O‘zbekiston | 16:33 / 16.02.2021
1882
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tibbiyot akademiyasida Yaponiya kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘plab mamlakatlar singari yapon kompaniyalarida ham qiziqish uyg‘onmoqda. 

Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, shu yilning 22 sentyabrida O‘zbekistonning Yaponiya davlatidagi elchixonasi "Aoikai medical corporation" kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik to‘g‘risida bir necha takliflarni muhokama qilgan edilar. Bugungi uchrashuv ana shu maqsadli kelishuvning mantiqiy davomi bo‘lgani aytiladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan Yaponiyaning "Aoikai medical corporation"  kompaniyasi o‘rtasida imzolangan memorandum yaqin kelajakda tibbiyot akademiyasi yoshlariga kunchiqar mamlakatda o‘qish va ishlash imkoniyatini beradi.

Uchrashuvda universitet prorektori Eryo Sosey, Ginnes Rekordlar kitobiga kirgan mashhur inson, suzish bo‘yicha uch karra jahon chempioni Tyagachi Nabutaka kompaniya to‘g‘risida va o‘zi haqidagi qiziqarli ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi talaba yoshlarining katta qiziqishiga sabab bo‘lgan bu nufuzli korporatsiyaga 1978 yilda asos solingan. Asosiy faoliyati tibbiyot, ijtimoiy yordam va mehmonxona xizmatidan iborat.

Umumiy ishchilari soni 15 mingdan ortiq kompaniyada ayni kunda 300 nafarga yaqin chet ellik fuqarolar ishlaydi. Korporatsiya tarkibida 30 ta kasalxona, 81ta keksalarni parvarishlash markazlari, 11 ta maktabgacha ta'lim muassasalari, yapon tili markazi, kollej va tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan universitetlar ham mavjud.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda talaba yoshlar uchun katta imkoniyat mavjudligi borasida qiziqarli ma'lumotlar berildi. Xususan, yapon tilini bilish darajasiga qarab ular Yaponiyada o‘qish uchun maxsus grant loyihalarida ishtirok etishlari mumkin. Memorandum shartlariga ko‘ra, korporatsiya iqtidorli talabalarni 100 foizli grant asosida o‘qishga qabul qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Dunyo miqyosida eng uzoq umr ko‘ruvchilar ro‘yxatida turadigan yaponlar uchun ijtimoiy himoya tizimi va davlat dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, chet eldan ishga jalb etilayotgan tibbiyot xodimlari va yosh mutaxassislarga qariyalar va yakka yolg‘iz keksalarni parvarishlash, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish ishlariga taklif etiladi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid