Jamiyat | 18:54 / 26.02.2021
5875
3 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot muassasalari tug‘ilish va o‘lim holatlarini elektron tizimga kiritmayotgani ma'lum qilindi

Davlat xizmatlari agentligining ma'lum qilishicha, Toshkent shahridagi bir qator tibbiyot muassasalari tug‘ilish va o‘lim holatlari bilan bog‘liq ma'lumotlarni elektron tizimga kiritmagani va tegishli ma'lumotlarni yagona tizim orqali FHDYo bo‘limlariga yubormagani aniqlangan.

«2018 yil 12 iyundagi «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan 2019 yildan boshlab tibbiyot muassasalari va FHDYo organlari o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim haqida elektron ma'lumot almashish tizimi joriy etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 noyabrdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentida tibbiyot muassasasi ota-ona va bola haqidagi barcha ma'lumotlarni elektron shaklda «Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan, perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishi va ma'lumotlar avtomatik tarzda FHDYo bo‘limiga yuborishi belgilangan. Davlat xizmatlari agentligi ushbu jarayonni muntazam ravishda nazorat qilib boradi. Biroq o‘rganishlarimiz hamma joyda ham belgilangan tartib-qoidalarga amal qilinmayotganini ko‘rsatmoqda.

Xususan, agentligimiz tomonidan joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahridagi bir qator tibbiyot muassasalari tibbiy ma'lumotlarni axborot tizimiga kiritish va FHDYo bo‘limlariga yuborish holati o‘rganildi. O‘rganish davomida tibbiyot muassasalari tomonidan tug‘ilish va o‘lim holatlari bo‘yicha ma'lumotlar belgilangan muddatlarda axborot tizimiga kiritilmagani va FHDYo organlariga yuborilmagani aniqlandi», deydi agentlik boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Mahmudov.

Qayd etilishicha, 2020 yilning yanvar oyi davomida tug‘ilganlik haqidagi 390ta, perinatal o‘lim haqidagi 3ta ma'lumot axborot tizimiga kiritilmagan, tug‘ilganlik haqidagi 888ta ma'lumot belgilangan muddatdan kechiktirib kiritilgan.

Jumladan, Toshkent shahridagi 8-sonli tug‘uruq kompleksi tomonidan 2021 yil 9 yanvarda tug‘ilgan fuqaro L.S.ning bolasi haqidagi ma'lumot 11 kundan keyin, ya'ni 21 yanvarda FHDYo bo‘limiga yuborilgan.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga ko‘ra, bola tug‘ilgan joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola tug‘ilgandan so‘ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma'lumotlarni axborot tizimiga kiritishi hamda ma'lumotlarni avtomatik tarzda «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimiga yuborishi va QR-kod qo‘yilgan blankda ma'lumotnoma shakllantirishi belgilangan.

Ulug‘bek Mahmudovning qo‘shimcha qilishicha, tibbiyot muassasalari tomonidan muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-da, ayrim tibbiy ma'lumotlar axborot tizimiga kiritilmagani aniqlangan. Shuningdek, Toshkent shahridagi 3-son tug‘uruq kompleksi tomonidan esa tug‘ilishi qayd etilgan 313 nafar bolaning tibbiy ma'lumotlari axborot tizimiga kiritilmagan va FHDYo bo‘limiga yuborilmagan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan 14 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma'muriy jarima jazo chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid