Shaxsiy manfaat bilan davlat manfaatini aralashtirish: Davlat organlari nega monopoliya taraf?
Mamlakatda raqobat muhitini rivojlantirish uchun prezidentning bir qator muhim farmon va qarorlari qabul qilindi. Jamoatchilikning katta qismi raqobat yo‘qligini hamda monopoliyani UzAuto Motors siymosida ko‘rishga o‘rganib qolganiga qaramasdan, bu sohadagi boshqa, muhim muammolarga ham e'tibor qaratishni istardik.
Toshkent davlat yuridik universitetida «Raqobat huquqi» fanini o‘rganib, o‘z bitiruv malakaviy ishimda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining huquqni qo‘llash amaliyoti bilan tanishar ekanman, ayrim davlat korxonalari va mansabdor shaxslar o‘zlarining idoraviy, ehtimol, shaxsiy manfaatlari yoki ayrim tadbirkorlarning manfaatlari lobbisi yo‘lida raqobatga qarshi qonunchilikka tamomila zid keluvchi hukumat qarorlari va prezident farmonlari loyihasini tayyorlashayotganiga amin bo‘ldim. Ular tomonidan tayyorlanayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlarda quyida sanab o‘tilgan maqsadlarni ko‘zlovchi bandlar ustalik bilan qo‘shib qo‘yilganiga guvoh bo‘lish mumkin:
a) Monopol korxonalar tuzish;
b) xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni tender (tanlov) o‘tkazmasdan mustaqil tanlash;
c) alohida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga imtiyoz va yengilliklar taqdim etish huquqini qo‘lga kiritish.
Ma'lumki, bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat iqtisodiyotni tartibga soluvchi va islohotchi bo‘ladi. Lekin amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, aynan davlat organlari tomonidan raqobat haqidagi qonunchilikning buzilishi ko‘p uchramoqda.
Ma'lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunining 12-moddasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni davlat organlari tomonidan raqobatni cheklash bilan bog‘liq qonunbuzarliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan.
Keling, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining rasmiy saytida e'lon qilingan amaliyotdan misollarga to‘xtalamiz:
Monopol kompaniyalar tuzish
Ayni paytda O‘zbekistonda 224ta monopolist korxona (jumladan, tabiiy monopoliyalar) bor. Barchaga yaxshi ma'lumki, monopoliya — baland narxlarni hamda iste'molchilarda tanlov erkinligi yo‘qligini bildiradi. Binobarin, davlat siyosati yangisini yaratishga emas, monopolist korxonalarni qisqartirishga yo‘nalgan bo‘lishi lozim. Lekin hamma ham bunga rozi emas, shekilli. Quyida davlat organlari monopoliyalar yaratish yo‘lida tashabbus bilan chiqqan bir necha holatni ko‘rib chiqamiz:
1. Madaniyat, Moliya, Transport vazirliklari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining o‘zlari ishlab chiqqan Hukumat qarori loyihasidagi Elektron chiptalar savdosi bo‘yicha yagona portal (operator) — EChSYaP yaratish haqidagi tashabbusi. Ayni paytda mamlakatda transportga elektron chipta sotuvchi e-ticket.railway.uz, uzairways.online, avtoticket.uz, shuningdek, kino, teatr, konsertlar va sport tadbirlariga chipta sotuvchi iticket.uz va myticket.uz kabi xizmatlar ishlab turibdi. Shak-shubha yo‘qki, yagona operatorning paydo bo‘lishi sohada monopoliya o‘rnatilishiga sabab bo‘ladi.
2. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining mamlakatdagi ko‘p kvartirali turar joylarda eski liftlarni yangisiga almashtirish uchun «Texnopark» MChJni bosh pudratchi deb tayinlash, shuningdek, ushbu korxonaga lift uskunalari monitoringi va dispetcherlik xizmatlarini ko‘rsatish huquqini taqdim etish bo‘yicha tashabbusi (Bu Vazirlar Mahkamasining «2021–2027 yillarda ko‘p kvartirali uylarda lift qurilmalarini modernizatsiya qilish va ta'mirlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi).
3. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida «Agroservis Operator» davlat unitar korxonasini tuzishni taklif etgan. Loyihada ko‘rsatilishicha, «Agroservis Operator» DUK bog‘dorchilik va uzumchilikni barqaror rivojlantirishga qaratilgan maqsadli loyihalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanar emish.
4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi marrani katta olib, «Uzintertrade» AJ tashqi savdo kompaniyasi tuzilishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoni loyihasini ishlab chiqqan. Loyihaga ko‘ra, AJga monopol mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullanish, mahalliy tadbirkorlar va hunarmandlardan mahsulotlarni QQS to‘lovisiz, to‘liq eksportga yo‘naltirish sharti bilan xarid qilish, shuningdek, vositachilik xizmatlari ko‘rsatish va h.k.lar huquqi taqdim etish nazarda tutilgan.
Tender (tanlov)ni aylanib o‘tish
Tender — bu davlat xaridlari bozorida raqobatni ta'minlashning asosiy usullaridan biri bo‘lib, u buyurtmachiga narx-sifat kesimida eng munosib yetkazib beruvchi (ishlab chiqaruvchi)ni tanlash huquqini beradi. «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, xolislikni ta'minlash va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tovarlar, ishlar, xizmatlarda davlat xaridini amalga oshirish qoida tariqasida tortishuv prinsipi, ya'ni tanlovlar (tenderlar) asosida o‘tkazilishi lozim. Biroq ayrim davlat organlari «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonundagi umumiy qoidalarga istisnolardan asossiz foydalangan holda tanlov o‘tkazmasdan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni mustaqil tanlab olishni istashadi. Misollar keltiramiz:
1. Davlat soliq qo‘mitasi «Asl belgisi» Milliy axborot tizimi (MAT) ishlab chiqish hamda texnik xizmat ko‘rsatish uchun «CRPT TURON» MChJ bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar yo‘li orqali davlat-xususiy sheriklik shartnomasini tuzishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini ishlab chiqqan…
2. Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi o‘zlari tomonidan ishlab chiqilgan «Yer osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yer osti boyliklari uchastkasidan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma olishda manfaatdor shaxsning arizasiga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar natijasiga ko‘ra, ruxsatnoma berish imkoniyati taqdim etishni nazarda tutadi...
3. Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan Surxondaryo daryosining o‘zanini tozalash ishlarini tanlov o‘tkazmasdan, «SURXON TEKSTIL TOLA», «BOTIR ALI» va «SHO‘RCHI SHAG‘AL SAVDO» MChJga taqdim etuvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
4. «O‘zeltexsanoat» assotsiatsiyasi mamlakatga sifatsiz elektrotexnika mahsulotlari olib kirilishini bartaraf etish maqsadida «O‘zeltexsanoat» bazasida yaratilayotgan markazni qurish va jihozlashda assotsiatsiyaga tovarlar (ishlar va xizmatlar)ni xarid qilish usullarini mustaqil tanlash huquqini beruvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqqan.
5.Tekstil sanoati assotsiatsiyasi o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining «Agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasida qishloq xo‘jaligi texnikasi va butlovchi qismlarni «Indorama Agro» va «Pahtakor Teh» MChJ bilan tuziladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida olib kirishni nazarda tutgan.
Alohida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga imtiyozlar va yengilliklar berish
Davlatdan imtiyoz va yengilliklar olish — unga egalik qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektni bozordagi boshqa o‘yinchilarga nisbatan doim afzal raqobat holatiga keltirib qo‘yadi. Oqibatda sog‘lom raqobatga putur yetadi va sekin-asta bozorning monopollashuvi ro‘y beradi.
1. Sog‘liqni saqlash vazirligi 29,48 gektar yerni AKFA xususiy universitetiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tashabbusi bilan chiqqan.
2. «O‘zavtosanoat» AJ tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasiga ko‘ra, Andijon viloyat hokimligi «Sanoat habi»da tashkil etilayotgan korxona balansiga 100 gektardan kam bo‘lmagan yerni ajratib berishi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yuritish bilan bog‘liq bo‘lmagan sug‘oriladigan yerlardan foydalanishda to‘lanadigan kompensatsiyadan ozod qilishi kerak bo‘lgan.
Yuqorida sanab o‘tilgan loyihalarning barchasiga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi salbiy xulosa bergan va bu qo‘mitaning saytida rasman e'lon qilingan holatlar. Fikrimcha, amaliyotda bunday holatlar kam emas. Biroq, taassufki, Aksilmonopoliya qo‘mitasining salbiy xulosalariga qaramasdan, bunday loyihalarning aksariyati qabul qilinmoqda. Bunday holatlarning oldini olish uchun Aksilmonopoliya qo‘mitasining xulosasi tavsiyaviy emas, majburiy xarakterga ega bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Ya'ni MQKQning ijobiy xulosasisiz me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari qabul qilinmasligi kerak.
Shuningdek, amaliyotda suiiste'molchilikka yo‘l qo‘yilmasligi uchun «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonundagi istisnolar va bo‘shliqlar ham qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Umid qilamizki, me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda barcha davlat organlari jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib harakat qiladi.
Umid G‘afurov,
Toshkent davlat yuridik universitetining
«Xususiy huquq» fakulteti 4-bosqich talabasi
Mavzuga oid
17:18 / 14.11.2024
Elektromobil bozorini qisish uchun oxirgi bir yilda nimalar qilindi?
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarining vagon qismini 30 foizga oshiradi
09:59 / 13.11.2024
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun tatbiq etiladigan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi
15:57 / 07.11.2024