O‘zbekiston | 02:44 / 26.02.2021
10533
2 daqiqa o‘qiladi

SSV: Britancha shtamm ilk bor qayd etilgan bemor 12 kunda tuzalib chiqqan

O‘zbekistonda koronavirusning britancha shtammi ilk marta 10 yoshli bolada aniqlangandi. Ma'lum bo‘lishicha, qizchada kasallik og‘ir kechmagan va asoratlar qoldirmagan. 12 kunlik davolanishdan so‘ng shifoxonadan uyiga javob berilgan.

O‘zbekistonda koronavirusning britancha shtammi qayd etilgani haqida 30 yanvar kuni xabar qilingandi. Yangi shtamm 23 yanvarda oila a'zolari bilan BAAdan Toshkentga qaytgan 10 yoshli qizda aniqlangandi.

Kun.uz muxbiri bemorning bugungi kundagi holati haqida ma'lumot olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landi.

«Koronavirusning britancha shtammi bizning hududimizda ilk bor qayd etilgan 10 yoshli qiz BAAning Dubay shahridan kelgan va joriy yilning 23 yanvarida gospitalizatsiya qilingandi.

Bemor o‘z vaqtida va belgilangan standartlar bo‘yicha to‘laqonli davolandi. Kasallik og‘ir kechmadi, asoratlar qoldirmadi va hozirgi kunda bemor sog‘ayib, 5 fevralda uyiga javob berilgan. Ya'ni 12 kun davomida davolash va kuzatuvda bo‘lgan.

Qayta tekshiruvlar natijasida unda virus aniqlanmagan», – dedi Furqat Sanayev.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusning nisbatan xavfliroq ekani aytilayotgan yangi shtammi mamlakatga kirib kelishining oldini olish uchun bu shtamm keng tarqalgan Buyuk Britaniya, Italiya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va JAR davlatlaridan O‘zbekistonga kirish va chiqish taqiqlangan. O‘tgan hafta Germaniya bu ro‘yxatdan chiqarildi.

«Britancha shtamm aeroportdayoq jilovlangani – yutug‘imiz», – degandi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Nurmat Otabekov brifinglardan birida.

Mavzuga oid