Italiyada «Milan derbisi», Angliyada ustoz-shogird to‘qnashuvi. Haftaning eng muhim 7 uchrashuvi prevyusi
Odatdagidek, futbol bahori sal ertaroq, fevraldan boshlanadi. Aynan shu pallada yevrokuboklar qaytadi, ichki chempionatlarda «jo‘ja sanash» boshlanadi. Angliyada «Manchester Siti» ta'qibchilardan yanada uzoqlashish uchun yana bir top uchrashuvni muvaffaqiyatli o‘tkazishi kerak, Italiyada esa «Milan derbisi» g‘olibi A Seriya peshqadamiga aylanadi. Shu va boshqa e'tiborli uchrashuvlar haqida an'anaviy prevyumizda hikoya qilamiz.

Premer-liga. 23-tur
20 fevral (shanba)
LIVeRPUL – EVeRTON
O‘yin boshlanish vaqti: 22:30
TV-translatsiya: UzReportTV
Birinchi davradagi «Liverpul derbisi»da balki butun mavsumga burilish yasagan voqea ro‘y bergandi. Jordan Pikford mehmonlar sardori Virjil van Deykka jarohat yetkazgan, buning oqibati hamon ta'sir qilishda davom etmoqda. Ko‘pchilik, «Liverpul»ning muammosi ko‘proq hujum chizig‘ida, gol kirita olmaslikda bo‘layotganini aytishi mumkin. Ammo shuni e'tiborga olish kerakki, Virjilning maydonda bo‘lishi jamoaning ikki qanot himoyachilari Roberson va Trentga ko‘proq imkoniyat yaratardi. Bu ikki futbolchining hujumkor harakat qilishi esa oldingi chiziqda qo‘shimcha o‘ylanmalar yaratar, himoyalanuvchi raqib vazifasini bir necha barobar og‘irlashtirib yuborardi. «Liverpul»ning juda ko‘p o‘yinlarda gol ura olmagani, Saloh va Manening omadsizliklari aslida aynan Van Deykning yo‘qligi bilan bog‘lanishi u qadar mantiqqa zid emas.
Lekin aynan derbi oldidan «Liverpul» kayfiyatini va o‘ziga bo‘lgan ishonchini qisman tiklab oldi, deyish mumkin. APLdagi qatorasiga uch mag‘lubiyatdan so‘ng, Chempionlar ligasida ancha kuchli bo‘lgan «Leypsig» safarda mag‘lubiyatga uchratildi. Inglizlarning ushbu uchrashuvda ancha tashabbus bilan va mazmunli harakat qilgani Klopp va shogirdlariga yana g‘alabali yo‘lga tushib olish imkonini bersa kerak. Aksincha, «Everton»ning ahvoli biroz og‘irlashdi – «Yunayted» va «Tottenhem»ga qarshi ancha sermahsul va shiddatli o‘yinlardan so‘ng, ikki marotaba mag‘lubiyat sodir bo‘ldi. «Siti»ga qarshi o‘yinni tushunish mumkin, «shaharliklar»ga hozirda hamma mag‘lub bo‘lyapti, lekin «Fulhem»ga qarshi uchrashuvni Anchelotti jamoasi ancha bo‘sh o‘tkazgandi.
O‘yin derbi bo‘lishidan tashqari, turnir jadvali, YeChL yo‘llanmalari uchun kurashda ham katta ahamiyatga ega. Hozirda har ikki jamoa kuchli to‘rtlikdan tashqarida bo‘lsa-da, u yerda bo‘lish uchun asosiy da'vogarlardan sanalishadi. Taxmin qilish mumkinki, YeChLda faqat ulardan biriga joy bo‘ladi, zero «Lester», «MYu», «Chelsi», «Tottenhem» kabi jamoalar ham mavsum oxirigacha kurashishlari tayin.
«Liverpul»ning jarohatlar bilan bog‘liq muammolari davom etmoqda. Bu safar maydonga tusha olmaydiganlar safiga Milner va Fabino ham qo‘shilgan. Lekin yaxshi xabar – Nabi Keyta umumiy guruhga qaytgan va balki bu uchrashuvga tayyor bo‘lishi mumkin. Mehmonlar safida esa himoyachi Yyerri Mina sheriklariga yordam bera olmaydi.
«Liverpul derbisi» doim o‘zining shiddati bilan nom qozongan bo‘lsa-da, natijalar borasida «Everton»ga havas qilib bo‘lmaydi. «Ko‘klar» oxirgi marta qo‘shnilari ustidan 11 yil oldin g‘alaba qozongan. Uchrashuv bo‘lib o‘tadigan «Enfild»da esa mehmonlarning oxirgi g‘alabasi 1999 yilda sodir bo‘lganini ham ta'kidlash kerak. Nihoyat, «Liverpul» o‘z maydonida muammolarga duch kelayotgan (qatorasiga 3 mag‘lubiyat, 5 o‘yin g‘alabasiz), bundan tashqari, hafta o‘rtasida YeChL safari tufayli jismoniy tarafdan ham qiynalishi mumkin bo‘lgan pallada «Everton»ning bu qora an'anaga barham berish imkoniyati yuzaga kelmoqda.
Bundesliga. 22-tur
20 fevral (shanba)
ShALKe – BORUSSIYa Dortmund
O‘yin boshlanish vaqti: 22:30
TV-translatsiya: SportTV
Go‘yoki, jamoalarning hozirgi egallab turgan o‘rinlari, salohiyati yer bilan osmondek, lekin bu uchrashuvni e'tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Birinchidan, o‘z nomi bilan «Rur derbisi», doim juda shiddatli va kutilmagan natijalarga boy bo‘lgan. Ikkinchidan, turlicha bo‘lsa-da, har ikki klub o‘z vazifalarini hal qilish yo‘lida, har bir ochko suv va havodek zarur.
«Shalke» yaxshigina moliyaviy ahvoli va u qadar yomon bo‘lmagan tarkibi bilan barcha antirekordlarni yangilashda davom etmoqda. Kristian Gross jamoasi 21 turdan so‘ng, atigi bir marta g‘alaba qozongan va xavfsiz zonadan 9 ochko ortda qolgan holda jadvalning tubidan joy olgan. Bu ketishda «Shalke» 30 yillik tanaffusdan so‘ng yana quyi ligaga tushib ketishga yaqin. «Borussiya»dek kuchli jamoaga qarshi derbi maqomidagi o‘yinda g‘alaba qozonish esa balki jamoaga ishonchni qaytarib, g‘alabali yo‘lga tushib olishiga turtki bo‘lar.
«Borussiya» esa Chempionlar ligasida muhim g‘alaba qozonib yana barchani o‘zi haqida, xususan, asosiy hujumchisi Holand haqida gapirishga majbur qilgan bo‘lsa-da, Bundesligada ahvoli yaxshi emas. Shtarke yozda bir qator yetakchi futbolchilarini sotmadi va chempionlik uchun kurashib ko‘rishga ishongandi. Ammo hozirda dortmundliklar Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan quruq qolish xavfi ostida qolmoqdalar. Bundesliga doirasidagi oxirgi olti o‘yinda «Borussiya» atigi bir marotaba g‘alaba qozondi, xolos. «Borussiya M», «Bayyer» kabi asosiy raqobatchilarga qarshi o‘yinlarda imkoniyat boy berildi.
Ayni damda «Borussiya» oltinchi o‘rinda va ularni kuchli to‘rtlikdan olti ochkolik farq ajratib turibdi. Chempionlar ligasi yo‘llanmasisiz qolish esa, Dortmund uchun juda qattiq zarba, zero Yevropa grandlari ko‘z tikayotgan Holand, Sancho kabi aktivlarni saqlab turish yoki kerakli narxga sotish yanada qiyinlashib ketadi.
«Shalke» dortmundliklar ustidan oxirgi marta 2019 yilning aprelida 4:2 hisobida g‘alaba qozongan. Shundan keyingi uch o‘yinning ikkitasida «Borussiya» ustun kelgandi. Shu oxirgi uch o‘yinda «Shalke» biror marta ham dortmundliklar darvozasini ishg‘ol qila olmagan va oxirgi ikki o‘yin «Borussiya»ning yirik g‘alabasi bilan tugagan.
Bundesliga. 22-tur
20 fevral (shanba)
AYNTRAXT – BAVARIYa
O‘yin boshlanish vaqti: 19:30
TV-translatsiya: SportTV
Germaniya Bundesligasi 22-turining markaziy o‘yini Frankfurtda o‘tkaziladi. Turnir jadvalida 39 ochko bilan 3-o‘rinda borayotgan «Ayntraxt» o‘z maydonida peshqadam «Bavariya»ni qabul qiladi. Bundesligada so‘nggi 10 o‘yinda 8ta g‘alaba, 2tasida durang qayd etib mag‘lubiyatsiz kelayotgan «Ayntraxt» «Bavariya»ga qarshi shaylanmoqda. «Bavariya» esa so‘nggi 7 o‘yinda 5 g‘alaba, durang va mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, Frankfurt klubi bilan oradagi farqni 10 ochkoga yetkazgan holda 1-o‘rinda bormoqda. Myunxen jamoasi bu safar Frankfurtda jiddiy qarshilikka uchrashi aniq.
A Seriya. 23-tur
21 fevral (yakshanba)
MILAN – INTeR
O‘yin boshlanish vaqti: 19:00
TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV
«Milan derbisi»da oxirgi marta qachon A Seriya peshqadamligi uchun bahs bo‘lganini eslash mushkul. Bunga kamida o‘n yil bo‘lgani shubhasiz. «Yuventus»ning o‘tgan turdagi mag‘lubiyati turinliklarning hali ham to‘liq o‘zlariga kelmaganini ko‘rsatdi. Bu esa Milan jamoalariga sovrin uchun kurashishda katta umid beradi.
«Milan»ning o‘tgan turda kutilmaganda «Spetsiya»ga yutqazib qo‘yishi «Inter»ni peshqadamga aylantirdi. Pioli shogirdlari esa derbidagi g‘alaba yordamida o‘z o‘rinlariga qaytishlari mumkin. Aks natija «Inter»ni endi yaqqol favoritga aylantiradi, zero bir necha ligada chempionlik tajribasiga ega bo‘lgan murabbiy va futbolchilar bilan «Inter» vaziyatni boy bermaydi keyin. Bundan tashqari, «Milan»ni keyingi turda «Roma» bilan uchrashuv ham kutib turibdi. Orada Yevropa ligasi o‘yinlari ham borligini hisobga olsak, jamoa uchun ancha sinovli kunlar boshlanmoqda. Buning ustiga Yevropa ligasida ham «Tsrvena Zvezda» bilan durang qayd etilib, barcha masala javob o‘yiniga qoldirilgan.
«Inter» esa aksincha, kuzda yevrokuboklardan, yaqinda Italiya kubogidan chiqib ketgan, bemalol bir haftada bir o‘yin rejimida belgilangan maqsad sari odimlashi mumkin. Tarkib salohiyati, murabbiy strategiyasi va so‘nggi o‘yinlarda ko‘rsatilayotgan natijalar «Inter»ni chempionatning asosiy favoritiga aylantirib qo‘ymoqda.
Tarkiblar borasida har ikki tomonda ham yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Faqat «Inter» tarkibida Arturo Vidalning maydonga tushishi so‘roq ostida. Ikki hafta oldingi o‘yinda jarohatlanib maydonni tark etgan chililik futbolchi hozirda mashg‘ulotlarda qatnashayotgan bo‘lsa-da, og‘ir uchrashuvga qay darajada tayyor bo‘lishi so‘roq ostida.
Birinchi davra uchrashuvida «Milan» Ibrohimovichning dubli yordamida 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Bir oy oldin bo‘lib o‘tgan kubok bahsida esa xuddi shu hisobda «Inter» g‘alaba qozongan – bu safar Romelu Lukaku qahramonga aylangandi. Umuman, Lukaku – Zlatan dueli ham ushbu to‘qnashuvning intrigalaridan biridir. Esingizda bo‘lsa, so‘nggi derbi ushbu ikki hujumchining mushtlashib ketishiga sal qolgani bilan yodimizda. O‘z vaqtida «Manchester Yunayted»da bir yil birga shug‘ullangan bu ikki yulduz o‘rtasidagi ziddiyat balki o‘sha davrlarda boshlangandir?
Premer-liga. 23-tur
21 fevral (yakshanba)
ARSeNAL – MANCheSTeR SITI
O‘yin boshlanish vaqti: 21:30
TV-translatsiya: Futbol/UzReportTV
Ustoz va shogird bahsi. Bir xil an'analarni targ‘ib qiladigan o‘xshash jamoalar, murabbiylar ham bir maktab vakillari bo‘lgach, go‘yoki tashabbus uchun kurash, pressinglar bahsini kutishimiz ham mumkin edi, ammo bugungi «Arsenal» ancha pragmatik va ehtiyotkor ekanini ta'kidlash kerak. Birinchidan, tarkiblar borasida katta tafovut borligi Artetaga raqib bilan tengma-teng kurashish imkonini bermaydi, ikkinchidan, turnir jadvalidagi holat «Arsenal»ga natijani birinchi navbatga qo‘yish majburiyatini yuklaydi.
Yana bir tarafdan aynan himoyaviy o‘yin top-o‘yinlarda «Arsenal»ning g‘alaba uchun yagona imkoniyati bo‘lib kelmoqda. Zero, yozda bo‘lib o‘tgan Angliya kubogi yarimfinalida ham aynan «Arsenal» «Siti»ni kurashdan chiqarib yuborib, yakunda sovrinni qo‘lga kiritgandi. Umuman, oxirgi 11 o‘zaro o‘yinning 9 tasida «Siti»ning qo‘li baland kelgan va 5tasida yirik hisobda. «Arsenal»ning ikkala g‘alabasi ham kubok bahslariga to‘g‘ri keladi. Premer-liga doirasida londonliklar raqib ustidan oxirgi marta 2015 yilda g‘alaba qozongan.
Mezbonlar tarkibida Tomas Parti yo‘q. Ayniqsa, kuchli raqibga qarshi o‘yinlarda ushbu yarimhimoyachining o‘rni bilinishi shubhasiz. «Manchester Siti»da esa oxirgi paytlarda jamoaning nafaqat yetakchisi, balki to‘purariga ham aylanib qolayozgan Ilkay Gundo‘g‘anda kichik jarohat bor va u «Everton»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Lekin aynan shu o‘yinda boshqa bir yetakchi futbolchi – Kevin De Bryuynening qaytganini ham qayd etish lozim.
Barcha musobaqalarda qatorasiga 17, APLda esa 12 o‘yinda faqat g‘alaba qozonayotgan «Manchester Siti» bu seriya natijasida Liga kubogi finali, Angliya kubogi nimchorak finaliga chiqdi, Premer-ligada 10 ochkolik farq bilan yaqqol peshqadamga aylanib oldi. Bu o‘yinda ham yo‘qotish kuzatilmasa, Chempionlar ligasi muhim pallasi oldidan ichki chempionatda qulaylik paydo bo‘ladi va Pep Gvardiola bemalol barcha musobaqalarda g‘olib chiqish uchun kurashishi mumkin.
A Seriya. 23-tur
21 fevral (yakshanba)
ATALANTA – NAPOLI
O‘yin boshlanish vaqti: 22:00
TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV
«Milan derbisi» oqshomida Italiyada yana bir qiziqarli uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Peshqadamlardan biroz uzoqda bo‘lgan, lekin kamida Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashish imkoniyatini qo‘ldan boy bermagan ikki klub orani ochiq qiladi. Agar yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblasak, «Napoli» hatto uchinchi o‘ringa ham ko‘tarilishi mumkin, demak Gattuzo shogirdlarining chempionlik imkoniyati «Roma» yoki «Yuventus»nikidan kam emas. Ayniqsa, so‘nggi turda «Yuventus» bilan o‘yindagi g‘alaba «Napoli» futbolchilariga qo‘shimcha ishonch bergan bo‘lsa ajab emas.
Raqiblar o‘n kun oldin ham o‘zaro kuch sinashishgan. Italiya kubogi yarimfinalida bergamoliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, finalga chiqishdi. Chunki Neapolda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hisob ochilmagandi. Jamoalarning oktabr oyida bo‘lib o‘tgan A Seriya doirasidagi to‘qnashuvida esa «Napoli» yirik hisobda g‘alaba qozongandi. Demak, oldindan kim ustunlik qilishi noma'lum va har qanday ssenariyni kutishimiz mumkin bo‘lgan o‘yin bizni kutib turibdi.
Mezbonlar tarkibida Hans Xateburdan tashqari hamma safda. «Napoli»ning muammolari esa juda ko‘p. Manolas, Politano, Martens, Xyusay, Ospina kabi futbolchilarning jarohati yangilik emas, buning ustiga hujum chizig‘ida yetakchilardan biriga aylanib qolgan Irving Losanoning ham maydonga tushishi so‘roq ostida qoldi. Meksikalik futbolchi kichik jarohat oldi va mart oyigacha sheriklariga yordam bera olmasligi mumkin.
«Napoli» hafta o‘rtasida Yevropa ligasida «Granada»ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Jamoalarning jismoniy holatlari asosiy planga chiqqan pallada bu omil mezbonlarga ustunlik berishi mumkin. Lekin «Atalanta»da ham o‘zgacha vaziyat – Gasperini shogirdlari kelasi chorshanba kuni Chempionlar Ligasida maydonga tushadilar. «Atalanta»ni Madridning «Real» klubi kutib turibdi.
Fransiya chempionati. 26-tur
21 fevral (yakshanba)
PSJ – MONAKO
O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translatsiya: SportTV
Fransiya chempionatida ham chempionlik uchun kurash turdan-turga qizib bormoqda. 2-o‘rinda borayotgan «PSJ»ni bu turda 4-o‘rindagi «Monako» bilan bahs kutib turibdi. Pochettino jamoasi Kataloniyadan yirik hisobli g‘alaba bilan qaytgach, «monagesklar»ga qarshi ham bor kuch va imkoniyatini sarflashi aniq. Zero, bu to‘qnashuv Parij klubi uchun so‘nggi mavsumlarda «yil o‘yini» darajasida bo‘lib kelmoqda. Ikki klubning ham yaxshi sport formasiga kirganini inobatga olsak, «Park de Prens»dagi o‘yin shiddat va'da qilmoqda.
BOShQA O‘YINLAR
20 fevral. Sauthempton – CheLSI (17:30), ATLeTIKO – Levante (20:15), JYeNOA – Verona (22:00), Valyadolid – ReAL (21 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)
21 fevral. Vest Hem – TOTTeNHEM (17:00), BARSeLONA – Kadis (18:00), Aston Villa – LeSTeR (19:05), Herta – LeYPsIG (19:30), MANCheSTeR YuNAYTeD – Nyukasl (23:59).
Mavzuga oid

17:31 / 19.05.2024
Bundesligada noodatiy va noyob mavsum yakunlari. «Bavariya» hatto ikkinchi bo‘lolmadi

12:28 / 28.10.2023
La Ligada El-klasiko, APLda Manchester derbisi, A Seriyada azaliy raqiblar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi

08:10 / 01.08.2023
SportItalia: A Seriya klubi Otabek Shukurovga qiziqmoqda

15:10 / 13.07.2023