O‘zbekiston | 17:46 / 03.03.2021
6359
4 daqiqa o‘qiladi

Chegarada ekspress test tekshiruvlarini tashkil etuvchi kompaniyalar uchun tanlov e’lon qilindi

Avvalroq, ushbu xizmat bilan SSV huzurida tashkil etilgan Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi sobiq direktori Bahrom Almatovga aloqador kompaniya shug‘ullanayotgani haqida xabar berilgandi.

Bir qator vakolatli tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasiga kirib keluvchi shaxslarga arzon va sifatli koronavirusga antigen ekspress test tekshiruvlarini tashkil etish maqsadida tanlov asosida, jamoatchilikka e’lon bergan holda laboratoriyalarni qayta jalb etish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Bunga Respublika chegara o‘tkazish punktlarida koronavirusga antigen ekspress test tekshiruvlarini o‘tkazish yuzasidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotgani sabab bo‘lgani aytiladi. 

Ma’lum qilinishicha, koronavirusga antigen ekspress test tekshiruvlarni o‘tkazish uchun laboratoriyalarni jalb qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovning aniq talablarini ishlab chiqish va ommaviy axborot vositalariga joylashtirish, chegara o‘tkazish punktlarida laboratoriyalar faoliyati ochiq raqobat tamoyili asosida tashkil etilishi, chegara o‘tkazish punkti orqali kirib keluvchilar soni besh yuz nafardan ortiq bo‘lgan punktlarda laboratoriyalar kamida 2ta bo‘lishi hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar narxlari arzon va sifatli bo‘lishini ta’minlash vazifasi maxsus komissiya tomonidan belgilangan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabariga ko‘ra, koronavirusga antigen ekspress test tekshiruvlarini o‘tkazish xizmatini ochiq raqobat tamoyili asosida tashkil etish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Transport vazirligi va «Uzbekistan airports» AJ bilan birgalikda yangi tanlov hujjatlari ishlab chiqildi. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida teng raqobat muhitini yaratishga qaratilgan shartlar asosida O‘zbekiston Respublikasi aeroportlari tomonidan yangi tanlovlar e’lon qilindi.

Ayni paytda davlat xaridlari portalida 6ta tanlov e’lon qilingan.

«Shuningdek, yaqin kunlarda Toshkent va Urganch aeroportlarida tadbirkorlik sub’yektlari orasida teng raqobat muhitini yaratishga qaratilgan shartlar asosida tanlov e’lon qilinishi rejalashtirilgan», – deyiladi qo‘mita xabarida.

Ta’kidlanishicha, ushbu xizmat turlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega tadbirkorlik sub’yektlari tanlovda teng shartlar asosida ishtirok etishlari mumkin.

2020 yil 25 dekabrdan boshlab O‘zbekistonga koronavirus hamda uning yangi shtammi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida xorijdan keluvchi barcha shaxslar o‘z hisobidan chegara punkti hududida koronavirusga ekspress test olish tartibi joriy qilingandi.

Toshkent xalqaro aeroportining «Tibbiyot dunyosi» MChJ bilan imzolagan shartnomasiga ko‘ra, test tahlillarini olish vakolati ushbu korxonaga berilgan va yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya direktori o‘rinbosari esa jamoatchilikka tanish Bahrom Almatov hisoblanadi.

Bahrom Almatov 2019 yilning sentabrida SSV huzurida tashkil etilgan Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktori – O‘zbekistonning Bosh davlat sanitariya vrachi etib tayinlangan edi. 2020 yil aprelida esa u agentlik direktorining o‘rinbosari lavozimini egallagandi. Ushbu agentlik tashkil etilganidan bir yil o‘tib tugatilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid