«Alloh menga nogiron farzand bergan bo‘lsa-da, unga kuchli mehr ham bergani uchun shukr qilaman» - ona sabri haqida hikoya
Nazira opa qizi O‘g‘iloyning imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham, unga nisbatan juda kuchli mehr ham bergani uchun Allohga shukr qiladi. Butun oilaning unga nisbatan mehri cheksiz. Ota-ona esa qizi o‘zini baxtli sezishi uchun doimiy harakat qiladi.
«Sharoit plyus» NNT imkoniyati cheklangan fuqarolar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Tashkilot imkoniyati cheklangan farzandi bor onalar bilan suhbatlar o‘tkazmoqda. Loyihaning birinchi sonida Nazira Sobirova o‘zining onalik mashaqqati, farzandlariga mehri haqida hikoya qiladi. Nazira opa uzoq yillar maktabda ishlagan, hozir nafaqada.
«O‘sha paytlari vrachlar kam edi...»
O‘g‘iloy o‘rtancha qizim, uning bir opasi va bir singlisi bor. Hozir ular turmushga chiqib ketishgan. O‘g‘iloy oilamizdagi eng erkatoy farzand bo‘lgan. U katta qizimdan so‘ng uzoq muddatdan keyin tug‘ilgan, ancha kutilgan farzand.
O‘g‘iloyni juda ardoqlaganimiz sabab jismoniy imkoniyatida kamchiliklar borligini ancha payt sezmaganmiz. 1 yoshga to‘lgach, u shamollab qolgandi va shifoxonaga olib borganmiz. O‘shanda jismoniy rivojlanishda nuqsoni borligini, bo‘ynini yaxshi tutolmasligini sezganmiz. O‘shandan beri qizimizning sog‘ligi uchun, uning harakatlarini ko‘paytirish uchun tinmasdan kurashib kelyapmiz.
O‘sha paytlarda bolalar shifokorlari juda kam edi. Kamharakat bolalarni kim ko‘rib qo‘yishini bilmaganmiz. Bizga «qizingizni bolalar nevropotologi ko‘rishi kerak» deyishgan. Bu mutaxassislikdagi shifokorlar ham kam edi. Shuning uchun qizimni 3 yoshdan boshlab davolatishni boshlaganmiz. Davolanishlardan so‘ng 5 yoshdan so‘ng O‘g‘iloy yura boshlagan.
«Bolasini tashlab ketganlarni ham ko‘rdim...»
Allohga behisob shukr, qizimga otasi mendan ham ko‘proq mehribon. Imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham, uni baxtli qiz deb hisoblayman. Sababi bolamni doimiy davolatishlar davomida turli holatlarni ko‘rdim, shifoxonalarda davolatdik: ota-onalar bolalari imkoniyati cheklangan bo‘lgani uchun tashlab ketishganiga, moddiy muammolar tufayli farzandini davolata olmaganiga ham guvoh bo‘ldim.
Biz O‘g‘iloyga doim mehr berganimiz uchun, hammamiz yaxshi ko‘rganimiz uchun uni baxtli qiz deb hisoblayman.
«Ko‘p narsadan voz kechishimga to‘g‘ri kelmadi...»
Hayotim davomida imkoniyati cheklangan bolam uchun ko‘p narsadan voz kechmoqchi bo‘lganman, lekin bunga zarurat yo‘q ekan. Bir muddat ishlamaganman. Uyda o‘tirib unga qaramoqchi edim. Biz hovlida turamiz: sigir-buzoq, tovuqlarimiz bor. Bir yilcha uyda o‘tirgandan keyin qarasam, O‘g‘iloyning dunyoqarashida faqat sigir-buzoq, tovuq kabilardan boshqa narsa yo‘q. Shuning uchun ishlashim kerakligini tushundim.
Maktabim uyga yaqin edi. U yerda har doim kerakli kadr bo‘lganman deb hisoblayman. Qizim uchun ham odamlarga qo‘shilishim, ishlashim kerakligini tushunganman. Qizim ixtisoslashtirilgan shifoxonada har yili 3 oy davolanib kelardi, qolgan paytlari esa men bilan maktabga borardi.
O‘shanda sog‘lom bolalar orasiga qo‘shilishi kerakligini tushunib to‘g‘ri qilganman, deb hisoblayman. Mana shuning uchun ham ishlashim kerak edi. Uzoq yillar direktor o‘rinbosari bo‘lib ham ishlaganman, tarix fanidan dars berganman. Qizim sinfxonalarga ham ortimdan ergashib kirgan, lekin darsga xalaqit bermasdi. Ota-onalar ham to‘g‘ri tushungan ekan o‘shanda, sababi nimaga bu qiz farzandlarimizning sinfxonasiga kiryapti deb shikoyat qilib kelmagan.
Shu taxlit maktabda dars berganman va biror narsadan voz kechganman deb hisoblamayman. Lekin voz kechgan paytlarim ham bo‘lgan. Hokimlikka, kollejga, mahalla idorasiga ishga chaqirishgan. Lekin «agar men maktabni tashlab ketsam, uydan uzoq bo‘laman, qizim yolg‘iz qoladi», deb bu takliflarni rad qilganman.
«Alloh menga kuchli mehr ham bergandi...»
Alloh imkoniyati cheklangan farzand bergan bo‘lsa ham, lekin unga nisbatan yuragimda shunday kuchli mehr uyg‘otgani uchun ming bor shukr qilardim. Hech qachon bolamdan voz kechish haqida o‘ylamaganman.
O‘g‘iloy 9 yoshdaligida ixtisoslashtirilgan bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi borligi haqida eshitganmiz. O‘sha yerda davolatmoqchi bo‘ldik. Shifoxonada qat'iy tartib o‘rnatilgan ekan, darvozadan kiritib yuborgandan so‘ng 3 oylik davolanish muddatida bu tartib amal qiladi. O‘shanda birinchi marta qizimni 3 oy shifoxonada qoldirganman. Kechalari bilan «Uxladimi, qiynalmadimikin», deb o‘ylab chiqqanman. O‘sha 3 oyning o‘zi menga og‘irlik qilgan, mehribonlik uyiga tashlab ketish haqida hech qachon hatto o‘ylamaganman ham.
Davolanayotgan paytimda ko‘rgani borsam, shifokorlar ham «Siz juda ko‘p kelasiz, boshqa bolalarni faqat davolanish muddati tugagach olib ketgani kelishadi», deyishardi.
O‘shanda boshqa bolalarni ham o‘ylaganman. Men qizimni ko‘rgani kelsam, ular ham ota-onasini sog‘inib o‘ksimasmikin, deb shifokorlardan «Ularga nimadir kerak bo‘lsa, ayting olib kelib beraman» deb so‘rardim. «Yo‘q, ularga hech narsa kerak emas. Faqat sizga qarab uydagilarini sog‘inishi mumkin», deyishardi.
«Qizimni atay jamoat transportlariga olib chiqaman...»
Qizim ba'zida jismoniy cheklanganligini o‘ylab, stressga tushgan paytlari, tengdoshlari bilan bir xil emasligi uchun xafa bo‘lgan paytlari bo‘ladi. Lekin bunday vaziyatlarda yonida dalda bo‘lib, ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilganman.
O‘g‘iloyni juda ko‘p o‘zim bilan olib yuraman. Shunday paytlari imkon qadar jamoat transportiga chiqishga harakat qilaman. Sababi, uning odamlarga aralashishini, turli vaziyatlarga tayyor bo‘lishini xohlaganman.
Odamlarning achinish bilan qaraganini yoki boshqacha qarash qilganini ko‘p sezaman. Lekin ularni ham tushunishga harakat qilaman, qizim boshqalardan farq qiladi.
Ota-onani bog‘lab bermagan. Bizdan keyin ham O‘g‘iloyga opasi, singlisi unga g‘amxo‘rlik qilishiga, yaxshi ko‘rishiga ishonaman. Shuning uchun bolalarimdan ko‘nglimiz to‘q.
Hayot murakkab. Imkoniyati cheklangan ota-onalariga avvalo, sabr tilayman. Sabr qiyinchiliklar uchun emas, bolasining ko‘nglidagini topish, uning ko‘nglini ko‘tarish uchun kerak bo‘ladi. Keyin bolalarining imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham, ularni mustaqillikka o‘rgatishga harakat qilishsin. Ularni jamiyatga qo‘shishlarini tavsiya qilaman. Bunday bolalar odamlarga qo‘shilsa, hayoti mazmunliroq, intilishlari yuqori bo‘ladi.
Mavzuga oid
17:26 / 08.11.2024
“Embrionlar qarovsiz qolib ketdi” - EKU orqali farzand kutgan ayollar aldandi(mi?)
15:31 / 16.03.2024
To‘ng‘ich, o‘rtancha, kenja – nechanchi farzand bo‘lib tug‘ilish inson shaxsiyatiga ta’sir qiladimi?
17:00 / 19.02.2024
«Bolalarimni o‘qitish uchun mardikorlik qilganman» - ota
08:36 / 17.02.2024