Jamiyat | 17:36 / 03.03.2021
4852
2 daqiqa o‘qiladi

«Vaqf» fondi: Koronavirus sabab vafot etgan imom-noibning oilasiga uy hadya qilindi

Foto: vaqf.uz

«Vaqf» xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo qori Abdurahmonov 1-2 mart kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, bir nechta xayriya tadbirlarini o‘tkazdi. Bu haqda fond matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qo‘ng‘irot tumani «Hakim Sulaymon» jome masjidi imom-noibi sifatida faoliyat yuritgan, pandemiya davrida koronavirus sabab vafot etgan Mahammad-Ali qori Mamutovning oila a'zolari – ayoli va uch nafar voyaga yetmagan go‘dak farzandlariga Nukus shahridagi yangi ko‘p qavatli uylardan 3 xonali xonadon homiylarni jalb qilgan holda hadya qilindi.

«Alloh taolo bizni og‘ir musibat bilan sinadi. Uchta go‘dak yetimlarim bilan ijarada, nima qilishga hayron bo‘lib, mahzunlikda yashardim. Ammo Allohdan takror va takror yolvorib so‘radim, umid qildim. Shukrlar bo‘lsinki, o‘zim kutmagan vaqtda, «Vaqf» fondi tomonidan bugun bizga Nukus shahri markazidan tayyor, uy-ro‘zg‘or buyumlari va mebellari bilan 3 xonali yangi xonadon hadya qilindi.

Buning uchun fond rahbar-xodimlariga, xayriya qilgan insonlarga rahmat deyman. Inshaalloh, farzandlarimni ham huddi otasi kabi dinga, xalqqa, vatanga xizmat qiladigan inson bo‘lib ulg‘ayishiga harakat qilaman», – dedi marhum imom-noibning ayoli.

Fond xabarida ushbu xayrli tadbirda xizmati va saxovati bilan ishtirok etgan barcha saxiy insonlarga tashakkur bildirilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid