O‘zbekiston | 11:09 / 13.02.2021
11966
6 daqiqa o‘qiladi

Navoiy va Andijon viloyatlaridagi davlat xaridlariga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha hisobot e'lon qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2021 yil yanvar oyidagi faoliyati yuzasidan e'lon qilingan hisobotda jamoatchilik e'tiborida turgan bir qator davlat xaridlariga oid huquqbuzarlik holatlari haqida ma'lumot berildi.

Jumladan, o‘rganishlar jarayonida Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari tomonidan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda “Navoiy Tears Invest” MChJ bilan qiymati 38 mlrd so‘mlik jami 11ta qurilish obektlari bo‘yicha shartnomalar tuzilgani aniqlandi. Jami 1 mlrd 588 mln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma'lum qilindi.

Bundan tashqari, Navoiy viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK tomonidan “Mexrangez B-2002” MChJ bilan qiymati 4,7 mlrd so‘mlik 2ta qurilish obektlari bo‘yicha shartnomalar tuzilganligi aniqlangan. O‘rganishlar davomida jami 58,7 mln so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlangan.

Agentlik tomonidan Andijon viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK, “Qishloq qurilish invest” MChJ IK Andijon viloyat filiali, Andijon viloyati qurilish bosh boshqarmasi mansabdor shaxslariga tegishli qurilish korxonalari tomonidan davlat buyurtmalari qonun talablariga zid ravishda qo‘lga kiritilgani holatlari yuzasidan Hisob palatasi va boshqa vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganishlar olib borilayotgani ochiqlandi.

O‘rganishlar jarayonida Andijon viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK buyurtmasi asosida shartnoma qiymati 139,7 mlrd so‘mlik 17ta, “Qishloq qurilish invest” MChJ IK Andijon viloyat filiali buyurtmasi asosida 3,2 mlrd so‘mlik 1ta qurilish obektlari qamrab olingan.

Agentlikning ma'lum qilishicha, Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” IK buyurtmachiligida 2019-2020 yillarda jami 541ta obektlarda 480,4 mlrd so‘m, shundan 2019 yilda 321ta obektlarda 287 mlrd so‘m hamda 2020 yilda 220ta obektlarda 196,4 mlrd so‘m respublika va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qurilish-montaj ishlari olib borilgan.

Agentlik o‘rganishi natijasida Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” IK buyurtmachiligida 2019-2020 yillar davomida 6ta qurilish jamiyatlari tomonidan jami 53ta obektlarda 171,5 mlrd so‘mlik (umumiy qiymatga nisbatan 35 foizni tashkil etadi) tender (tanlov) savdolari qo‘lga kiritilgani ma'lum bo‘ldi.

O‘rganishda qurilish obektlariga nisbatan o‘tkazilgan tender (tanlov)larda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani, odob-axloq qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani, tender jarayonini o‘tkazish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Jumladan, Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” IK direktori M.Q., direktor o‘rinbosari M.K., Qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i R.X., “Qishloq qurilish invest” MChJ IK Andijon viloyat filiali direktori R.D. xizmat faoliyatini olib borishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib, o‘zi yoki yaqin qarindoshlariga qarashli firmalarning tender (tanlov)larda qatnashishiga yo‘l qo‘ygan va ushbu firmalar tender (tanlov)larda g‘olib bo‘lgan.

Shuningdek, “Jahon ma'mur qurilish” MChJ va “Shahrixon qurilish grant” MChJ qatnashgan 7ta tanlov va tenderlarda affillanganlik holatlari mavjud bo‘lgan.

Bundan tashqari, 18ta tanlov va tenderlarni o‘tkazish jarayonlarida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunosti normativ hujjatlar talablari buzilgan.

O‘rganilgan 12ta qurilish obektlari bo‘yicha loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilishida qurilish materiallari narxlari noto‘g‘ri qabul qilinishi natijasida qurilish obektlari loyihasi qiymati 9,4 mlrd so‘mga ortib ketgan.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan 2-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida 3,6 mln so‘m, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 5-sonli umumta'lim maktabida 20,5 mln so‘m, Baliqchi tumanidagi 35-sonli umumta'lim maktabida 2,9 mln so‘m, Shahrixon tuman tibbiyot birlashmasi 2-sonli tug‘uruqxona kompleksida 30,9 mln so‘m, jami 4ta qurilish obektlarida 57,9 mln so‘m miqdorda sifatsiz ishlar amalga oshirilgani ma'lum bo‘ldi.

18ta qurilish obektlarining 11tasi foydalanishga topshirilgan bo‘lib, dastlabki bosqichda ulardan 4tasida nazorat o‘lchovi o‘tkazilgani natijasida Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan 2-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida 335 mln so‘m, Baliqchi tumanida joylashgan 35-sonli umumta'lim maktabida 354 mln so‘m, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 5-sonli umumta'lim maktabida 408 mln so‘m, Shahrixon tumanida joylashgan tibbiyot birlashmasi 2-sonli tug‘uruqxona kompleksida 389 mln so‘m, jami 4ta qurilish obektlarida 1 mlrd 486 mln so‘mlik ishlar kam bajarilgani aniqlangan.

“O‘rganishlar davomida aniqlangan yuqoridagi holatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazish lozimligini inobatga olib, to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga taqdim etilgan. Hozirgi kunda 4ta qurilish obektlari bo‘yicha aybdor shaxslarga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari olib borilmoqda”, – deyiladi Aksilkorrupsiya agentligi hisobotida.

Mavzuga oid