O‘zbekiston | 10:32 / 16.02.2021
7599
10 daqiqa o‘qiladi

1 santimetr unumdor tuproq hosil bo‘lishiga yuz yildan ortiq vaqt ketadi - Tuproq tarkibini o‘rganish korxonasi faoliyati bilan tanishuv

Joriy yilning 15 fevral kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi «Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda korxona amalga oshirayotgan ishlar, O‘zbekistondagi tuproq tahlili bo‘yicha muammolar, sho‘rlangan tuproqlar, ularni bartaraf etish muammolari xususida ma'lumotlar berildi.

«Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi» davlat unitar korxonasi 60 yillik tarixga ega bo‘lib, unga 1959 yilda asos solingan. Dastlab Tuproq ekspeditsiyasi sifatida tashkil qilingan. Bugungi kunda korxonada 128 nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda.

Unitar korxonaning asosiy vazifalari - tuproq bilan bog‘liq nazariy-amaliy tahlillar amalga oshirib, shu asosda tavsiyalar berish. Xususan:

  • yer resurslaridan istiqbolli foydalanish bo‘yicha takliflar va rejalar ishlab chiqish, barcha turdagi tuproq tadqiqotlarini amalga oshirish;
  • viloyatlar, tumanlarning tuproq xaritalarini tuzish;
  • qishloq xo‘jaligi yer maydonlari monitoringi;
  • sho‘rlangan tuproqlar kartogrammalarini tuzish;
  • obi va lalmi yerlar tuproq sifatini baholash xaritalarini tuzish, agrokimyoviy tekshirishlar o‘tkazish va boshqalar.

Unitar korxona direktori Odil Jabborov respublikadagi mavjud ekin yerlaridagi tuproqlar holati, tuproqning ishlab chiqarish tizimidagi ahamiyati, uni boyitish va asrash borasidagi ishlar, muammo va kamchiliklar xususida to‘xtaldi.

«Bugungi kunda O‘zbekiston tuproqlari 54 ball bonitetga baholanadi. Bu o‘rtacha ko‘rsatkich. Respublikadagi ayrim hududlar - Samarqand, Toshkent viloyatlarida 90-100 balli unumdor yerlarni uchratish mumkin.

Bizning har bir kiyimimiz va oziq-ovqatimiz tuproqqa bog‘liq. Undan toza ekologik mahsulot chiqadigan bo‘lsa, sog‘lomlik ham o‘z o‘rnida bo‘ladi. Tuproqdagi oziq elementlari hozirda faqat fosfor, kaliy va boshqa kimyoviy minerallar bo‘lib qoldi. Paxtali kiyimni oladigan bo‘lsak, shu paxtaning o‘zini olish uchun ham qancha kimyoviy element beriladi, bu esa paxtada o‘zining ta'sirini ko‘rsatadi.

Nima uchun tuproqqa alohida e'tibor berish kerak, nega yerlarimiz sho‘rlanib ketyapti, buning oldi yetarli darajada olinmayapti, degan savollar bugungi kunning dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Buni tanqidiy nazardan o‘tkazish kerak.

Moldovada FAO yig‘ilishida qatnashganimda bir narsa e'tiborimni tortdi, ular faqat o‘simlik mahsulotinigina olishar ekan, xolos. Ya'ni makkajo‘xori bo‘lsa, uning jo‘xorisi olinadi, qolgan barcha narsasi: poyasi bo‘ladimi, hatto so‘tasigacha yerni haydab ko‘mib yuboriladi. Tasavvur qilyapsizmi, mol haydamasdan, yerni yoqib yubormasdan shunchaki tuproqqa qo‘shib yuborishar ekan. O‘zi shundoq ham bu yerlar qora tuproq.

Biz-chi? Oddiy g‘alla misolida olsak, bug‘doyini olamiz, somonini olib ketamiz, molni haydaymiz, kamiga olov ham qo‘yamiz (bu ekologiyaga ham, tuproqqa ham zarar). O‘simlik yetishtirish orqali tuproqdan qanchalab biomassa olib chiqib ketilyapti, lekin unga qaytarish jarayoni-chi? Bu hozirda katta muammo. Tuproqqa olinganiga yarasha qaytarilmasa, tuproq qayerdan unumdor bo‘lsin tag‘in», deya fikr bildirdi unitar korxona direktori.

Shuningdek, Odil Jabborovning ta'kidlashicha, korxona jamoasi asosan yoshlardan iborat bo‘lib, xodimlarning 65 foizi 35 va undan kichik yoshdagilar, 30-35 foizi esa katta tajribaga ega mutaxassislar hisoblanadi.

«Mahalliy o‘g‘it bilan juda kam ishlanadi. Yoki nomiga chiqariladi. O‘zini bilgan, rivojlanishni istagan klasterlar ishlayapti, lekin umumiy olganda yetarli darajada emas. Hech bo‘lmaganda 15-20 tonna tuproqqa qaytarilishi kerak. Endi bunga resurs yetarlimi-yo‘qmi deb emas, balki shunday sharoitni yaratish har kimning o‘z bo‘ynida. Yerning egasi fermermi yoki klastermi — sharoitni o‘zi yaratishi kerak. Yerdan unumdor va sifatli hosil olishni istagan odam shunga mas'ul ham bo‘ladi-da.

Bizning korxonada agrokimyoviy kartogramma ishlari amalga oshirilmoqda, bundan maqsad o‘g‘itlarni to‘g‘ri qo‘llash, ya'ni tuproqning tarkibi o‘rganilib, shunga mos zarur o‘g‘itlar bilan ta'minlash masalasi turibdi. Ayrim joylarda fosfor yetarli emas, ba'zi yerlarda ortig‘i bilan bor. Shunga qiyosan olsak, bir hududda o‘nta kontur bo‘lsa, o‘n xil tuproq namunasi chiqadi. O‘g‘itlarni tabaqalashtirib, o‘simlik o‘zlashtira oladigan holatga keltirish uchun ishlar qilinmaydi, bu bo‘yicha agrokimyoviy kartogramma ishlari ancha yillardan beri yuritilmaydi. Buni to‘g‘ri tushunadigan agronomlarimiz ham yetarli emas. Shuning uchun ham bu ishlar sust», deya tizimdagi holat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi korxona direktori.

Korxona bosh muhandisi Javohir Musayev bergan ma'lumotga ko‘ra, o‘tgan 2020 yilda qariyb 700 ming gektar yer maydoni tuproq sifatini baholash nazoratidan o‘tkazilgan. Shundan Farg‘ona viloyatidagi 294,8 ming gektar sug‘oriladigan hamda Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi 403,9 ming lalmi maydonlarda shu kabi tahlillar bajarilgan.

Joriy yilda esa Andijon, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridagi jami 911 ming gektar sug‘oriladigan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent, Navoiy viloyatlaridagi 352,6 ming gektar lalmi maydonlarida tuproq sifatini baholash ishlari rejalashtirilgan. Shuningdek, Jizzax va Qashqadaryodagi 727,8 ming gektar sug‘oriladigan yerning agrokimyoviy kartogrammalari tuziladi.

Korxona tarkibida «Tuproq-sinov laboratoriyasi» mavjud bo‘lib, 2017 yilda milliy va xalqaro miqyosda akkreditatsiyadan o‘tgan kam sonli tuproq-sinov laboratoriyalaridan hisoblanadi. Uning tahlillari 160dan ortiq davlatda tan olinadi.

Laboratoriyada tuproq tarkibidagi og‘ir metallar, organik moddalar miqdori, agrokimyoviy xossa xususiyatlari, tuproqning meliorativ holati, fizik-mexanik xossalari kabi asosiy yo‘nalishlarda ishlar bajariladi.

Hozirda laboratoriya 31 turdagi tuproq namunalari, 11 xil turdagi sug‘orish suv namunalari, 8 turdagi o‘simlik namunalari ustida tahlil olib boradi. Bundan tashqari, qulaylik va tezkorlik uchun mobil laboratoriya ham mavjud bo‘lib, u bevosita tahlil olinishi kerak bo‘lgan hududda hozir bo‘la oladi.

Shuningdek, korxonada tuproq tarkibidagi o‘simlik zararkunandalarini aniqlash ishlari ham olib boriladi. Germaniya tajribasi asosida tuproq tarkibida sabzavotlarga va boshqa qishloq xo‘jaligi o‘simliklariga zarar yetkazuvchi organizmlarni aniqlash va ular xavfini bartaraf qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Unitar korxona bosh muhandisi Javohir Musayev tuproq analizi uchun ekspeditsiya ishlari qanday olib borilishi, kartogrammalar tuzish ahamiyati haqida qo‘shimcha ma'lumotlar berdi.

«1 santimetr unumdor tuproq hosil bo‘lishi uchun yuz yildan ortiq vaqt ketadi. Shu bilan birga, unga zarur omillar ham bo‘lishi kerak. Shunga teskari qilib aytganda, tuproqning eroziyaga uchrashi juda ham oson; shamol, yer osti suv sathi ko‘tarilishi, yer sho‘rlashi kabi omillar ta'sirida yuzaga keladi.

Agrokimyoviy kartogramma ishlarini bajarish bugunning dolzarb muammolari sifatida ma'lumot berildi. Xo‘sh, u qanday tarzda olib boriladi, degan savol tug‘iladi. Bunda, avvalo, dala tayyorgarlik ishlari olib boriladi. Ekspeditsiya xodimlari hududlarga chiqib, yer maydonlari, ularning konturi, joylashgan joyi, chegaralari va boshqa elementlarni qishloq xo‘jalik tarhiga tushirib chiqadi. Har 4-5 gektar yer konvert usulida maydonlarga ajratib chiqiladi.

Shu ajratilgan konturning beshta nuqtasidan: to‘rtta chekka va markaziy qismidan 0.30 qatlamda tuproq namunasi olinadi va bular birlashtirilib bitta namuna qilinadi. Shundan so‘ng u raqamlangan maxsus idishda hamda ushbu yer maydoni tarixi haqidagi batafsil ma'lumotlar to‘ldirilib laboratoriyaga olib kelinadi.

Bu yerda esa harakatchan fosfor, almashinuvchan kaliy va chirindi miqdori tahlil qilinib kameralka bo‘limiga o‘tkaziladi, u yerda dastlabki bosqichda konturlangan xaritaga har bir kimyoviy tahlil natijasi kiritib chiqiladi. Va natijada bizda uch turdagi element miqdorini aniq ko‘rsatib beruvchi uchta xarita tayyor bo‘ladi.

Har bir xaritada o‘sha element bilan ta'minlanish darajasiga ko‘ra rang beriladi va shundan so‘ng qaysi joyga ko‘proq e'tibor berilishi kerakligi aniq bo‘ladi. Buning ahamiyati shundaki, kaliy va fosforni kerak-nokerak yerga bir xilda sochish emas, har bir maydonga keragicha mineral bilan ta'minlash imkoni yuzaga keladi. Ortiqcha xarajat mahsulot tannarxi oshishiga ham olib keladi. Ikkinchidan, o‘simlikka o‘tmasdan sizot suvlarga o‘tib ketishi yoki tuproq tarkibida o‘simlik o‘zlashmaydigan holatga o‘tib qoladi», deya ta'kidladi korxona bosh muhandisi.

Shuningdek, u ekin ekiladigan yerlar unumdorligini monitoring qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar xususida tushuntirish berib o‘tdi.

«Bundan tashqari, har 5 yilda sug‘oriladigan yerlarda, har 10 yilda lalmi yerlarda bonitirovka ishlarini qilish rejalashtirilgan. Bunda tuproqning ozuqaviy elementlarinigina emas, umuman, tuproqda kechayotgan jarayonlarni monitoring qilish imkoni paydo bo‘ladi.

Har 10 gektar yer mo‘ljal olinib, 2 metrgacha bo‘lgan tuproq kesmalari qaziladi va tuproq profili ochilib qatlamlardan namunalar olinadi. Bular laboratoriyaga olib kelinib, tuproqning unumdorligini aniqlash uchun 28 ta faktor kimyoviy tahlildan o‘tkaziladi. Bu jarayonda yuqoridagi uchta elementdan tashqari, eng asosiylaridan biri - tuproqning mexanik tarkibi, sho‘rlanish darajasi, gips mavjudligi, yer osti suvlarining mavjudligi kabilar o‘rganiladi», deya qo‘shimcha qildi Javohir Musayev.

Yigitali Mahmudov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid