O‘zbekiston | 23:01 / 01.03.2021
12280
4 daqiqa o‘qiladi

«Sardoba» halokatidan yetarlicha xulosa qilganmiz» - suv xo‘jaligi vaziri

«Sardoba» halokati hammamizga katta saboq bo‘ldi. Biz undan yetarlicha xulosa qilganmiz», dedi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev.

1 mart kuni Qurilish vazirligida «Sardoba suv ombori»ni qayta tiklash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev texnogen ofatdan «saboq chiqarilgani» haqida gapirdi.

«Sardoba» halokati hammamizga katta saboq bo‘ldi. Biz undan yetarlicha xulosa qilganmiz.

Shu falokatdan keyin to‘rtta nufuzli ishchi guruh tuzildi va respublikadagi gidrotexnik inshootlarning barchasi qayta ko‘rib chiqildi. Bu o‘rganishlar natijasi bilan yaqin orada Vazirlar Mahkamasining qarori chiqishi kutilyapti», – dedi vazir.

Arxiv foto: Kun.uz

Shavkat Hamroyev «Sardoba» suv ombori aslida nima uchun qurilgani haqida to‘xtaldi.

«Bu suv ombori 142,6 ming gektar maydonni egallagan. Unda to‘plangan jami suv esa 396,4 ming gektar maydonda suv ta'minotini yaxshiladi.

Solishtirish uchun, avvallari bu hududlarda ko‘p yillik suv ta'minoti o‘rtacha 69 foizni tashkil qilgan. Suv kam bo‘lgan yillarda esa hatto 60 foizga ham yetmasdi. Loyiha natijasida esa suv ta'minoti 92-93 foizga yetdi.

Bilasiz, transchegaraviy daryolar bo‘yicha xalqaro masalalar bor.

O‘zbekiston o‘zining energetik ehtiyojlarini ta'minlash uchun Qirg‘izistondan qish faslida suv chiqaradi. Bu jarayonda albatta, bizga me'yoridan ko‘proq ham suv o‘tib ketadi. Bu juda katta suv degani.

Agar suv ta'minoti og‘ir hududlarda suv omborlari qurilsa, mana shu suvlarni ushlab qolish hamda uni yozda ishlatish mumkin edi.

Bilasizlar, O‘zbekistonning suv imkoniyatlari o‘ta cheklangan. Jumladan, Sovet ittifoqi davrida foydalanishimiz uchun 64 mlrd metr kub suv belgilangan bo‘lsa, 1991-2000 yillarda 51-52 mlrd metr kub olganmiz.

Shuningdek, «Sardoba» qurilishigacha bo‘lgan davrda biz suv uchun bir nechta Sardobaga ketadigan pullarni ishlatdik.

Keyinroq biz o‘ylay boshladik: qanday qilib katta xarajatlar qilmasdan qishda oqadigan suvni saqlab qolish mumkin? Ko‘plab maslahatlashuvlar natijasida O‘zbekistonda jami 20ta suv ombori qurish rejalangandi. Ammo ulardan faqat 3-4tasiga qaror chiqarildi.

Rejadagi suv omborlarining eng samaralisi deb «Sardoba» suv ombori topildi. Uning qurilishi bo‘yicha esa 2010 yilga kelib hukumat qarori chiqarildi», – deydi Hamroyev.

Suv xo‘jaligi vaziriga ko‘ra, suv ombori falokatiga 1 yil to‘ladigan 1 may kuniga qadar ombordagi qayta to‘planayotgan suv miqdori 350 million metr kubga yetkaziladi.

«Biz 2021 yilning 1 mayigacha ombordagi suvni 350 million metr kubga yetkazamiz. Hozir Sardobada 230 million metr kub suv to‘plandi. Bu esa o‘tgan yilgiga yaqin suv degani», – dedi Shavkat Hamroyev.

Mavzuga oid