparvar yetakchi sifatida ham nom qoldirgan. Xurosondan qaytayotganda, qishning izg‘irin sovug‘ida qoladi. Safdoshlari tog‘ yonbag‘ridagi g‘orga kirib dam olishni taklif qilishganda ham: «Hamma sovuqda qolib men pana bo‘lsam, bu insofdanmas», deya rad qiladi.

Bobur va uning otasi Umarshayx uchun adolat yuqori o‘rinda turgan. Xususan, davlat mulki va shaxsiy mulkni aralashtirib yubormagan. «Boburnoma»da otasining shunday bir adolatini aytib o‘tadi. Bir karvonni qor bosib, odamlari o‘lganda, ikki yilcha o‘sha mulkni saqlab egalariga bergan, deydi.

Zahiriddin Boburning jismoniy tomondan baquvvatligiga to‘xtalsak, Samarqand himoyasida ikki odamni ikki qo‘ltig‘ida ko‘tarib bemalol yurgan. Kobulda fitna uyushtirilib jang bo‘lganda, bir o‘zi besh odamni yenggan, jismoniy jihatdan ham baquvvat bo‘lgan. Otasi haqida ham «Boburnoma»da: «Otam har qanday yigitni bir musht zarbi bilan otdan ag‘darardi», deydi.

Akrom Dehqon, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti

Akrom Dehqon

— Bobur sadoqatli odamlarni hamisha qadrlagan. Hatto janglarda o‘ldirilgan askarlarining o‘g‘illariga g‘amxo‘rlik qilgan. «Boburnoma»da bir necha joyda aytadi, falon yigitim jangda halok bo‘lgan edi, men o‘g‘lini olib tarbiya qilib, rioyatlar qildim, degan.

Shu bilan birga, eng yomon ko‘rgani, qoralagani bu xiyonat, qo‘rqoqlik va ehmol (ya'ni podsho aytganini vaqtida qilmaslik) hisoblangan.

Bobur va Hindiston. Hind aslzodalari, hukmron tabaqa va mahalliy xalq bilan munosabati

Abdumajid Madraimov, tarix fanlari doktori, professor

— Amir Temurning bir siyosati bor ediki, qaysi tomonga yurish qilmoqchi bo‘lsa, o‘sha yerning chegara yaqinidagi odamlari bilan yaxshi muomalada bo‘lgan. Zahiriddin Bobur ham shu siyosatni o‘z faoliyatida qo‘llab borgan, Hindistonni egallashidan avval, o‘sha atrofdagi odamlarga o‘z adolatini ko‘rsatib turgan.

1525 yilda Dehli sultoni Ibrohim Lo‘di va qarindoshi Davlatxon o‘rtasida janjal kelib chiqadi. Va Davlatxon Boburdan yordam olmoqchi bo‘ladi, bu paytda Bobur ancha kuchga ega bo‘lgan.

Bundan tashqari, Rajput hukmdori Rano Sanga ham xat yozadi va Ibrohim sultonga qarshi jang qilishni taklif qiladi. Shunga ishongan Bobur yurish boshlaydi va bu paytda uning qo‘shini 12 ming atrofida bo‘lgan. Keyinchalik ular xiyonat qilib jang qilishdan bosh torsa-da, oz sonli qo‘shini bilan Ibrohim sultonni yengadi.

Umuman olganda, Bobur Amir Temurga o‘xshagan haqiqiy siyosatchi bo‘lgan, temuriylar davlatining eng yaxshi an'analarini Hindistonga olib borgan. «Temur tuzuklari»da hokimiyat uchun kurashda barcha safdoshlari bilan yakkama-yakka gaplashgani aytiladi. Bobur ham Hindiston yurishidan avval shunga amal qilgan. Amir Temurning eng yaxshi xususiyatlari Boburda aks etgan.

Bobur Hindistonga kelgandan keyin hindlarga o‘z hurmatini ko‘rsatgan. U bu yerning ham tabiatini, ham odamlarini o‘rganadi. Ular bilan yaxshi bo‘lishga harakat qiladi.

Boburiylar bir tomondan temuriylar davlat boshqaruvini olib keldi va bu davlat tuzumi inglizlar kelganda ham shu asosda davlatni boshqarar edi. So‘nggi hukmdor Bahodirshoh Zafar ham musulmon bo‘lgan. Hindistonda ko‘pgina dinlar va elatlar bo‘lgani uchun ularda bag‘rikenglik ham bo‘lgan, hozirda multikulturalizm ham deyiladi.

Farzandlariga aytgan ibratli o‘gitlari

Zahiriddin Boburning farzandlariga yozgan nasihatomuz xatlarining 2tasi yetib kelgan. Shulardan biri o‘g‘li Humoyunga atab yozgan javob xati hisoblanadi.

Akrom Dehqon, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti

— O‘g‘li Humoyunga yozgan xatida unga xat yozishda e'tiborli bo‘lishi, balandparvoz jumlalar qo‘llamasligi, betakalluf yozishi kerakligini uqtirib o‘tgan. Xat yozishdan maqsading nima bo‘lsa, o‘shani qisqa, tiniq qilib bayon qil, deya nasihat qiladi.

Abdumajid Madraimov, tarix fanlari doktori, professor

— Shuningdek, Komronga yozgan xatida: «Sen Xurosonliklardan ehtiyot bo‘lgin, ular yaxshi gapiradi, odamning ishonchiga kirishga harakat qiladi, lekin ularning bitta xavfli tomoni aka va ukani bir-biriga qarama-qarshi qilib qo‘yadi. Soddaroq bo‘lsa ham, Movarounnahrdagi Xoja Ahror valiyning shogirdlariga ko‘proq ishongin. Ular soddaroq, lekin juda ham sadoqatli bo‘ladi», deb aytadi.

«Bobur – xatolardan xoli bo‘lmagan samimiy inson»

Abdumajid Madraimov, tarix fanlari doktori, professor

— Beayb parvardigor, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining kamchiligini, aybini ham yozib qoldirgan. Masalan, Andijonni ikkinchi marta egallagandan keyin shunday farmon beradiki, kim o‘z mulkini tanisa, qaytarib olaversin degan. Chunki bundan oldin Boburning dushmanlari uning tarafdorlarining mol-mulkini tortib olgan edi. Farmon atay qasd olish, chegaradan chiqishgacha olib keladi. Askarlar podsho farmonini ro‘kach qilib, raqiblarining barcha mol-mulkini tortib ola boshlashgan. Bobur bu buyrug‘i xato bo‘lganini va xalqni o‘ziga qarshi qilib qo‘yganini ta'kidlaydi. Shu sabab ham Andijonda xalq orasida «Ur Bobur» degan ibora qolib ketgan.

Uning o‘zi tan olgan xatolaridan yana biri – Ismoil Safaviy bilan bo‘lgan ittifoqi. Shayboniyxon o‘limidan so‘ng asirga tushib qolgan opasini qutqarish uchun jiyani Mirzoxonni elchi qilib yuboradi va ittifoq tuziladi. Shialarning kiyimini kiyib, Samarqandga kirib borganda, xalqning ixlosi qaytganini ko‘radi. Holbuki, Samarqandni avvalgi egallaganlarida xalq uni yaxshi kutib olgandi.

Boburiy hukmdorlarning madaniy hayotga ta'siri

Abdumajid Madraimov, tarix fanlari doktori, professor

— Mirzo Ulug‘bek Samarqandda nima qilgan bo‘lsa, Zahiriddin Bobur Kobul va uning atroflarida shunday ishlarni amalga oshirgan. Isfara degan joyda «Bog‘i vafo», «Bog‘i safo» degan bog‘larni qilgan.

Ingliz tarixchilari boburiylarning 6 nafarini buyuk boburiy deyishadi. Bular – Zahiriddin Muhammad Bobur, Nosiriddin Muhammad Humoyun, Jaloliddin Muhammad Akbar, Nuriddin Muhammad Jahongir, Shahobiddin Muhammad Shohi Jahon va sulolaning oxirgi buyuk vakili Avrangzeb Olamgir.

Nosiriddin Muhammad Humoyunning buyuk xizmatlaridan biri davlatni qayta egallagani hisoblanadi. Jaloliddin Muhammad Akbarning siyosatda, madaniyatda bunyodkorlik ishlari ko‘p. Fotihpur-Sikridan tashqari Allohobod (asli Ilohobod) degan shaharni u qurdirgan.

Shahobiddin Muhammad Shohi Jahon bunyodkorlikka eng ko‘p e'tibor bergan va shu sohani yaxshi bilgan odam bo‘lgan. U Tojmahaldan tashqari Dehli yaqinida Qizilqal'a, Shohjahonobod degan majmualarni ham qurdirgan.

Avrangzeb Olamgir otasi mamlakat xazinalarini juda ham ko‘p sarflab yuborgani uchun kamroq xarjlashga intilgan. Lekin uning o‘sha vaqtda ishlangan suratlarida kiyim-kechaklari shunchalik ko‘pki, uni hamma narsadan voz kechgan odam, deya olmaymiz.

Shunday bo‘lsa-da, u musulmonchilikka ko‘p etibor bergan. «Fatavoyi Olamgiriy» degan kitob yozilishida bosh bo‘lgan. Avrangzebning o‘zi Qur'on ko‘chirib, undan kelgan mablag‘ evaziga yashagan degan gaplar ham bor, bu asossiz emas.

Suhbatni to‘liq holda Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Yigitali Mahmudov tayyorladi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid