Iqtisodiyot | 22:14 / 16.02.2021
10945
3 daqiqa o‘qiladi

Polietilen va chorva yem narxlari keskin oshganiga izoh berildi

So‘nggi paytda birjada paxta, polietilen va chorva mollari uchun yem narxlari keskin oshishi kuzatildi. UZEX birja mutaxassisi mazkur holatga izoh berdi.

UZEX birja bosh makleri Mansur To‘ychiyev tovar-xomashyo birjasidagi ayrim mahsulotlar, xususan, paxta, polietilen, shrot va sheluxa narxlari oshayotgani bo‘yicha izoh berdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tovar mahsulotlarining narxida kuzatilayotgan o‘sishga mavsumiy omillar ta'sir qilyapti. 

«Narxlar o‘sishini polietilen misolida oladigan bo‘lsak, uning aynan oxirgi savdolarida narxi keskin oshib bordi. Bunga sabab import qilinayotgan polietilenning narxi oshganida. Shu bilan birga, yilning boshida ushbu mahsulotga 20 foiz miqdorida aksiz solig‘i o‘rnatildi. Bundan tashqari, mavsumiylik faktori ham bor, ya'ni tovarga bo‘lgan talab aynan shu kunlarda ortyapti», – dedi u.

Shuningdek, polietilen narxlaridagi asosiy o‘zgarish plyonka ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan markalarda kuzatilmoqda.

«Aynan plyonkaga talab ortgani va qish mavsumi ekani hisobiga aynan shu markalarda oshish kuzatildi. Paxta tolasiga to‘xtalsak, uning turlicha navlari, alohida tiplari mavjud.

Qaysidir savdoda talab yuqori, oliy navlardagi mahsulotlar sotilganda narx kotirovkasi balandroq bo‘ladi, ya'ni kotirovka berilayotganida navga ham qarab inobatga olinishi lozim.

Paxta shrot va sheluxasi narxining ko‘tarilishi ham hozir qish mavsumi bo‘lgani va bu paytda chorva uchun asosiy yem shu ekani sababli narx oshishi kuzatilmoqda», – dedi bosh makler.

2020 yil yanvar-noyabr oylarida Respublika tovar-xomashyo birjasining elektron savdolari orqali 345 ming tonnadan ziyod paxta tolasi sotildi, bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 18 foizga kamdir.

O‘sha paytda pasayish ko‘rsatkichi jahon bozorlarida ham kuzatildi. Xususan, yanvar-mart oylarida Nyu-York tovar birjasida paxta tolasi uchun fyuchers shartnomalarining narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 1 ming 487 AQSh dollaridan 1 ming 127 AQSh dollarigacha pasaydi. Bu pastlash 24 foizni tashkil etdi. Mazkur holat dunyodagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Biroq keyingi oylarda Xitoy va bir qator boshqa mamlakatlar iqtisodida tiklanish jarayoni boshlangani sababli paxta bozorlarida talab darajasi ko‘tarila boshladi. Natijada, kotirovkalar aprel-noyabr oylarida 1 ming 265 AQSh dollaridan 1 ming 597 AQSh dollarigacha, ya'ni 26 foizga o‘sdi.

2021 yil 11 fevralda O‘zbekistonda o‘tkazilgan savdo yakunlarida paxta bo‘yicha kotirovkalar 26 foizga oshdi. Polietilen 20 foizga, shrot 2,8 foizga oshgani qayd etildi.

Shunga qaramay, 15 fevral holatiga paxta savdosidagi narxlar 18,3 foizga pasaygani kuzatildi. Polietilen 0,2 foiz o‘sdi. Shrot 2,7 foiz, sheluxa 1,5 foizga pastladi. 

Mavzuga oid