O‘zbekiston | 18:25 / 15.02.2021
9070
2 daqiqa o‘qiladi

YHXBB «tonirovka» to‘lovi ikki barobar arzonlashgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi «tonirovka» uchun to‘lovlar ikki barobar arzonlashgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar asossiz ekani, to‘lov miqdori o‘zgarmaganini ma'lum qildi.

O‘zbekistonda avtotransport vositalarining oynalarini qoraytirish Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 iyuldagi «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tartibga solinadi.

«Ushbu qaror talablari ayni vaqtda amalda bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlar asossiz ma'lumot hisoblanadi», – deyiladi YHXBB axborotida.

Boshqarma internetdagi norasmiy kanallar egalaridan tasdiqlanmagan va huquqiy asossiz ma'lumotlarni tarqatmaslikni so‘rab, asossiz va yolg‘on ma'lumot tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi qarorning amaldagi tahririga ko‘ra, M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to‘lov stavkalari (bir yilga) —

orqa yon oynalar bo‘yicha:

  • jismoniy shaxslar uchun – 5 BHM (1 225 000 so‘m);
  • yuridik shaxslar uchun – 10 BHM (2 450 000 so‘m);
  • O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun – 20 BHM (4 900 000 so‘m);

orqa va old yon oynalar bo‘yicha:

  • jismoniy va yuridik shaxslar uchun – 50 BHM (12 250 000 so‘m);
  • O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun – 80 BHM (19 600 000 so‘m) etib belgilangan.

Ma'lumot uchun, 2019 yilning 5 oyida «tonirovka» uchun 31 mingdan ortiq, 2020 yil davomida 50 mingdan ortiq ruxsatnoma berilgan. Buning uchun jami 300 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid