O‘zbekiston | 19:06 / 22.02.2021
5751
2 daqiqa o‘qiladi

«Taxiatosh» IESda ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi to‘liq quvvatga chiqarildi

«Taxiatosh» issiqlik elektr stansiyasida har birining quvvati 280 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish investitsion loyihasining amalga oshirilishi doirasida ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi to‘liq quvvatga chiqarildi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Qurilmalarda funksional sinash ishlari davom ettirilmoqda, deb ma'lum qildi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ matbuot xizmati.

Stansiyadagi quvvati 280 MVt bo‘lgan birinchi bug‘-gaz qurilmasi 2020 yil dekabrida to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgan edi.

Loyihaning joriy etilishi bilan 1 kVt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan shartli yoqilg‘i miqdori 164,3 gr/kVt soatga kamayadi, bu esa bir yilda 488,6 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga olib keladi.

Ta'kidlanishicha, zamonaviy va energosamarador texnologiyalarning ishga tushirilishi Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, tabiatni muhofaza etishda ham ahamiyatga ega. Birgina suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojning o‘zi yiliga 452 million kub metrdan 159 million kub metrga kamayadi.

Shuningdek:

  • atmosferaga chiqayotgan zararli gazlar 3,2 barobarga kamayadi;
  • azot oksidi 3,5 barobarga kamayadi;
  • asosiy bug‘ gazlarining chiqishi yiliga 972,22 ming tonnagacha kamayadi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazm aholisini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi IESni modernizatsiya qilish bilan Hyundai Engineering va Hyundai Engineering & Construction kompaniyalari konsorsiumi shug‘ullandi.

Eslatib o‘tamiz,O‘zbekistonda 2021 yilda 9ta yangi elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Yanvar oyida oxirida «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ boshqaruvi raisi etib Farhod Abdurahmonov tayinlangandi.

Mavzuga oid