Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bangladesh O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati loyihalarini moliyalashtirishi mumkin
Bangladesh kiyim-kechak eksporti bo‘yicha jahon bozorida Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2018 yilda bunday mahsulotlar eksporti hajmi 33 mlrd dollarni tashkil etgan.

Joriy yil 23 fevral kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov va Bangladeshning O‘zbekistondagi elchisi Jahongir Alam o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Bangladeshning to‘qimachilik sanoati va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi tomonidan to‘qimachilik sohasining salohiyati borasida taqdimot o‘tkazildi. To‘qimachilik va tikuv–trikotaj mahsulotlari eksportini amalga oshiruvchi davlatlar orasida O‘zbekiston yuqori reytingga ega bo‘lib turgani va eksport tovarlar nomenklaturasida yigirilgan ip–kalavadan tortib tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘z ichiga olgani ta'kidlab o‘tildi.
Elchi Jahongir Alam suhbat davomida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida loyihalar amalga oshirish uchun yaratilgan qulayliklarga qiziqish bildirdi.
Xususan, u bangladeshlik investor va tadbirkorlar uchun O‘zbekistonda tekstil sanoatida loyihalar amalga oshirish uchun Bangladesh hukumati tomonidan 50 foizgacha xarajatlarini kredit mablag‘lari bilan ta'minlab berishga, Bangladesh bilan tajriba almashinuvini amalga oshirish uchun mutaxassislar jalb qilishga va mamlakatning geografik joylashuvi qulay bo‘lgani sababli, O‘zbekiston orqali yuk tashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma'lum qildi.

O‘zbekistonning turli to‘qimachilik korxonalarida ko‘pchilik bangladeshlik mutaxassis-texnologlar ish olib bormoqda. 2020 yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondan Bangladeshga 10,5 mln dollar miqdorida mahsulot eksport qilingan.
Bangladesh bugungi kunda dunyoda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik davlat hisoblanadi.
Paxta tolasini yetishtirish yiliga 28 ming tonnani tashkil qiladi. Sohada 7 mingga yaqin korxona mavjud bo‘lib, ularda 5,1 milliondan ortiq kishi ishlaydi (85 foizi ayollar). Kiyim ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasiga qarashli 4 500 fabrikada 4 million ishchi ishlaydi, shundan 80 foizi ayollardir.
Bangladesh tayyor kiyim-kechak eksporti bo‘yicha jahon bozorida Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2018 yilda kiyim-kechak eksporti hajmi 33 mlrd dollarni tashkil etdi va jahon kiyim-kechak eksportidagi ulushi 6,4 foizni, Bangladesh umumiy eksportida kiyim-kechak eksporti 81 foizni tashkil qiladi. Tayyor kiyimlarning asosiy bozorlari AQSh va Yevropa ittifoqi mamlakatlari hisoblanadi.
Mavzuga oid
19:02 / 22.05.2025
Rossiyada xitoylik va o‘zbekistonlik ishchilar ommaviy mushtlashdi
14:00 / 20.05.2025
Germaniya O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida ishlayotgan ayol menejerlarni qo‘llab-quvvatlaydi
14:10 / 14.05.2025
O‘zbekiston va Eron 1 mlrd dollarlik loyiha portfeli va savdo kelishuvlarini shakllantirdi
22:24 / 12.05.2025