Sport | 19:06 / 17.02.2021
8617
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rtoqlik o‘yini. O‘zbekiston milliy jamoasi «Shaxtyor» Soligorskka yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi

O‘zbekiston milliy jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasidagi so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinida Belarusning «Shaxtyor» klubiga qarshi maydonga tushib, yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi.

Vadim Abramov shogirdlari 12-daqiqada himoyadagi pala-partishliklardan keyin o‘z darvozalaridan to‘p o‘tkazib yuborishdi – 0:1.

33-daqiqada esa raqiblar kamchilikda qolishdi. Jamoamiz darvozasiga gol urgan raqib futbolchisi Yuriy Kendish qo‘polligi uchun maydondan chetlatildi. Shunga qaramay, son jihatdan kamchilikda qolgan Soligorsk klubi vakillari o‘yinda ustunlik qilib, 49-daqiqada farqni ikkitaga oshirdi. Darvozabon Botirali Ergashev qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni raqib futbolchisiga uzatib qo‘ydi. Bundan foydalangan Ezze Okeuxi deyarli bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi – 0:2.

Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, belaruslar hisobdagi farqni yirik ko‘rinishga keltirishdi. Jarima maydonchasiga uzatilgan to‘pni himoyachilarimizdan balandroq sakragan Shindagoridze Ilyosov darvozasiga joylab qo‘ydi – 0:3.

Hisob yirik ko‘rinish olgach, vaziyatlardan birida futbolchilar orani ochiq qilishga kirishib ketishdi. Raqib futbolchisi Murod Xolmuhammedovning yuziga tarsaki tortgach, janjalni Vadim Abramov boshchiligidagi murabbiylar tinchitishiga to‘g‘ri keldi. Hakam esa vaziyatga sababchi bo‘lganlarni ogohlantirish bilan cheklandi, xolos.

O‘yin oxirigacha raqibdan biri kishi ko‘p bo‘lib harakat qilgan o‘zbekistonlik futbolchilar hisobdagi farqni o‘zgartira olmay, yig‘in doirasidagi 3 o‘yindan 2tasida ham yirik hisobdagi mag‘lubiyatni tan olishdi. 

Milliy jamoamiz bungacha o‘rtoqlik bahslarida «Zenit»ga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan, Iordaniya ustidan esa 2:0 hisobida ustun kelgandi. 

O‘rtoqlik o‘yini. Dubay.
17 fevral (chorshanba)
O‘zbekiston - «Shaxtyor» (Belarus) – 0:3
Gollar
: Yuriy Kendish 12, Ezze Okeuxi 49, Shindagoridze 55.
O‘zbekiston: Botirali Ergashev, Hojiakbar Alijonov ( Murod Xolmuhammedov, 46), Igor Golban, Islom Qobilov, Farrux Sayfiyev, Odil Hamrobekov (Akmal Mozgovoy, 57), Nurullo To‘xtasinov, Sanjar Qodirqulov (Aziz Turg‘unboyev, 57), Husniddin G‘ofurov (Oybek Bozorov, 65), Hojimat Erkinov, Mirjahon Mirahmadov.
«Shaxtyor»: 30.Gutor, 99.Shevchenko, 21.Filipenko, 20.Sachivko, 5.Antich, 27.Szoke, 77. Yuriy Kendish, 11.Diasamidze, 33.Okeuxi, 22.Stasevich (Shindagoridze, 46), 88.Darbo (Shahzod Ubaydullayev, 64).
Chetlatish: Yuriy Kendish, 33.

Mavzuga oid