Andijonda banklar tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi
«Agrobank», «Mikrokreditbank» hamda «Xalq banki»ning shahar va tuman filiallari tomonidan yoshlarga ajratilgan kredit mablag‘lari Markaziy bank Andijon viloyati bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, «Xalq banki» Kuyganyor filialidan «Development Innovation» MChJga 2020 yil noyabrdagi kredit shartnomasiga asosan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan 550 mln so‘m imtiyozli kredit talon-toroj qilingani aniqlangan.
Mazkur mablag‘ «Alliance Traiding House» MChJga uskunalar sotib olish uchun o‘tkazilgan. Biroq o‘rganish davomida kredit oluvchi ko‘rsatgan manzilda uskunalar mavjud emasligi ma'lum bo‘lgan.
Shuningdek, ushbu bank tomonidan «Xikmatullox Tekstil» MChJga 2020 yil noyabrida xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 400 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Ushbu mablag‘ «Alliance Premium House» MChJga tikuvchilik uskunalari sotib olish uchun o‘tkazilgan. Tekshirish natijasida imtiyozli kredit mablag‘i hisobiga tikuv dastgohlari olib kelinmagani, bank va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar rahbarlari tomonidan mazkur imtiyozli kredit mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlangan.
Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyat boshqarmasi Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur materiallarga asosan joriy yilning 22 fevral kuni Andijon tuman prokuraturasi tomonidan «Alliance Premium House» va «Alliance Traiding House» MChJlar rahbari K.X., «Development Innovation» MChJ rahbari M.S. va «Xikmatullox Tekstil» MChJ rahbari X.H. hamda «Xalq banki» Kuyganyor filiali mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi va 209-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Alliance Premium House» va «Alliance Traiding House» MChJlar rahbari K.X. jinoyat ishiga gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
10:40
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024