Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nigeriyada 300dan ortiq o‘quvchi o‘g‘irlangan. Bu safar «Boko Haram» aloqador emasligi aytilmoqda
Juma kuni Nigeriya shimoli-g‘arbidagi maktab internatdan 300dan ortiq o‘quvchi qiz noma'lum guruh tomonidan o‘g‘rilab ketildi.
Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, qizlar o‘rmonga olib ketilgan. Bu hodisa juma kuni tongda Zamfara shtatidagi Jangebe shahrida ro‘y bergan.
Nigeriyada qurollangan guruhlar qaytarish evaziga pul olish maqsadida o‘quvchilarni garovga olishi holatlari ro‘y berib turadi.
Prezident Muhammad Buxoriy so‘nggi o‘g‘irlik holatini keskin qoralab, uni «noinsoniy va mutlaqo toqat qilib bo‘lmas hodisa» deb atagan.
«Hukumat katta pul undirish uchun o‘quvchilarga hujum qilgan jangarilarning shantaji ta'siriga tushmaydi. Bizning asosiy maqsadimiz - garovdagilar omon va shikassiz bo‘lishini ta'minlash», degan u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hukumat banditlarga qarshi «katta kuch» tashlashi mumkin, ammo maktab o‘quvchilaridan «jonli qalqon» sifatida foydalanishlari xavfi bor.
O‘tgan haftada Nigerga qo‘shni bo‘lgan shtatda jangarilar 42 kishini, shu jumladan, 27 o‘quvchini o‘g‘irlashgandi. Shu vaqtgacha ular ozod qilinmadi.
2014 yilda «Boko Haram» jangarilari Nigeriya shimoli-sharqida 276 o‘quvchini o‘g‘irlab ketishgandi. Bu radikal guruh zamonaviy ta'limga qarshi bo‘lib, uning a'zolari tez-tez maktablar va boshqa ta'lim muassasalariga hujum qilib turishadi.
Ammo so‘nggi hujumlar oddiy jinoyatchi guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgani aytilmoqda.
Bu qanday ro‘y berdi?
Hujum mahalliy vaqt bilan juma kuniga o‘tar kechasi (Grinvich bo‘yicha yarim tun) amalga oshirilgan. O‘qituvchilardan biri mahalliy yangiliklar agentligiga ma'lum qilishicha, qurollangan guruh maktab hududiga pikaplar va mototsikllarda kelishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum qilganlarning ayrimlari ustida xavfsizlik xizmati xodimlari libosi bo‘lgan.

Boshqa guvohlarning aytishicha, jangarilar piyoda kelishgan, ularning soni yuzdan ortiq bo‘lgan.
«Ular maktab darvozasini buzishdi va qo‘riqchini otib tashlashdi. Keyin yotoqxonaga kirib, qizlarni uyg‘otishdi va ibodat vaqti bo‘lganini aytishdi. Qizlar yig‘lab yuborishdi. Jangarilar ularni o‘rmonga olib ketishdi. Yo‘l bo‘yi ular havoga o‘q uzib ketishdi», degan BBC muxbiri bilan suhbatda guvohlardan biri.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, aqldan ozar holatga tushgan ota-onalar maktab yaqinida to‘planishgan, ularning ayrimlari qizlarini izlab jungliga yo‘l olishgan.

O‘qituvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, maktabda jami 421 o‘quvchi bo‘lgan, hozirda ularning soni 55 nafar.
O‘quvchilarni qidirish uchun Jangebega kuchaytirilgan politsiya bo‘linmalari va harbiylar yuborilgan.
YUNISEF Nigeriyada o‘quvchilarning yoppasiga o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq yana bir holatdan juda qattiq xavotirda ekanini bildirdi.
Bu ishning ortida kim turibdi?
Hozircha hech bir guruh bu o‘g‘rilik uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Zamfara shtatidagi qurolli guruhlar odamlarni keyin pul evaziga qaytarish uchun o‘g‘irlashadi.

O‘tgan yil dekabrida Katsina shtatida jangarilar 300dan oshiq bolani garovga olishgandi. Bu o‘g‘rilik ortida «Boko Haram» guruhi turgani haqida ham taxminlar yangragan, ammo bu guruh butunlay boshqa shtatlarda - Nigeriya g‘arbidan yuzlab kilometrlar masofada, sharqda harakatlanadi.
O‘shanda bu o‘g‘rilikka «Boko Haram» aloqadorligi tasdiqlanmagan, muzokaralardan keyin bolalarni qo‘yib yuborishgandi.
Nigeriyada maktab o‘quvchilarini nega o‘g‘irlashadi?
BBC korrespondenti Meyoni Jons
Jangarilar Nigeriya shimolidagi maktablardan bolalarni o‘g‘irlashi bilan bog‘liq har bir yangi holat 2014 yilda Chibokeda «Boko Haram» tomonidan yuzlab qizlar o‘g‘irlangani voqeasini yodga soladi.
Bunday hujumlar avval ham kuzatilgan, ammo bu holatlar shov-shuv bo‘lmagan va ularning hech birida qizlar olib ketilmagandi.
Ammo #BringBackOurGirls (Qizlarimizni qaytaring) kampaniyasi butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgach, qurollangan guruhlar bolalarni o‘g‘irlash hukumatga bosim o‘tkazish yoki qaytarib berish evaziga pul talab qilish uchun eng yaxshi vosita ekanini bilib qolishgan, garchi buni hukumat rad etsa-da.
Aftidan, hukumatda bunday holatlarning oldini olish uchun aniq strategiya yo‘q.
To‘g‘ri, ikki hafta muqaddam Zamfar shtati qonunshunoslari odam o‘g‘rilarini odamlarni qaytarish evaziga amnistiya qilish va moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha taklif berishgandi.
Bu bahsli strategiya hisoblanadi, ammo shunday amaliyot Niger deltasida ijobiy natijalar bergan, bu yerda shu kabi amnistiyalar qo‘llanishi tufayli 2009 yilda jinoyatchilik darajasi pasaygandi.
Hukumat hozircha jinoyatchilar bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini ma'lum qilishgan.
Qayd etish kerakki, hozirda Nigeriya shimolidagi qishloqlardagi maktablar har qachongidan ko‘ra zaifroq muhofazalangan.
Mavzuga oid
10:29 / 29.03.2025
Nigeriyalik usta kartondan Lamborghini yasadi
18:10 / 20.02.2025
Niderlandiya XV-XIX asrlarga tegishli artefaktlarni Nigeriyaga qaytaradi
13:23 / 27.01.2025
Nigeriya biznesi O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda
01:47 / 19.01.2025