O‘zbekiston | 18:42 / 02.03.2021
5642
3 daqiqa o‘qiladi

Antimonopoliya qo‘mitasining Xorazm viloyati boshqarmasi Urganchdagi avtomobillar texnik ko‘rigi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma'lumot berdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi «Urganchdagi manfaatlar to‘qnashuvi: avtomobillar texnik ko‘rigini IIV YHXB mansabdoriga aloqador firma amalga oshirmoqda» maqolasi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

«O‘rganish davomida «AVTO TRANS SER» MChJ transport vositalarining texnik holatini tekshirish uchun tegishli guvohnoma olgani, xizmat narxini 50 ming so‘m qilib tasdiqlanishi bo‘yicha Urganch shahar hokimligiga hamda Urganch shahar moliya bo‘limiga murojaat qilingani, ammo moliya bo‘limi tomonidan xizmat narxini belgilashda vakolati yo‘qligi bildirilgani sababli jamiyat ta'sischilari bilan kelishilgan holda, amalga oshirilgan xarajatlardan kelib chiqib, 65 ming so‘m qilib belgilangani aniqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 dekabrdagi 1010-sonli qarori 5-bandida jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarining texnik holatini tekshirish bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari — yuridik shaxslarning xizmatlari uchun viloyat hokimligi tomonidan hududiy moliya organi bilan kelishgan holda to‘lovning cheklangan miqdori tasdiqlanishi belgilangan.

Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, transport vositalari DYHXX organlari tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi uchun Ichki ishlar vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan miqdorlarda yig‘im undirilishi;

transport vositasi texnik holatini tekshirish xizmatlari uchun mazkur xizmatni ko‘rsatadigan sub'yekt tomonidan tasdiqlangan, biroq viloyat hokimi tomonidan viloyat moliya bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda belgilangan cheklangan miqdordan oshmaydigan tarif bo‘yicha haq to‘lanishi belgilangan.

Shuningdek, o‘rganishda viloyat hududida ushbu xizmat bilan shug‘ullanuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan (ruxsatnomaga ega bo‘lgan) 9 ta sub'yekt faoliyat olib borayotgani ma'lum bo‘lgan.

Xorazm viloyati Moliya bosh boshqarmasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda yoritilayotgan, aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan holatlarni bartaraf etish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarining texnik holatini tekshirish xizmati bo‘yicha to‘lovning cheklangan miqdorini tasdiqlash uchun viloyat hokimligiga qaror loyihasini kiritish ishlari olib borilmoqda.

Shu sababli viloyat hokimligi tomonidan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarining texnik holatini tekshirish xizmati bo‘yicha to‘lovning cheklangan miqdori tasdiqlanganidan keyin qo‘shimcha ravishda ma'lumot beriladi», - deyiladi Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotda.

Mavzuga oid