O‘zbekiston | 14:55 / 26.02.2021
8124
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zstandart»: Jizzaxdagi binolar qulashiga sifatsiz mahsulot ishlatilgani asosiy sabab bo‘lgan

«O‘zstandart» agentligi huzuridagi departament boshlig‘i Zoirjon Omonov Jizzaxdagi yangi qurilgan uylarning qulashi holatlari yuzasidan izoh berdi.

Mutaxassis yuqoridagi holatlarda qurilish ishlari loyihadan chiqib ketib amalga oshirilgani, binolar qulashiga sifatsiz mahsulot ishlatilgani asosiy sabab bo‘lganini ta'kidladi.

«Jizzaxdagi yangi qurilgan uylarning qulash holati agentlik xodimlari tomonidan borib o‘rganildi. Ishlatilgan metall mahsulotlari va beton plitalarining sifati kafolatlanmagan, tamg‘alanmagan, markasi ham noaniq, kim ishlab chiqarilgani haqida ham ma'lumot yo‘q.

Qurilish mahsulotlari oddiy bozordan olib ishlatilgan. Bu holatlarning hech qaysisi qurilish norma va talablariga javob bermaydi», deya Zoirjon Omonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 yanvar kuni Jizzax shahridagi «Zilol» mahallasi Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri kutilmaganda qulab tushgandi.

Keyinroq, mazkur holatni o‘rganish maqsadida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov bu holat qurilish ishlari davomida nazorat olib borilganda temir-beton, g‘isht va sement mahsulotlariga muvofiqlik sertifikati va qurilish poydevori mos kelishi bo‘yicha sinov laboratoriyasi xulosasi taqdim qilinmagani, obektda ishlar texnik nazoratchi va ish boshqaruvchisiz olib borilgani uchun sodir bo‘lganini aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid