O‘zbekiston | 14:04 / 20.02.2021
3859
1 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlisda aholini koronavirusga qarshi emlash borasidagi ishlar bo‘yicha hisobot eshitiladi

22 fevral, dushanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlisda koronavirus pandemiyasi davrida aholi salomatligini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash borasida qilinayotgan ishlar, aholini koronavirusga qarshi emlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha hukumat vakillarining hisoboti eshitiladi.

Hisobot Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i – sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taqdim etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ommaviy emlash tadbirlari mart oyida boshlanishi kutilmoqda.

Emlashda Rossiyaning «Sputnik V» va Xitoyning «ZF 2001» vaksinalari qo‘llanadi. Har ikkala vaksinadan 1 milliontadan doza sotib olinmoqda.

Birinchi bosqichda 4 112 668 nafar aholi emlanishi, bitta emlash punktida bir kunda 70 kishi vaksina olishi kutilmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid